Bolalarning sog‘lig‘ini asrang
Sil kasalligi qadimdan odamlar va hayvonlarda uchraydigan xastalik ekanligi ma’lum edi. Ushbu xastalikning yuqumliligi Abu Ali ibn Sino asarlarida ham qayd etilgan. 1882 yil 24 martda nemis olimi Kox sil kasalligini qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmni birinchi bor mikroskopda ko‘rib kashf etgan Keyingi tekshirishlar ushbu mikrobning tashqi muhit va kimyoviy moddalar ta’siriga chidamli va shu tufayli atrof-muhitga tarqalish xavfi kuchli ekanini tasdiqladi.
Ko‘pincha sil xastaligiga chalingan bemorning ajralmalari chiqindilari (balg‘am, axlat, peshob, yiring va hokazo) chang zarrachalariga yopishib havoga ko‘tariladi va sog‘lom odamlar nafas yo‘llariga havo orqali o‘rnashadi. Organizmida sil tayoqchalari bor kishilarning hammasida ham kasallik rivojlanmaydi. Ko‘pincha organizmining immuniteti past odamlardagina kasallik qo‘zg‘aladi. Bola va go‘dak organizmi markaziy asab tizimi, immun jarayonida ishtirok etuvchi a’zolari mukammal takomillashmagani va nafas olish tizimi a’zolarining anatomik jihatdan to‘liq rivojlanmagani tufayli yosh organizmga sil tayoqchasining kirishi kasallik rivojlanish xavfini orttiradi. Ushbu holatni hisobga olib mamlakatimizda bolalarni sildan saqlash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Tug‘ruqxonada go‘dak tug‘ilgandan keyin 3-4 kun o‘tgach silga qarshi emlash o‘tkaziladi. BSJ vaksinasi odatda sog‘lom chaqaloqning chap yelkasiga vrach ko‘rsatmasi asosida teri ichiga yuboriladi. Agar tug‘ilgan chaqaloqda emlash mumkin bo‘lmagan moneliklar bo‘lsa vaqtincha tibbiy ko‘rsatmalar asosida emlash o‘tkazilmaydi va ota-onalarga ushbu emlashni turar joyga qarashli poliklinikada o‘tkazish zarurligi tushuntiriladi.
Odatda sog‘lom bolalarda vaksina yuborilgandan keyin 1,5-3 oy davomida chap yelkasida hajmi 10 mmdan oshmaydigan pushti rangli infiltrat kuzatiladi. Keyinchalik ushbu infiltrat qotib, po‘st tashlaydi. Ba’zan esa bu jarayondan oldin yiring chiqishi kuzatiladi. Emlashdan keyin (ko‘kimtir pigmentatsiya, chandiq) hosil bo‘lishi bilan tuganllanadi. Mabodo bolaning yelkasida bir yoshga to‘lguncha ushbu o‘zgarishlar kuzatilmasa, immun jarayon rivojlanmagan deb hisoblanadi va bola ikki yoshga to‘lganda qayta BSJ vaksinasi chap yelkasiga teri ichiga yuboriladi.
Yuqoridagi silga qarshi immunitet hosil bo‘lish alomatlarini hisobga olib farzandingizdagi ushbu o‘zgarishlarni kuzating va oilaviy shifokoringiz bilan maslahatlashib turing.
Farzandlarimizni sildan asrashda ularni to‘g‘ri ovqatlantirishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilib voyaga yetishini ta’minlashi, atrofimizni orasta tutish ham muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, chang ko‘tarib hovli supurish, umumiy yo‘laklarni toza saqlamaslik, sil bilan xastalangan bemor odam va hayvonlar bilan muloqotda yashash kasallik rivojlanishiga olib keluvchi xavfli omillardir.
Hurmatli ota-onalar! Shifokor maslahatlariga to‘la amal qilish farzandingizda sil rivojlanmasligining asosiy garovidir.
XASTALIKNING KEChISH XUSUSIYATLARI
Surunkali kechuvchi sil bemorlardan sog‘lom odamga havo-tomchi yo‘li bilan o‘tadi. Kasallik rivojlanishida kasal odam va hayvonlarning roli kattaligi tasdiqlangan. Sil kasalligining qo‘zg‘atuvchisi bo‘lmish sil mikobakteriyasi o‘zining tashqi muhit ta’sirlariga, yuqori yoki past haroratga chidamliligi bilan boshqa mikroorganizmlardan ajralib turadi.
Bola organizmidagi anatomo-fiziologik xususiyatlar sil kasalligi rivojlanishiga moyillik yaratadi. Shu tufayli har bir ota-ona o‘z farzandlarini sildan asrash yo‘llarini va uning dastlab rivojlanish alomatlarini bilishi zarur.
Ko‘pincha bolalar oilada sil kasalligiga chalingan bemor bilan bir havoda nafas olganda kasallanish xavfi kuchayadi. Bola organizmiga tushgan sil mikobakteriyalari 6-8 hafta davomida klinik belgisiz kechadi. Hatto, profilaktik o‘tkazilgan Mantu sinamasiga organizm javob reaksiyasini bermaydi.
Ushbu latent (yashirin) davrdan keyin sil qo‘zg‘atuvchisi bola organizmiga tarqalib, immunologik sil shishlari rivojlanadi. Bu esa faqat Mantu sinamasi musbat natija berishi bilan aniqlanadi. Keyinchalik bolada charchash, asabiylashish, injiqlik, darslarni yaxshi o‘zlashtirmaslik, periferik limfa tugunlar hajmi kattalashishi, ba’zan esa vaqti-vaqti bilan kechqurun haroratining 37-38°S (daraja)gacha oshishi, bosh og‘rishi kuzatiladi. Ko‘pincha ota-onalar kasallikning ushbu belgilari kuchli rivojlanmagani tufayli bolaning sog‘lig‘iga e’tibor bermaydi.
Ushbu xastalik belgilari oylar davomida kuchayib bola holsizlikdan yotib qolishi, yo‘tal paydo bo‘lishi, bosh og‘rig‘i va tana haroratining, ko‘tarilishi kuchayadi. Bu esa ota-onalarni shifokor ko‘rigiga olib borishga majbur etadi.
Sil kasalligiga qanchalik barvaqt tashxis qo‘yilsa, uni davolash tez va oson kechadi.
Bola emlangandan keyin hosil bo‘lgan immunitet uning organizmiga tushgan sil qo‘zg‘atuvchisi kasallikning og‘ir turi – sil meningiti, tarqoq sil kabilarning rivojlanishidan saqlaydi.
Farida ABSODIQOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi,
Gulnoza ShARAPOVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi “Bolalar o‘pka sili” bo‘limi mudiri