“Nafis g‘unchalar” to‘garagi a’zolari ijodidan
Qator yillardan buyon “Sog‘lom avlod” gazetasi qoshida ijodkor yoshlarning “Nafis g‘unchalar” to‘garagi faoliyat yuritadi. Sahifamiz orqali to‘garak a’zolarining ijod na’munalarini havola etamiz.
Har kim ekkanini o‘radi
Bugungi ota-onalar majlisi har galgisidan boshqacha o‘tdi. Nega deysizmi? Keling, yaxshisi bir boshdan gapirib beraqolay.
Uch nafar sinfdoshimiz – Zokir, Husniddin, Ahror ba’zi darslarga daftar-kitobsiz keladigan odat chiqardi. Sinf rahbarimizning bir necha bor tanbeh berishiga qaramay, ular bu odatiga sodiq qoldi. Shunda o‘qutuvchimiz zudlik bilan navbatdan tashqari ota-onalar yig‘ilishi kunini belgilab, har bir o‘quvchini ham otasi, ham onasi bilan birga yig‘ilishda ishtirok etishi lozimligini aytdi. Ustozimiz o‘quvchilik burchiga sodiq qolmagan haligi uch nafar sinfdoshlarimizning ota-onasini o‘zi alohida yig‘ilishga taklif qilgani bois, ular hammadan oldin sinfga kirib kelishdi. Majlis qatnashchilarining har biriga farzandining xulq-atvori, o‘zlashtirishi borasida aytib o‘tgan o‘qituvchimiz Muhtabar To‘laganova o‘z navbatida ota-onalarning ham fikrini obdon tingladi. Ustozimizning so‘nggi so‘zlari nafaqat biz o‘quvchilarni, balki ota-onalarni ham chuqur o‘yga toldirdi.
– Qadrli ota-onalar sizlar tun-u kun tinmay mehnat qilib, bolalaringizning qorni to‘q, usti but bo‘lishi uchun zahmat chekasiz. Ammo farzandingizning ko‘nglini topib, u bilan dildan suhbat qurishni unutib qo‘yasiz. Agar hozir sizdan bolangiz bilan qachon birga o‘tirib o‘qigan kitobi haqida so‘zlab berishini so‘radingiz yoki uning uchun qadrli bo‘lgan biron-bir kasb haqida qiziqishlarini o‘rgandingiz, deb so‘rasam tabiiyki, ko‘pchiligingiz javob topolmay qiynalasiz. Bugun men hech biringizning farzandingiz haqida shikoyat qilmadim, chunki “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deydi dono xalqimiz. Bu borada xulosa chiqarish o‘zlaringizdan.
Yig‘ilish tugab hamma uy-uyiga tarqaldi. Ertasi kuni darsga kelib birinchi ko‘rgan narsam haligi quloqsiz sinfdoshlarimning sumkalari kitob-daftarlarga to‘lib qolgani-yu, dars davomida ularning yanada faollashgani bo‘ldi.
Nozima MURODOVA,
poytaxtimizdagi 40-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi
Onamga atalgan gullar
Bugun onajonimning tug‘ilgan kuni. U oq va qizil atirgullarni xush ko‘radi. Shu bois erta tongdanoq o‘rnimdan turib, hech kimga bildirmasdan gul do‘koniga yo‘l oldim. Rasta ustida qator qilib terib qo‘yilgan guldastalar ko‘zni quvontiradi. Ularning nafis ifori dimoqqa xush yoqadi. Mana, oyijonim yoqtiradigan tabiatning ajib mo‘jizasi – atirgullar.
Sotuvchi amakidan oq va qizil rangidan aralashtirib guldasta yasab berishini iltimos qildim. U miyig‘ida jilmayib ishga kirishdi. Dastlab uzunroq qirqilgan bir juft oq atirgulni olib yoniga xuddi shunday uzunlikdagi ikki dona qizil atirgulni qo‘yar ekan, ularni juda avaylab bir-biriga juftlashtirdi.
– Ehtiyot bo‘lmasak, tanasidagi tikoni bir-birini shikastlab qo‘yishi mumkin. Endi atrofiga bir dona oq va bir donadan qizil tuslisini terib chiqamiz. Gullar ham xuddi odamlarga o‘xshaydi. Ular ham o‘ziga xos e’zozning, shirin so‘zning shaydosi bo‘ladi, – deya ta’kidlar ekan, menga qarab – gullarni payhon qilish, ularni bosib-yanchib o‘tish yaxshi emas, – deya qo‘shib qo‘ydi. Ko‘zni yashnatuvchi nafis guldastani xarid qildim-u sotuvchi amakiga qayta-qayta minnatdorlik bildirib uyga yugurdim.
Har galgidek oshxonada biz uchun nonushta tayyorlash bahonasida kuymalanib yurgan oyijonimga qo‘limdagi guldastani uzatdim. Nigohlari quvonchdan porlab ketgan volidamning bir qo‘lida guldasta, bir qo‘li bilan meni qaynoq bag‘riga bosib peshonamdan o‘par ekan, shu paytda sotuvchi amakining – gullar ham e’zozga muhtoj bo‘ladi, – degan so‘zlarining mag‘zini chaqqanday bo‘ldim.
