Noan’anaviy dars

matematikani o‘rganishda muhim o‘rin tutadi

Azal-azaldan komil inson g‘oyasi xalqimizning ezgu orzusi bo‘lib kelgan. Shu sababli bugungi kunda ham jamiyatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor berilmoqda.

Talim tizimidagi islohotlar va ularning ijrosi sifat bosqichiga ko‘tarilib, samaradorlik asosiy o‘rin egallayapti. Shu jihatdan mustaqil fikrli shaxsni kamolga yetkazish milliy mafkuramizning bosh g‘oyalaridan biridir. Jamiyat taraqqiyoti, komil inson tarbiyasi tizimdagi islohotlar bilan uzviy bog‘liqdir.

Ma’lumki, insonning imkoniyati har bir fanni ma’lum darajada o‘zlashtirishga yetarli. Faqat unga tizimli ravishda bilim berish va o‘zlashtirishi uchun yaxshi rahnamolik qilish lozim.

Ana shu talablardan kelib chiqib, biz dars jarayonlarida matematika va informatikani tanlagan o‘quvchilar uchun alohida e’tibor va qo‘shimcha adabiyotlar kerakligini anglab, ularni yanada rag‘batlantarishga harakat qilyapmiz. Bunda matematika, informatika to‘garaklari, fan olimpiadalari hamda turli musobaqalar muhim o‘rin tutadi.

O‘quvchida har qancha iqtidor bo‘lmasin, u o‘qituvchi tomonidan rag‘batlantirilmas ekan, undan biron ijobiy natijani kutish amri mahol. Shuningdek, o‘quvchilar ham o‘zi qiziqqan fan bilan har kuni shug‘ullanishi, izlanishi zarur. Shu sababli, bolalarning yoshiga, fikrlashiga, iqtidoriga qarab misol, masalalar beramiz va bolalar bilan yanada yaqinroq va yaxshiroq munosabatlarni o‘rnatishga harakat qilyapmiz.

Dars mazmuni va samaradorligini oshirishda noan’anaviy dars uslublari yaxshi natija beryapti. Bu bilan sifat samaradorligi 70 – 75 foizga oshmoqda. Masalan, “Aqliy hujum” usuli o‘quvchilarda qo‘llanilganda yaxshi samara beradi. Bu usul biror muammoni yechishda guruh qatnashchilari tomonidan bildirilgan erkin fikr va mulohazalarni to‘plab, ular orqali ma’lum bir yechimga kelinadigan samarali usuldir. Ayniqsa, mantiqiy masalalarni yechishda juda yaxshi samara beryapti.

5-6 sinf o‘quvchilarida qiziqarli misol-masalalar va she’riy topishmoqlardan foydalanilsa, dars mavzusi yanada yaxshi o‘zlashtiriladi.

Misol uchun: Ildizi bor o‘smaydi,

Ko‘plar uni izlaydi.

Bilimi yo‘q bilmaydi,

Nomi uning nima edi? (tenglama)

Yana misol: “Dadam mendan 30 ta tuxumni toq sondan, toq kunda yeb tugatishimni talab qildilar. “Men bu ishni uddalay olamanmi?” kabi misollar o‘quvchilarni erkin fikrlashga va matematika fanini hayot bilan bog‘lashga o‘rgatadi.

Ha, matematika, informatika ana shunday juda qiziqarli ekanligini shu tarzda bolalarga yetkazish o‘qituvchining katta yutug‘i bo‘lishi mumkin. Matematika va informatika bir-biri bilan qanchalik uzviy bo‘lsa, bu fanlar boshqa fanlar bilan ham shu darajada bog‘liqdir. Masalan, 5-sinf o‘quvchilarga “Paint” dasturi o‘rgatiladi. Bu dasturda o‘quvchilar turli rasmlar, shakllar chizishni o‘rganishadi. Bu bilan ularning rasm, mehnat fanlariga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish mumkin. 7-sinf o‘quvchilariga 7 raqamining fanlararo bog‘liqligini tushuntirishda quyidagilardan foydalansa bo‘ladi: “Dunyoning 7 mo‘jizasi: 1. Misr ehromlari, 2. Bobil osma bog‘lari, 3. Artemida ibodatxonasi, 4.Gilikarnosdagi dahma,

Yana o‘qing:  YAXShILAR KO‘MAGI BILAN

5. Zevs haykali, 6. Kolas haykali, 7. Iskandariya mayoqi.

Yana: Moddaning 7 holati; 1. Qattiq, 2. Suyuq, 3. Gaz, 4. Plazma, 5.Neytron moddasi, 6.Epiplazma holati, 7. Vizik vakuum holati.

Yana: Insonning 7 avlodi; 1. Farzand. 2. Nevara, 3. Evara, 4. Chevara, 5. Duvara, 6. Ovvora, 7. Begona.

Yana: Dunyoning 7 xazinasi; Sigir, asalari, ipak qurti, objuvoz, tegirmon, o‘rmon, tovuq.

Yana: Tabiatning 7 mo‘jizasi: 1. Xolong qo‘ltig‘i, 2. Iguasi sharsharasi, 3. Amazonka daryosi va o‘rmoni, 4. Chejudo oroli, 5. Kursisimon tog‘, 6. Komodo milliy bog‘i, 7. Puyerto Prinsessa bog‘i.

Musiqadagi 7 nota, hafta kunlar, kamalakning 7 rangi jilosi shular jumlasidan. Bu ro‘yxatni davom ettirish o‘quvchilarning o‘zlariga vazifa qilib berilsa, nafaqat matematika faniga qiziqishi, balki boshqa fanlarga bo‘lgan mehri yana ortadi va o‘quvchi o‘z ustida ishlashga harakat qiladi. Ana shunday mashqli o‘yinlar orqali har safar sifat samaradorligiga erishaveramiz.

Yurtimizda yosh istedodlar ko‘p. Biz pedagoglarning asosiy vazifasi ularni kashf qilib, el-yurtga nafi tegadigan barkamol avlod qilib tarbiyalashdir. Zero, bolalarni izlanishga o‘rgatsak, bu ishtiyoq ularni komillikka yetaklaydi.

Ozoda XAJIYEVA,

Zarafshon SALAYEVA,

Urganch shahridagi 14-umumta’lim maktabi fani o‘qituvchilari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: