Mahorat darsi: u yoshlarni g‘alabalar sari undaydi

Yoshlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarishda sportning o‘rni beqiyos. Jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullangan o‘g‘il-qizlarda, avvalo, o‘z ustida ishlash, mustaqil fikrlash, maqsad sari dadil intilish ko‘nikmasi shakllanadi. Ayniqsa, farzandlarimizning kichik yoshdan sportga do‘st tutingani, ularning ta’lim-tarbiyasi uchun g‘oyat muhimdir.

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida yaratilayotgan ulkan imkoniyatlardan samarali foydalanib, sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlar safi tobora kengayib bormoqda. Bunda zamonaviy sport majmualari yoshlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk etib tarbiyalash, ularning jahon sporti maydonlarida yuksak marralarni egallashga qodir avlod bo‘lib shakllanishida muhim omildir.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Kortografiya va geodeziya kollejining sport zalida Den-to Fudokan karate-do Toshkent shahar federatsiyasi tashbbusi bilan yaponiyalik qora belbog‘ sohibi, 73 yoshli Tanaka Takenori ishtirokida master klass tashkil etildi.

– Shogirdlarimiz sog‘lom voyaga yetishi barobarida mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda muntazam sovrinli o‘rinlarni egallab kelayotgani, bizning yutug‘imizdir, – deydi karate-do bo‘yicha 7 marta respublika chempioni, murabbiy Rustam Bekmurodov. – Hozirda 300 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz mashg‘ulotlarimizga qatnashmoqda. O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston kubogida ishtirok etib, jamoaviy bahslarda birinchilikni qo‘lga kiritdik.

Ushbu o‘quv mashg‘ulotida tajribasini oshirayotgan yosh sportchilarning g‘alabalari ham mutaxassislar tomonidan yuqori baholanayotir. Yaponiyalik Tanaka Takenori mohir sportchilarni tayyorlashda jismoniy ko‘nikmalarni shakllantirish bilan birga, ularning ma’naviy dunyosi va ruhiyatini boyitishga ham alohida e’tibor qaratish zarur, deb hisoblaydi. Ham jismoniy, ham ma’naviy shakllangan sportchigina yuksak cho‘qqilarni zabt etishga qodir bo‘ladi.

– Hozirda 12 yoshdaman. Fudokan karate-do bilan shug‘ullana boshlaganimga ikki yildan oshdi. Shu qisqa davr ichida mahoratim oshib, tuman maktablari o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelyapman, – deydi Mirhabib Sayfullayev. – Kelajakda mohir sportchi bo‘lib, respublika, jahon chempionatlari, olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tarishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

Yaponiyalik mohir sportchining samimiy suhbati, savollarga qisqa va aniq javob berishi, karatening sir-asrorlarini mashg‘ulot davomida tushuntirishi yoshlarga katta maktab vazifasini o‘tadi.

Navro‘z NORBOBOYEV

Yana o‘qing:  Chiqindidan eksportbop mahsulot yoxud “ish bilganga ming tanga” naqlining hayotiyligi xususida

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: