Quyoshning xavfli ultrabinafsha nurlaridan qanday himoyalanish kerak?
Quyoshning yuqori ultrabinafsha nurlari nimasi bilan xavfli? Undan qanday himoyalanish kerak? Bunday paytda quyosh nuri allergik reaksiyalar keltirib chiqarishidan ehtiyot bo‘lish lozim. Xususan, bu kabi noqulay ob-havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatit kasalligi yuzaga kelishi mumkin.
Quyosh nurining o‘zi esa allergen hisoblanmaydi. Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkin.
Oqibatda ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘ va turli toshmalar yuzaga keladi. Ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar kuzatiladi.
Qolaversa, ko‘zning shilliq qavatiga ultrabinafsha nurlarining ta’siri kon’yunktivit va keratit, ya’ni shohpardaning yallig‘lanishini ham keltirib chiqaradi.
Bunday yallig‘lanish zararli nur ta’siridan bir necha soat o‘tgach paydo bo‘lib, ikkisi ham og‘riqli kechadi. Shu bilan birga, ultrafinafsha nurlar kataraktaning rivojlanishiga ham sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, nurlanish indeksi yuqori bo‘lgan vaqtda ochiq havoda uzoq vaqt yurish saraton kasalligiga moyillikni oshirib, immunitetni pasaytiradi.
Shu bois bunday kunlarda soat 11:00dan 16:00gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tug‘ilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, ko‘zoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyish tavsiya etiladi.
Ilmira RAZIKOVA,
tibbiyot fanlari doktori,
professor