Abbos G‘ANIYEV,
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyning II bosqich o‘quvchisi
Sho‘x sinfdoshga saboq
Juda qaysar, juda sho‘x,
Sinfimizda bir bola.
“Ha” deb dakki eshitar,
Shumligiga yo‘q chora.
Ismining bosh harfini,
Partasiga o‘yibdi.
Yoniga laqabini,
“Bek” ham deya qo‘yibdi.
Devoriy gazetaga,
Qiliqlarin etdik fosh.
Ko‘rib sinf oynasin,
Xatosin bildi bebosh.
Maqtanchoq edi biram,
O‘zin ko‘z-ko‘z qilardi.
Bugun u do‘stlarining
Oldida xo‘p uyaldi.
Madina NE’MATOVA,
Toshkent shahridagi 65-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi
Fizika darsida
Fizikani bolalar
Juda sevib o‘qiydi.
Ammo, bizning Sobirjon
Dars qilmay gap to‘qiydi.
Har gal yangi bahona
O‘ylab topib, tolmaydi.
Vazifani bajarmas,
Lek o‘yindan qolmaydi.
Kundaligin varag‘in,
Ikki baho bezadi.
Endi Sobirjon o‘zin,
Qoloqligin sezadi.
Adolat AMINBOYEVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 37-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi
Futbol maydonida
Juma kuni peshinda,
Chiqqan edim ko‘chaga.
Biroz o‘yin o‘ynay deb,
Yo‘l oldim maydonchaga.
Urildi oyog‘imga
Uchib kelib katta to‘p.
Bundan juda sevindim,
Gol uraman endi xo‘p.
Darvozani mo‘ljallab,
Tepgan edim shu zamon.
Darvozabon qaytardi,
Alisher epchil hamon.
– Oshirmaysanmi menga,
Essiz, gol urar edim.
Yutqazamiz endi biz,
Men, – yo‘q, yengamiz dedim.
Abjir, chaqqon bo‘lishib,
Ahil, xushyor, to‘p surdik.
Raqib urdi to‘rtta gol,
Biz ham to‘rtta gol urdik.
Mo‘minjon TO‘LQINOV,
poytaxtimizdagi 178-umumta’lim maktab o‘quvchisi
Oymomo
Tunning shamchirog‘i ko‘kda to‘lin oy,
Bugun to‘lishibdi samo ko‘ksida.
Sokin oqar edi suvlar jilvakor,
Soyga nigoh solsang oyning aksida.
Oymomo, yulduzlar suhbat quradi,
Shivirin eshitib sukutda tog‘lar.
Daraxtlar bir shirin xayol suradi,
Nurga cho‘lg‘onadi dala, chorbog‘lar.
Mahbuba QO‘LDOSHEVA,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Uchtepa akademik litseyi o‘quvchisi
Chorlar bahor havosi
Tarixing juda qadim,
Shon-shavkatga erur kon.
Kundan-kunga yashnaysan
Vatanim O‘zbekiston.
Bog‘laring kezib shodon,
Gullar mehrin qozondim.
Bulbullar vasfin tinglab,
Shod bo‘ldim tong-azondin.
Senga mehrim behisob,
Hur ko‘nglimning navosi.
Ana, vaslingdan sarhush
Yurtim, bahor havosi.
Lobar MAHMUDMURODOVA,
Sergeli tumanidagi 277-mumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi
Hayot zavqini suring
Hayot zavqini suring,
Bulbullar sayraganda.
Yomg‘ir yog‘ib yam-yashil,
Maysalar yayraganda.
Hayot zavqini suring,
Quyosh kulib boqqanda.
Quvnoq, shodon, sharqirab,
Soylar to‘lib oqqanda.
Hayot zavqini suring,
Nur to‘lsa gulistonga.
Kapalaklar qanoti,
Yetgach bog‘u bo‘stonga.
Yulduz SHERALIYEVA,
poytaxtimizdagi 285-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi
Bolali uyda sir yotmas
Mehmon kutishga taraddud ko‘rayotgandik. Bunday paytda tabiiyki, bolalar tuzatilgan dasturxon atrofida “parvona” bo‘lishadi.
Uch yashar qizim – shokoladli paxlavadan bitta bering, boshqa so‘ramayman, – dedi oldimga kelib.
– Mayli bitta beraman. Mehmonlar ketgach, xohlaganingcha yeyishing mumkin, – dedim.
Mehmonlar kelishgach, qizim eshikdan sekin bir-bir mo‘ralab ketardi. Mehmonlardan biri qizimni yoniga chaqirib, tizzasiga oldi.
Biron narsa yeysanmi, desa qizim “yo‘q” deb boshini sarak-sarak qildi.
– Mana bu paxlavani kim tayyorladi? Qani bir baho beraylik-chi, deb mehmonlardan biri qo‘l cho‘zdi. Shunda qizimni ikki yonog‘i qizarib, – boshqasini yeya qoling, buni men sizlar ketgach yemoqchiydim, desa bo‘ladimi?
O‘shanda, kulgudan mehmonlar o‘zlarini anchagacha to‘xtatisha olishmagandi.
Bolali uyda sir yotmas, deb shuni aytishar ekanda.
Nilufar SAPAYEVA