Orzulari bir olam baxtiyor qizlar

Bahorning ilk kunlarida yurtimizning eng iqtidorli, zukko va oqila qizlariga Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini topshirish an’anaga aylangan. Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali yig‘ilishda Prezidentimiz farmoniga binoan har sohada faol, intiluvchan va iqtidorli 16 nafar qizga ushbu yuksak mukofot topshirildi. Bu albatta Yurtboshimizning ayollarga, ayniqsa, qizlarga yuksak hurmat va ishonchining amaldagi ifodasidir. Mazkur mukofot sohibalarining o‘n nafari jahon va qit’a musobaqalarida yuksak yutuqlarga erishib kelayotgani esa mamlakatimizda sportga, ayniqsa, qizlar sportiga ko‘rsatilayotgan e’tibor samarasidir.

Bugun bizning faxrimiz bo‘lgan bu iqtidorli qizlarning ikki nafari oliy o‘quv yurti talabasi, o‘n nafari o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda to‘rt nafari umumta’lim maktabi o‘quvchilaridir.

Ayjamal Joldasbayeva – Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseyining 2-bosqich o‘quvchisi. U she’riyat yo‘nalishida ijod qiladi. Shuningdek, sportning stol tennisi turi uning sevimli mashg‘uloti. 2012 yilda “Kamolot” YOIH tomonidan o‘tkazilgan “Kamolot raketkasi” musobaqalarining tuman bosqichi 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Yosh ijodkor 2011-2013 yillarda qator muvaffaqiyatlarga erishdi. Jumladan, bolalar ijodiyoti festivalining Respublika bosqichida “She’riyat” yo‘nalishi g‘olibi bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Do‘rmon” ijod uyida o‘tkazilgan “Iste’dod maktabi” respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy seminarida faol qatnashib, sertifikat bilan taqdirlandi. Yosh ijodkorlar festivalining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida “Adabiyot va publitsistika” yo‘nalishida g‘oliblik nasib etdi.

U “Bolalik” hamda “Shirin xayollar” nomli she’riy to‘plamlar muallifi. Ijod namunalari nufuzli respublika nashrlarida chop etilgan.

– Bugun men barcha tengdoshlarim orzu qilgan mazkur nufuzli mukofotga munosib deb topilganimdan benihoya baxtiyorman. Kelajakda ana shu yuksak ishonchni men ijodiy hamda sportdagi yutuqlarim, o‘qishdagi muvaffaqiyatlarim bilan oqlashga harakat qilaman.

Nasiba Rominova – Xiva tumanidagi 7-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi. U tasviriy san’at yo‘nalishida ijod qiladi. Asarlarida yurtimizning go‘zal tabiati, ko‘hna Xiva manzaralarini o‘zgacha mehr bilan yorqin ranglarda tasvirlaydi.

Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan bir necha nufuzli tanlovlarning viloyat hamda respublika bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

– Men bolaligimdan rasm chizishga qiziqaman. Ayniqsa, bu borada ota-onam yaratib bergan sharoitlar barcha muvaffaqiyatlarimga asos bo‘ldi. Ulardan har qancha minnatdor bo‘lsam arziydi. Kelajakda bu yuksak mukofotni o‘zimning yangi-yangi ijod namunalarim, o‘qishdagi muvaffaqiyatlarim hamda Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi fidoyi mehnatlarim bilan oqlashga harakat qilaman.

Yana o‘qing:  FARZAND – OILA KO‘ZGUSI

Shohsanam Usubjanova – Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi 22-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi. U yoshligidan maqom qo‘shiqlarini kuylashga qiziqadi. Shohsanamning ijrosidagi mumtoz qo‘shiqlar viloyat va respublika teleradio dasturlarida efirga uzatilgan va muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Bir necha tanlovlarda muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.

– Ushbu mukofot nafaqat menga, balki san’atga mehr uyg‘otgan, bu yo‘ldagi qiziqishimni qo‘llab-quvvatlagan ustozlarimga ham berilgan bahodir. Bu mukofot zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois men san’at yo‘lida astoydil izlanishga, orzularim sari ildam qadam tashlashga harakat qilaman.

Bugungi yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, o‘qish, ijod qilish va mehnat faoliyatida o‘z orzulariga erishishi yo‘lida yurtimizda barcha sharoitlar muhayyo. So‘zi bilan ishi bir yoshlar ham yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalangan holda muvaffaqiyatlarga erishmoqdalar. Zero, yoshlar bizning kelajagimiz.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: