ShIFOBAXSH NE’MATLAR
ANJIR
Xalq tabobatida anjir qadimdan jigar, taloq va o‘pka yallig‘lanishini davolashda qo‘llanilgan. Ilmiy tibbiyotda ham bu meva keng foydalaniladi.
Anjirning o‘ziga xos xususiyati bor. Uning shinnisi asal kabi ta’sirga ega. Bu mevaning oziqlik xususiyati garchi don va go‘shtnikidek bo‘lmasa ham, boshqa hamma mevalarnikidan zo‘rdir.
Xom anjir, shuningdek, uning bargi so‘gal va ularning har xil turlariga, dog‘larga surtiladi. G‘arq pishgan anjir yeyilsa kasalliklar sababli buzilgan mijozni tuzatadi hamda chipqonlarni pishiradi.
Uning mevasi va qoqisi tutqanoq kasaliga foyda qiladi. Anjirni quloq osti shishlariga qo‘yib bog‘lansa ham shifobaxshdir.
Shuningdek, anjir tomoq qirilishiga foyda qiladi hamda ko‘krak va o‘pka yo‘llarini yumshatadi. Anjirning sharbati ona sutini ko‘paytiradi.
Ho‘l anjir, ayniqsa, agar uni maydalangan bodom bilan yeyilsa, yumshatuvchi va ichni yengil suradi.
Anjirni va xususan uning sutini ishlatilsa buyrakdagi qumni haydab chiqaradi.
ANOR
Turli xil kasalliklarni davolashda anor sharbati va po‘stidan tayyorlangan qaynatma keng qo‘llaniladi. Nordon anor va xususan, uning sharobi safroni bosadi va xiltlarni ichki a’zolarga oqishini to‘xtatadi. Uning po‘sti ayniqsa, kuydirilgani jarohatlar uchun doridir. Shuningdek, tish og‘rig‘ini bosadi va milklar shamollaganda foyda qiladi.
Anorning hammasi ham oziq sifatida yaxshidir. Uning nordon-shirini me’da uchun ko‘pincha olma va behiga qaraganda manfaatliroq bo‘ladi.
Uning urug‘i asal bilan birga tish og‘rig‘iga va quloq og‘rig‘iga davo qiladi hamda u burun ichiga surtiladigan doridir. Anorning urug‘ini yanchib, asal bilan qo‘shib og‘iz og‘rig‘iga surtilsa foyda qiladi.
Shirin va achchiq anorning siqib olingan suvini asal bilan qo‘shib bir necha kun oftobga qo‘yib ko‘zga surtilsa, ko‘zdagi haroratga va kunduzi ko‘rmay qolishda foyda qiladi.
Nordon anor ko‘krak va tomoqni dag‘allashtiradi, shirini esa ularni yumshatadi hamda ko‘krakni quvvatlantiradi. Ammo urug‘ini yomg‘ir suvi bilan qo‘shib ichirilsa, qon tupurishda foyda qiladi. Anorning hamma turlari xafaqon (gipertoniya)ga foyda qiladi va shirini ishtahani ochadi.
Nordon-chuchuk anor me’daning yallig‘lanishiga foyda qiladi. Isitmalagan kishi anorni ovqatlangandan keyin so‘rishi kerak.
Anorning nordoni shiriniga qaraganda siydikni ko‘proq yurishtiradi, umuman ikkalasi ham siydik haydovchidir.
DO‘LANA
Xalq tabobatida do‘lanadan kishi toliqqanda, uyqusizlikda, yurak atrofida og‘riq paydo bo‘lganda davo sifatida qo‘llaniladi. Uning shifobaxsh xususiyatlari ko‘p.
Do‘lana safroni pasaytiradi. Ich ketishini to‘xtatadi va siydik tutilishining oldini oladi.
Mahfuza IMOMOVA tayyorladi