Vitaminli salat
Bilasizmi? Nima uchun erta bahorda biz tushkun kayfiyatda bo‘lamiz? Buning sababi qishning sovuq va izg‘irinli kunlaridan keyin jismimizda vitaminlarga va oftob nuriga bo‘lgan talab ortadi. O‘zimizni sog‘lom, jismonan tetik his etishimiz hamda ona zaminimizda o‘sadigan vitaminlarga boy ko‘katlar, meva va sabzavotlardan tayyorlangan salatlarni oila dasturxonimizga tortiq etsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ana shunday salatlardan birini sizga tavsiya etamiz.
Kerakli masalliqlar:
1 dona karamning 4/1 qismi, 1 dona olma, 1 dona sabzi, 100 gr. tuzlangan bodring, 1 bog‘ ko‘k piyoz, 1 bog‘ petrushka, ta’bga qarab sarimsoqpiyoz, kunjut yog‘i, tuz, murch.
Tayyorlanishi: bodring va olmani kichik to‘rtburchak shaklida to‘g‘rab, sabzini qirg‘ichdan o‘tkazasiz. Mayda to‘g‘ralgan karamni tuz bilan ezasiz. Unga to‘g‘ralgan ko‘k piyoz va petrushkani solasiz. Kunjut yog‘iga tuz, murch va maydalangan sarimsoqpiyoz qo‘shib, tayyor bo‘lgan masalliqlarni obdon aralashtirasiz. Tayyor bo‘lgan salatni likopchaga solib dasturxonga tortasiz.
Yoqimli ishtaha!
MEHRIBONU