Kasbga muhabbati bilan doimo el e’zozida
Shifokorlik kasbini tanlagan kishining zimmasida insonlar salomatligini asrash, ularning dardiga malham bo‘lish mas’uliyati turadi. Zero, bu dunyoda inson hayoti va uning salomatligidan qadrliroq narsa yo‘q. Shu sababdan shifokorlardan o‘z vazifalariga nisbatan o‘ta mas’uliyat va e’tibor bilan yondashish talab etiladi.
Poytaxtimizdagi 37-oilaviy poliklinikada ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan tish shifokori Abdug‘affor Mavlonov ham aholi salomatligi yo‘lida o‘z mehnatini ayamay kelayotgan shifokorlardan biridir. Qabuliga kelgan har bir bemor dardiga malakali xizmati va shirinso‘zligi bilan malham bo‘lmoqda.
– Tish shifokori bo‘lishimda otam Husan Nabiyevning xizmatlari katta, – deydi Abdug‘affor Mavlonov. – Otam hamisha farzandlarim el koriga yaraydigan insonlar bo‘lsin deb niyat qilgan ekanlar. Shu sabab men aynan shifokorlik kasbiga mehr qo‘yganman.
Toshkent Tibbiyot Akademiyasining stomatologiya fakultetini bitirgan Abdug‘affor shifokorlik ishini dastlab poytaxtimizdagi 28-oilaviy poliklinikada boshladi. So‘ngra faoliyatini “Denta light” xususiy klinikasida davom ettirdi. U bugungi kunda kasbi orqali topgan – el koriga yarash baxtini ustozlari, jumladan, Norim aka Rustamovning ko‘magi va talabchanligida ko‘radi. Hozirgi kunda shifokor o‘z kasbiga bo‘lgan mehri, har bir kishi dardiga jiddiy yondashib, unga tezda samarali davo tayinlashi sabab, ko‘pchilik o‘rtasida hurmat qozona oldi.
– Abdug‘affor Mavlonovning faoliyatidan aholi mamnun, – deydi 37-oilaviy poliklinika bosh shifokori Dilnozaxon Qayumova. – Ishi yuzasidan o‘ziga nisbatan talabchanligi, shuningdek, sohada tinimsiz izlanishi uning tajribasini yanada ortishiga zamin bo‘lmoqda. Abdug‘afforning tashabbuskorligi, jamoadoshlari orasidagi tashkilotchiligi, keksa va imkoniyati cheklangan bemorlarni joylarga borib nazorat qilib, ularga davo choralarini tayinlashi alohida e’tirofga sazovordir.
Shifokorning qabuliga kelgan bemorlar ham uning xizmatlaridan mamnun bo‘lishmoqda.
– Abdug‘affor bolalarni davolash chog‘ida uning yoshini, shuningdek, bolaning fe’l-atvorini ham inobatga oladi, – deydi shifokor qabulida nabirasini yetaklab navbat kutib turgan otaxon. – Shu qadar bolaning ko‘nglini topadiki, nabiram navbatdagi davo muolajaga ham hech qanday e’tirozlarsiz keldi.
Qo‘li yengil va shirinso‘z shifokor Abdug‘affor Mavlonov huzuriga shifo istab kelgan har qanday bemorning ko‘nglini ko‘tarishga, kayfiyatini yaxshilash asnosida dardidan xalos etishga harakat qiladi. Bemorlarga o‘z sog‘liqlarini muntazam nazoratda tutib turishlarini maslahat beradi.
– Har bir inson bir yilda ikki marta tish shifokori ko‘rigidan o‘tib turishi shart. Chunki vaqt o‘tishi bilan og‘iz bo‘shlig‘ida turli kasalliklarning paydo bo‘lish xavfi mavjud. Uning o‘z vaqtida aniqlanishi esa turli kasalliklarning oldini olishda yordam beradi, – deydi Abdug‘affor Mavlonov.
El orasida tajribali shifokorlarni “qo‘li yengil, so‘zi malham”, deya alqashadi. Shifokor Abdug‘affor Mavlonovni ham shunday sifatlar bilan e’tirof etsa arziydi. Zero, buni shifokor qabuliga kelib shifo topgan bemorlarning mamnun chehrasidan ko‘rishimiz mumkin.
Shavkat YOQUBOV