Temurbekning bolaligi
Har birimiz ham Amir Temur va Temuriylar davri haqida o‘qib-o‘rganib, kengroq bilimga ega bo‘lishni istaymiz, ammo manbalar shu qadar ko‘pki, ulardan qay birini o‘qishni bilmay goho boshimiz qotadi. Ulug‘ sarkarda bolaligi qanday o‘tgan? Uning dunyoni lol qoldirgan tadbirlari kichkinaligidan bo‘y ko‘rsatganmidi? Shu kabi savollar yurtdoshlarimizni doimo qiziqtirib kelgan. Xo‘sh, Amir Temur bolaligida qanday fazilatlar egasi bo‘lgan?
Ma’lumotlar ozmi?
Amir Temurning bolalik va o‘smirlik yillari haqida ma’lumotlar oz, deyishadi. Aslida bunday emas: agar u to‘g‘risida yozilgan behisob asarlarni sinchiklab qarasak, ko‘pdan-ko‘p qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Ular orqali buyuk Sohibqironning yoshlikda qanday ta’lim-tarbiya olgani-yu, fikri-zikrini nimalarga qaratganini bilib olishimiz mumkin. Dunyoning daho insonlaridan biri sanalgan Temurbek haqida so‘z yuritar ekanmiz, uning asl siymosini yaratish uchun bolalik va o‘smirlik davrlarini chuqurroq o‘rganib, tahlil etish zarur, deb hisoblaymiz. Boisi, uning yoshlik yillari haqida bir-biridan qiziqarli, jiddiy va arzirli voqea, afsona, rivoyatlar bilan birga bir-birini inkor etuvchi, qarama-qarshi, ziddiyatli hikoyatlar ham anchagina. Masalan, ularning birida Temurbek tug‘ilgan kecha Hisor tog‘lari qattiq silkinib, zilzila ro‘y bergani-yu, dahshatli bo‘ron turgani haqida rivoyat qilinadi.
Donolar bu voqeani sharhlarkan, dunyoga hukmronlik qiluvchi sharofatli zotning tug‘ilishi haqida so‘z yuritadi. Ibn Arabshoh esa Temurbek tug‘ilgan kechasi osmonda temir qalpoqchaga o‘xshash qandaydir uchar jismning paydo bo‘lgani va uning yerga qulab, sochilib ketgani, chor-atrofga cho‘g‘ va uchqunlar sachragani haqidagi rivoyatni keltiradi. Bil’aks, ilgari paytlarda Amir Temur haqida to‘g‘ri ma’lumotlarning ozligi bois bunday cho‘pchaklar tez bolalab ketib, turli teskari rivoyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan edi. Bugunga kelib esa qo‘limizda shunchalar ko‘p asl manbalar borki, ular orqali o‘quvchilarimizga buyuk Sohibqiron haqida yetarlicha ma’lumotlar berish imkoniyatiga egamiz.
Temurbek necha yoshda maktabga borgan?
Uning o‘zi “Zafar yo‘li” kitobida shunday yozadi:
“Yetti yoshga to‘lganimda, meni madrasaga topshirishdi va qo‘limga alifboni tutqazishdi; men o‘qiy boshladim va erishgan muvaffaqiyatlarimdan g‘oyat sevinchga to‘ldim”.
Hofiz Obro‘ “Zubdat ut-tavorix” asarida Temurbek maktabning a’lochisi bo‘lgani haqida yozadi.
“Amir Sohibqiron maktabda o‘z tengqurlaridan saboqda o‘zib ketardi. Balog‘at yoshiga yetguncha ilm, adab, xat va suxanvorlik kasb etdi. Undagi teran bilim shijoatga payvand bo‘ldi va shundan so‘ng amirlik mansabini egalladi”.
Mehmondorchilikda
Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarida ahamiyatga molik shunday voqea mavjudki, u bizga Temurbekning yoshlikdan zehni o‘tkir bola bo‘lganini isbot etadi.
“Deydilarki, Sohibqiron yetti yoshligida otasi bilan bir qarindoshinikiga bordi. Ul kishi badavlat, nufuzli zot bo‘lib, farovon kun kechirardi. Uning yetmishta turk va hind quli bor edi. O‘sha kishi Sohibqironning otasiga shikoyat qildi: “Xudo menga molu davlat berdi, lekin uni saqlashga tamom ojizman. Qullarimiz sabr-toqatli emaslar, farzandlarim esa salohiyatsiz. Shu sababdan molu dunyomga nuqson yetmasa deb qo‘rqaman”.
Sohibqiron gapga aralashdi va dedi: “Ey ota, farzandlaringizga molu mollaringizdan bo‘lib bering va ularni molu mulkingizga doxil qilingkim, ular o‘zlari bilan o‘zlari ovora bo‘lsinlar… Har uch qulni ulardan aqlliroq qulning ixtiyoriga topshiring. Ularga yetti qulni amir qiling. Keyin yetmish qulga bosh bo‘lgan ana shu yettita qulni bir-biriga ta’zimga va tashrifga buyuring. Ularni ko‘zdan qochirmang, chunki ular bir-birlari bilan ko‘p gaplashishlari mumkin”.
Mezbon darhol Amir Tarag‘ayga: “Aqlli gaplaridan ko‘rinadiki, farzanding jahonga podshoh bo‘lishga loyiq“, dedi va zudlik bilan qalam va siyohdon keltirib, Temurbek mabodo taxtga o‘tirsa, uning farzandlari, zurriyodi va yaqinlaridan xiroj olmaslikni, ularning gunohlaridan o‘tishni, qavmi tarxon qilinishini yozdirib oldi.
Davlatshoh Samarqandiydan o‘qiymiz: “Ul qavm to shu zamongacha Turkiston diyorida tarxondurlar”.
Aqlu idrok
Temurbekning xotirasi shunchalik kuchli ediki, bir o‘qiganini darhol eslab qolardi. O‘sha yillarda Arastu, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Muso Xorazmiy, Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Rumiy asarlari bilan bir qatorda ozarbayjonlik Mahmud Shabistariyning “Gulshani roz” (“Sirlar gulshani”) g‘azallarini ham yod olgan edi. Oradan yillar o‘tib, Ozarbayjonni To‘xtamishning hujumlaridan himoya qilishga borganda, “Shabistar” degan qishloqqa duch keladi va manzilning nomi unga shoirni va uning kitobini eslatadi. So‘rab bilsalar, kitob muallifi shu qishloqda yashab o‘tgan ekan. Qishloq ahli Temurbekka uning qarovsiz qabrini ko‘rsatadilar. Sohibqiron hazratlari bu yerda mo‘jaz maqbara tiklashni, vaqf yeridan tushadigan daromadlar hisobiga katta bog‘ barpo etishni va shoir qabrini obod ziyoratgohga aylantirishni buyuradi hamda qishloq ahlini tezda ro‘yxatga olishni so‘raydi. Qishloqning o‘n besh yoshdan yuqori bo‘lgan aholisi soni 3891 nafar ekan. Ularning har biriga besh misqoldan oltin ulashiladi. Bu 20 kilo oltin demakdir. Buyuk Sohibqiron hazratlari shoirga ana shunday yuqori darajada himmat ko‘rsatadi.
To‘qqiz yoshda
Temurbek to‘qqiz yoshga to‘lganda, otasi Muhammad Tarag‘ay shaharning ko‘zga ko‘ringan bilimdon kishilarini to‘plab, o‘g‘lini imtihondan o‘tkazadi, eskicha aytganda, xatmi Qur’on qiladi. Nigohlari o‘tkir, ziyrak Temurbek boshini quyi egib, ostonada odob bilan cho‘kkalab o‘tiradi. Pirlari bo‘lmish Shamsiddin Kulol hazratlari mamnun kulimsirab, uni savolga tutadi:
– Eng yaxshi o‘ltirish qanday, bekzoda?
– Temurbek odob bilan:
– Tiz cho‘kib o‘ltirishni eng yaxshi hisoblarmen, ustoz! – deya javob qiladi.
– Nechun?
– Sajdaga borganda, shunday o‘ltiradilar! – deydi u.
Shamsiddin Kulol, boshqalar ham uning dono javobidan qoniqish hosil qilib, unga tasanno aytadilar. So‘ngra Qur’oni Karimdan savol-javoblar boshlanadi. Temurbek barcha savollarga hech bir xatosiz to‘la javob qaytaradi. Qur’on suralarini qonun-qoidalarga rioya qilib, qiroat bilan tilovat qilganda, uning jarangdor va jozibador ovozi hammani mahliyo etadi. Marosimda qatnashganlar uning iste’dodiga tahsinlar o‘qiydilar. Unga to‘n, belbog‘ va salla tuhfa etadilar. Bir qurolsoz esa unga feruza dastali qilich sovg‘a qiladi. Yana unga Hofiz unvonini ham beradilar. To‘qqiz yoshli bola uchun bu eng katta sharaf edi. Vaholanki, ayrim zotlar bir umr ilm olib, bu nomga sazovor bo‘lolmaganlar.
O‘n olti yoshida
Amir Temurning so‘zini o‘qiymiz:
o‘n olti yoshga to‘ldim. Otam Amir Tarag‘ay meni masjidga olib keldi va ota-bobolarimdan qolgan odat bo‘yicha askarlarga boshchilik qilish huquqi shu kundan menga o‘tishini e’lon qildi”.
Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum. Temurbek ham o‘n olti yoshida katta hayotga qadam qo‘ygan edi.
Ming oltinga sotib olingan hikmat
Muhammad Tarag‘ay bir suruv qo‘yni o‘g‘liga berib, Samarqand bozoriga savdoga yo‘llaydi.
Temurbekning o‘zi bu to‘g‘rida shunday yozgan:
“Qo‘ylarning hammasini ming oltinga sotib, pullarni belga bog‘lab sayr qilib yurardim. Bir yerda xushovoz qalandar odamlarga so‘zlab turgan ekan: qo‘lida qog‘oz – she’r bitilgan. U der edi:
– Shul yozuvning qadriga yetib, kim ming oltunga olsa, dunyoning oxiriga yetadi…
Himmatim jo‘shib, ming oltunni qalandarga tutqazdim. U menga tikilib turdi-da, so‘ng nasl-nasabimni so‘radi. Aytdim. So‘ng tayin qildi:
– Otang oldig‘a borg‘il, buni uning oldida o‘qi, borg‘uncha ochma!
Qog‘ozni keltirib, padari buzrukvorimga berdim. Ochib o‘qidilar. Forscha ruboiy ekan – ma’nosi quyidagicha: zulm bilan dunyoda nom qoldirib bo‘lmaydi. Jamshid, Sulaymon, Iskandarlar o‘tib ketdi, navbat senga ham yetishi tayin. Dunyoga keldingmi, yaxshilik bilan nom qoldir…
Ruboiyning muallifi – o‘shal qalandar-alloma shoir Kamol Xo‘jandiy erkan. Ul zotni padari buzrukvorimiz ko‘p hurmat qilar erkanlar.
– Barakallo, o‘g‘lim, ko‘p dono ishga oltunlarni sarf etibsan. Endi, ming oltung‘a olgan ushbu hikmatga qat’iy rioya qilmoq lozimdur!
Padari buzrukvorning aytqonlarini bosh ustida tutdim”.
Yaxshilikka intilish
Ibratli tomoni shundaki, Temurbek doimo yaxshilikka intildi, o‘ziga ko‘rsatilgan yaxshiliklarni sira unutmadi. Masalan, o‘n sakkiz yoshida bo‘ronda qolib, yo‘ldan adashib ketadi. Izillagan sovuq, qorin och. Hech bir yerdan najot yo‘qdek edi. Shu yerda hayotimiz tugasa kerak, deb o‘ylab, o‘limga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydilar. Charchab, tamom holdan toyib qolganlarida, uzoqdan miltillagan chiroq ko‘rinadi. Borib qarasalar, qamishdan yasalgan o‘tov ekan. Mezbon ularni ochiq chehra bilan kutib oladi. Shu yerda ular jon saqlab qoladilar.
Temurbek Turon Amiri bo‘lganda, o‘tov egasini va uning butun urug‘larini xiroj to‘lashdan ozod etadi.
Kamolot yoshida
Kamolot yoshiga yetgan Temurbek o‘z xo‘jaligini tartibga keltiradi. Bu o‘rinda ham biz uni nihoyatda aqlli yigit sifatida ko‘ramiz. Chunonchi u har o‘n xizmatkor orasidan uddaburonini tanlab, to‘daga boshliq etib saylaydi. Har o‘nta tuya va mingta qo‘yga qarab turish uchun bitta xizmatkor ajratadi. Butun mulkini boshqaruvchisiga topshiradi. O‘sha yili ekin-tikin mo‘l bo‘lib, qoramol va qo‘ylar soni bir necha baravariga ko‘payadi. Xullas, Sohibqironning bolalik va o‘smirlik davri shuni ko‘rsatadiki, o‘z yurti ozodligi uchun katta kurash maydoniga nihoyatda zukko, bilimdon, qo‘rqmas, metin irodali yigit chiqib kelayotgan edi.
Xalqimiz bejiz aytmagan: “Xon bo‘lsang-da bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da, bog‘ yarat – bir kunmas bir kun mevasini tatirsan!” Kishidan yaxshi nom, yaxshi so‘z qolganiga nima yetsin!