Bola va telereklama
Katta yoshli odam turli mavzudagi reklama va e’lonlarni ko‘rib, uning qay biri rost va qay biri yolg‘on ekanligini ajrata oladi. Bolalarni esa, juda ishonuvchan bo‘lganliklari bois musiqali, rang-barang va ayniqsa hayvonlar ishtirokidagi reklamalar batamom maftun qilib qo‘yadi.
Tashqaridan qaraganda, go‘dak voyaga yetguncha har bir ishni uning o‘rniga ota-onasi hal qiladi. Aslida esa bolalar, aytaylik biron o‘yinchoq yoki shirinlikni aynan o‘zlari tanlashadi, hatto o‘z istaklari bilan kattalarga ham ta’sir o‘tkazishadi. Tabiiyki, ularning hoxish-istagi ko‘pincha reklama roliklarini ko‘rish orqali hosil bo‘ladi. Buni allaqachon tushunib yetgan mahsulot ishlab chiqaruvchilar, bolalarni eng qulay tomoshabin sifatida tan olib, bundan unumli foydalanishadi. Ko‘p vaqtini televizor qarshisida o‘tkazadigan bolalar boshqa, ko‘proq jismoniy o‘yinlar bilan shug‘ullanadigan tengdoshlariga nisbatan o‘ta ta’sirchan va ishonuvchan bo‘lishi ilmiy jihatdan isbotlangan.
Reklama bolalar va o‘smirlar ruhiyatiga qanday ta’sir o‘tkazadi?
Reklamani ko‘p ko‘rish natijasida bolada yangi talab va istaklar paydo bo‘ladi. Masalan, avvallari nonushta va tushlik o‘rtasida hech narsa yemagan bola endi orada shokolad yoki boshqa shirinliklarni “tamaddi”qilish lozimligini talab qiladi.
Avvallari bola velosiped uchishni xush ko‘rardi, turli o‘yinchoqlarni soatlab, zo‘r qiziqish bilan o‘ynab o‘tirardi. Endi esa u yangi-yangi video o‘yinlar olib berishni talab qila boshladi. Organizm uchun foydali bo‘lgan quruq hamda xo‘l mevalar o‘rnini katta pufak qilib shishirsa bo‘ladigan, ichidan “mo‘jizali” suratlar chiqadigan saqichlar, yangi siqilgan meva sharbatining o‘rnini esa “kola” va “fanta”lar egallaydi.
Xo‘sh, nima qilish kerak?
Bola qiziqarli ko‘rsatuv yoki multfilm ko‘rayotgan bo‘lsa, reklama tanaffusi paytida televizorni o‘chirib turish yoki tovushini pasaytirib qo‘yish kerak. Asta-sekin uning o‘zida shunday ko‘nikma hosil bo‘ladi.
Bola ruhiyatida reklamaga nisbatan tanqidiy munosabat bildira olish qobiliyati shakllanishiga yordam berish kerak. U bilan birga reklama qahramonlari ustidan hazil qilib turish lozimki, bola reklamani jiddiy qabul qilmaslikka o‘rgansin;
Bolani reklama tasviri va real hayot o‘rtasidagi farqni solishtira bilishga o‘rgating. Agarda farzandingiz bir zumda tayyor bo‘ladigan taomlarga havasi kelib, yeyishni istab qolsa, ushbu taomning tayyorlanishi, tarkibini o‘qib bering va oynai jahonda namoyish etilgan “ishtahali” reklamalar aktyorlar yordamida sahnalashtirilishini tushuntiring.
Xullas, qanday qilib bo‘lmasin, farzandingizning reklama “quliga” aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymang! U bilan ko‘proq ongni o‘stiruvchi, nutqni rivojlantiruvchi hamda xotirani mustahkamlovchi turli o‘yinlar o‘ynang. Bundan tashqari, bola iste’mol qilayotgan taom va ichimliklar reklama qilingan bo‘lishi shart emas, eng asosiysi u tabiiy va foydali mahsulotlardan tashkil topsin!
Natalya GUDKOVA,
psixolog