Sog‘lom oila – sog‘lom bola
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2014 yil mamlakatimizda “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilindi. Zero, o‘zbek xalqi barcha orzu-intilishlarini, hayotining mazmunini, o‘z kelajagini farzandlari taqdirida deb biladi.
Darhaqiqat, sog‘lom bola, avvalo, ahil va mehr-oqibatli oilaning mevasi, jamiyatning davomchisidir. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, odamiylik, mehr-oqibat, o‘z Vataniga, xalqiga sadoqatli bo‘lish kabi olijanob fazilatlar aynan oila muhitida shakllanadi, sayqallanadi va ular ajdodlardan avlodlarga yetkazilib, jamiyatga ko‘chib o‘tadi.
2014 yilning “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinishi mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida qilinayotgan ishlarning davomiyligini belgilaydi.
Masalan, 2011-2013 yillarda 535 ming nafar homilador ayol irsiy va tug‘ma kasalliklar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilishi, 2013 yilda qariyb 2,7 ming bolaning tug‘ma xastaliklar va rivojlanishdagi nuqsonlar bilan tug‘ilishining oldini olish, “Ona va bola skriningi” dasturining hayotga tatbiq etilishi natijasida rivojlanishda nuqsoni bor bolalarning tug‘ilishi 2000 yilga nisbatan 1,8 marta kamayishiga erishildi.
Ezgu an’analarimizdan yana biri-bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarni nikohdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi joriy qilinganidir. Zero, xalqimizda kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal, degan naql bor. Agar har bir odam o‘zi va farzandlari sog‘lig‘i haqida o‘z vaqtida qayg‘ursa, butun jamiyatda shunday muhit shakllanishi, tabiiy.
Kelgusi yilda bu amaliyot davom etadi. Xususan, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2014 yilda 115 ta bolalar sporti ob’yektini qurish va rekonstruksiya qilish, ularni asosan mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy sport anjomlari bilan ta’minlash uchun 107 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Darhaqiqat, sog‘lom avlodni tarbiyalash – uzluksiz jarayon. Bu keng miqyosdagi ko‘pdan ko‘p vazifalarni bajarishni, har bir inson, har bir oila, butun jamiyatdan doimiy e’tibor va mas’uliyatni talab qiladi.
Hafiza KARIMOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati