«Kesarcha» yo‘li bilan farzand ko‘rgan ayolga tabiiy tug‘uruq man etiladimi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda kesarcha kesish amaliyoti orqali tug‘ilayotgan chaqaloqlar ulushi 20 foizni tashkil qilmoqda. Agar jarayon shu taxlit davom etsa, 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 30 foizga yetishi mumkin.

Qolaversa, o‘rganishlar shuni ko‘rsat­yaptiki, dunyoning rivojlangan va taraqqiy etayotgan aksariyat mamlakatlarida homilador ayollar tez, xavfsiz, muhimi, og‘riqsiz usul sifatida kesarcha kesishni ma’qul ko‘rmoqda.
Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri? Aslida mazkur amaliyot qanday holatlarda tavsiya etiladi? «Kesarcha» yo‘li bilan farzand ko‘rgan ayolga tabiiy tug‘uruq man etiladimi? Quyida shu kabi savollarga javob izlaymiz.

Tug‘uruq – homiladorlikning yakuniy bosqichi bo‘lib, bu tabiiy holatga ayol organizmi moslashgan bo‘ladi. Agar ona va tug‘iladigan go‘dak sog‘lom hamda tug‘uruq amaliyoti normal o‘tsa, bunga tibbiy aralashuvning zarurati yo‘q. Biroq tajribamdan kelib chiqib shuni aytamanki, har doim ham mazkur jarayon bir tekis kechavermaydi. Bu esa ona va go‘dak salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.


Bunday vaziyatlarda tug‘uruq operativ yo‘l bilan, ya’ni kesarcha kesish amaliyotini qo‘llagan holda bajariladi. Ushbu jarrohlik usuli qorin bo‘shlig‘ida qilinadigan operatsiya hisoblanadi. Unda bola onaning qorin devoridagi kesilgan joy orqali chiqarib olish yo‘li bilan tug‘iladi. Uning 2 ta – rejali va shoshilinch turlari bo‘lib, homiladorlikning 38-39 haftaligida amalga oshiriladi.
Rejali kesarcha kesish homiladorlikni rejalashtirish yoki «og‘iroyoqlik» davrida belgilanadi. Shoshilinch usul esa tug‘uruq payti yoki homila hayotiga xavf tug‘ilganda bajariladi.
So‘nggi yillarda tibbiy ko‘rsatma bo‘lmasa-da, dunyoning aksariyat mamlakatlarida homilador ayollar orasida ushbu usul rosmana «epidemiya»ga aylandi. Albatta zamonaviy jarrohlik yondashuvlari, samarali og‘riq qoldiruvchi vositalar va antibiotiklar sababli ushbu operatsiya­ni ona va chaqaloq uchun minimal xavf bilan amalga oshirish imkonini bermoqda.
Siz hayron bo‘lishingiz mumkin: agar ayollarning o‘zi bu usulni ma’qul ko‘rayotgan va u minimal darajada xavfsiz bo‘lsa, nima uchun uni tanlamaslik kerak? Eng birinchi galda kesarcha kesish – jarrohlik aralashuvi ekanini unutmaslik zarur. Shu sababli uni faqat tibbiy ko‘rsatma bo‘lgandagina amalga oshirish tavsiya etiladi.

Xususan, mazkur amaliyot tos suyagining torligi, homilaning tug‘uruq yo‘llaridan o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar, ya’ni yo‘ldoshning noto‘g‘ri joylashuvi, bachadon miomasi, chanoq bosh disproporsiyasi, bachadon yorilishi ehtimoli kuzatilganda kesarcha kesishga ko‘rsatma beriladi.

Shuningdek, gipoksiya (kislorod yetishmasligi) yoki homilaning yurak disfunksiyasi, uning ko‘ndalang yoki teskari joylashuvi, gipertenziv holatlar, tug‘uruq faoliyatining zaifligi ham operatsiya uchun sabab bo‘lishi mumkin.
Kesarcha kesish – jarrohlik aralashuvi bo‘lib, har qanday holatda ham tabiiy tug‘uruqdan farq qiladi. Bunday operatsiyadan keyin ayolning bachadonida chandiq hosil bo‘lishi va bu keyingi tug‘uruqlarning tabiiy kechishiga salbiy ta’sir etishi mumkin.
Shuningdek, ushbu amaliyotdan so‘ng onaning reabilitatsiya davri ham ancha uzoq davom etadi. Xususan, ayolning bachadoni qisqarishi uchun tabiiy tug‘uruqqa nisbatan ko‘proq vaqt talab etiladi.
Qorin old devorida kosmetik chandiq qolishi, chok izlari, yallig‘lanish, infeksiya tushish xavfi, standart jarrohlik asorati bo‘lgan qon ketish, emizish bilan bog‘liq muammolar ham ushbu amaliyotning salbiy jihatlaridir.
Umuman olganda tabiiy tug‘uruq fiziologik jarayon ekanligini har bir bo‘lg‘usi ona tushunishi, muhimi, kesarcha kesish bolani odatiy yo‘l bilan tug‘a olmaydigan ayollar uchun mo‘ljallanganini anglashi zarur. Ya’ni, ushbu operativ usul faqat onaning xohishi bilangina amalga oshirilmaydi va tabiiy tug‘uruqdan qo‘rquv kesarcha kesishga asos emas. Buning uchun aniq tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lishi lozim.
Kesarcha kesish amaliyoti orqali farzandli bo‘lgan aksariyat ayollar ke­yinchalik tabiiy tug‘uruqning imkoni yo‘q, deb o‘ylaydi. Bu noto‘g‘ri. Boisi, dunyo tibbiyotida to‘plangan taj­ribaga ko‘ra, operativ usul orqali farzand ko‘rgan ayollarning aksariyatida keyinchalik tabiiy tug‘uruq me’yoriy kechishi tasdiqlangan.
Agar ayolda birinchi kesarcha kesish operatsiyasi o‘tkazilgan bo‘lsa, ona va homila salomatligi uchun hech qanday qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, tabiiy yo‘l bilan tug‘ish mumkin. Ammo bachadonda 1 ta chandiq bo‘lgan ayol tabiiy yo‘l orqali tug‘ayotganda, homila va onaning holati monitoring qilinishi va shoshilinch akusherlik yordamga tayyor bo‘lish lozim.

Yana shuni ta’kidlash kerakki, jarrohlik yo‘li orqali farzand ko‘rgandan keyingi homiladorlik ikki yildan so‘ng bo‘lishi maqsadga muvofiq. Chunki, ayni shu muddat ona salomatligining tiklanishi va go‘dakning sog‘lom dunyoga kelishi uchun juda muhim.

Nilufar O‘RINBOYEVA,
Respublika perinatal
markazi direktori

Yana o‘qing:  Zararli odatlardan qanday xalos bo‘lish mumkin?

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: