Oftalmologik klinikalarda bepul ko‘rik
10-15 mart kunlari Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi tashabbusi bilan O‘zbekistonda Butunjahon glaukoma haftaligi bo‘lib o‘tadi.
Haftalik doirasida 15 mart kuni 35 yoshdan katta bo‘lganlar mamlakatning barcha oftalmologik klinikalarida bepul ko‘rikdan o‘tishlari hamda maslahatlar olishlari mumkin. Bu kun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ochiq eshiklar kuni deb e’lon qilingan.
Nashrning qayd etishicha, glaukoma surunkali kasallik hisoblanib, ko‘z ichki bosimining kuchayishi bilan kuzatiladi va boshlang‘ich bosqichi yashirin formada o‘tadi. O‘zbekistonda bu kasallik bilan turli yoshdagilar jabr tortmoqda. Mutaxassislarning fikricha, kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va uning oldini olish ko‘zi ojizlikni to‘xtatishga yordam beradi.