Ota hunari – baraka dasturxoni
Bekmir madrasasi tarix va bugunni bog‘lab turgan inshoot. 1903 yilda barpo etilgan bu qadimiy imoratda bugungi kunda “Hunarmand” uyushmasi Qarshi shahar bo‘limi joylashgan. Qashqadaryo vohasining qo‘li gul hunarmandlarini o‘sha manzildan topasiz. Men ham shu maqsadda Bekmir madrasasi tomon yo‘l oldim. Uyushma rahbariga niyatimni aytgan edim, qo‘limga bir kitob tutqazdi. Mustaqillikning 20 yilligiga bag‘ishlab nashr etilgan bu to‘plamda Qarshi shahridagi nomdor hunarmandlar haqida ma’lumotlar jamlangan ekan. Ko‘zim beixtiyor gilamchilik hunaridan obro‘ topgan Damin Mamatovning ismi-sharifiga tushdi. Uning manzilini co‘rab, o‘sha tomonga qarab yo‘l oldim.
Ostona hatlab kirishim bilan ochiq chehrali, ko‘rinishidan samimiy, kamtarin bir kishi meni kutib oldi. O‘zini Damin Mamatov deb tanishtirdi.
– Mana shularning hammasini o‘zim to‘qiganman, – deydi Damin aka uyidagi to‘shalgan gilamlarga diqqatimni qaratarkan. – Ota kasb-da. Otamiz Turob buva gilamchilik bilan ro‘zg‘or tebratganlar. Men ham u kishining shogirdlaridan. O‘n yoshimdan beri shu hunarning sir-asrorini o‘rganaman. Odam ota kasb bilan shug‘ullansa, kam bo‘lmaskan. Ro‘zg‘origa baraka kirarkan. Shuni to‘liq his qilib, men ham ikki qizimga ustozlik qilayapman. Niyatimiz xolis ekan, gilamchilik orqasidan oilaviy biznesni yo‘lga qo‘ydik.
1997 yil “Hunarmand” uyushmasi Qarshi shahar bo‘limiga a’zo bo‘lgan Damin Mamatov ota kasbini hech mubolag‘asiz san’at darajasiga olib chiqdi. Uyidagi tasvir va o‘zgacha holatni ko‘rib, beixtiyor zavqlanib, qadim o‘zbek xonadoniga kelib qolganday bo‘ladi, kishi. Kamyob gilamlar, ularning naqshlaridagi o‘ziga xos ramzlar ham kishi qalbida xotiralarni jonlantiradi.
– Mana bu “chumchuq ko‘zi”, bu esa “dikdiga”, – deydi hunarmand meni san’ati bilan tanishtirish maqsadida. – “Bug‘jama”, “mapraj”, “arabi gilam”, “julxo‘rs”, “g‘ajari”, “poyandoz” kabi gilamlar. Bularning savdosi qanday deysizmi? Hozir xaridorlar korxonalarda ishlab chiqarilayotgan turli o‘lchamdagi gilamlarga qiziqishadi. Bizning gilamlarni esa ko‘proq vohamizga tashrif buyurayotgan sayyohlar sotib oladi. Ularga buyurtma asosida gilam tayyorlab beramiz. Asosan, mayda o‘lchamdagi qoqma gilamchalar sayyohlarni ko‘proq qiziqtiradi.
Demak, Damin aka Mamatov to‘qigan gilamlar bugun qaysidir chet el xonadonining to‘rida osib qo‘yilgan ekan-da. Shunga aytsalar kerak-da, hunar o‘lmaydi, deb. O‘zi bormagan joylarga to‘qigan gilamlari – O‘zbekiston mahsuloti bo‘lib yetib borsa-ya… Shuni o‘ylarkanman, ko‘nglimda istak paydo bo‘ldi. Sayyohlarni qiziqtirgan gilamni men ham ko‘rgim keldi. 1 kvadrat metr o‘lchamdagi bu mo‘jiza haqiqatdan ham maqtovga arzigulik ekan. Uning yonida esa “nonzalvori” osib qo‘yilgan. Bu doira shaklida to‘qilgan savat ko‘rinishidagi uy-ro‘zg‘or buyumini ba’zi joylarda “nonbardor” deb ham atashadi. Mazkur uy-ro‘zg‘or buyumi o‘zining nafisligi bilan ham qiziqishimni uyg‘otdi. Damin akadan so‘radim:
– Bu bejirim qilib ishlangan “asar” kimniki?
Damin aka biroz sukut saqlab:
– Buni yosh hunarmand Jamshid Quvvatov to‘qigan, – deya javob berdi.
Damin akadan Jamshidning manzilini oldim.
“Kamandi” mahallasidan Jamshidning uyini topib bordim. Meni yosh hunarmandning o‘zi kutib oldi. Jamshid Quvvatov 2008 yil “Asrlar sadosi”da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. “Tashabbus – 2009” va “Tashabbus – 2010”larda ham yaxshi natija ko‘rsatgan. Hovliga kirar ekanman, ko‘zim bosh usta, Jamshidning otasi Yo‘ldosh buvaga tushdi. U kishi kundalik yumush bilan ovvora.
Qiziqib so‘rayman: – Hormang, otaxon! Nima to‘qiyapsiz?
– Non tashish uchun savat yasayapman, – deydi Yo‘ldosh ota ko‘zini ishidan uzmay. – Non o‘zining asl ko‘rinishini yo‘qotmaydi-da. Bu nonzalvorida non tashish juda qulay.
Simlarning orasidan xivchin o‘tkazib chiqamiz. Shunday qilsak, non tashilganda sifati o‘zgarmaydi.
Keyin Jamshid meni o‘zi to‘qigan savatlari tomonga boshladi. Dastlab e’tibor bermay o‘tib ketganimga biroz o‘ng‘aysizlandim. Darvozaxonaning o‘ng tomonida osib qo‘yilgan turli xil anjomlarni ko‘rib, ko‘zim quvnadi. Yana bir bor hunarmandlarga havasim keldi.
– Mana bu bedana qafasi, – deydi Jamshid diqqatimni olgan usti yopiq qutichani ko‘rsatarkan. – Bunisi un saqlaydigan idish. Bunda un nam tortib qolmaydi-da. Bu esa sut savat. Bular bolalar uchun juda qulay, – deydi u likobchaga o‘xshagan mayda doira shaklidagi mahsulotni ko‘rsatib. – Bunga o‘yinchoqlarini solib qo‘yishadi. Keyin bu chet elliklar uchun ham yaxshi “suvenir”. Ko‘p sayyohlar shundan xarid qilishadi. Biz ham mayda buyumlarimizni ko‘paytirayapmiz.
Oilada akasi Nusratillo bilan birgalikda ota kasbini davom ettirayotgan Jamshid bir joyda to‘xtab qolgani yo‘q. Izlanayapti. Savatchilik hunariga ixlos qo‘ygan bu yigit tadbirkorlik yo‘l-yo‘riqlarini ham o‘rganib, mahsulotni tobora xaridorgir bo‘lishiga harakat qilmoqda. Qashqadaryoning qirg‘oqlaridan yulg‘un olib kelib, go‘zal va bejirim san’at asarlari yaratmoqda.
Bahodir HALIMOV