Dunyo va salomatlik (2014/5)
ANOR KO‘KRAK BEZI SARATONINING OLDINI OLADI
XX va XXI asrning jiddiy muammosi deya e’tirof etilgan saraton (rak) kasalligi hozirgi kunda ham jahon tibbiyotining hal qilinishi lozim bo‘lgan eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib turibdi. Shu sababdan so‘nggi o‘n yil davomida ana shu muammo yechimi yo‘lida ko‘plab izlanishlar amalga oshirildi. Muolajalar foydali bo‘lish bilan birga anchayin qimmatligini ham ta’kidlab o‘tish zarur.
Ogayo universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida anorni doimiy ravishda iste’mol qilish ko‘krak bezi saratoni xavfini sezilarli ravishda kamaytirishi aniqlandi. Olimlarning fikricha anor donachalari inson organizmida saraton hujayralarining ko‘payishiga sabab bo‘ladigan estrogen gormonining me’yoridan ortiq ishlab chiqarilishiga chek qo‘yish xususiyatiga ega. Ayrim sabab va kasalliklar tufayli organizmda estrogen gormoni ortib ketadi va bu saraton kasalligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari anor sharbati anemiya (kamqonlik)da, ochlik hissini yengish va vaznni bir me’yorda ushlab turishda ham juda foydalidir.
KO‘K ChOY BOLALAR SARATONINI YeNGISHGA YORDAM BERADI
Avstraliya Bolalar saraton kasalliklari instituti doktori Oratsio Vittorioning fikricha ko‘k choy ekstrakti yosh bolalardagi saraton hujayralarini parchalab tashlash xususiyatiga ega ekan. Ko‘k choyning foydasi hattoki kimyoterapiya ojiz bo‘lgan holatlarda ham yordam beradi.
Olib borilgan tadqiqotlar natijasida choyning tarkibidagi katexin antioksidanti bor-yo‘g‘i uch kun ichida neyroblastoma hujayralarining 50 foizini yo‘q qilib yuborishi aniqlandi. Neyroblastoma saratonning bolalar orasida eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, hozirgacha uning aniq davosi topilmayotgandi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarga ko‘k choy (umuman choy) ichirish mumkin emas. Sababi choy tarkibidagi tanin moddasi organizmda temir moddasining o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa o‘z navbatida kamqonlikning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Choyni ovqatlanishdan bir soat keyin ichish kerak.
Shuningdek, kichik yosh (5 yoshgacha) dagi bolakaylarga turli sun’iy bo‘yoqli suvlar ichish ham ta’qiqlanadi. Chunki, bu sun’iy bo‘yoqlar organizmda allergiya keltirib chiqaradi.
Farruh BERDIYOROV tayyorladi