Immunitet zaiflashganda qanday mahsulotlar iste’mol qilgan ma’qul?
Immunitet tizimi zaiflashganda turli kasalliklar avj olishining oldini olish uchun avvalo, sho‘r, achchiq va yog‘li taomlardan tiyilish zarur. Tarkibida shakar va kofein bo‘lgan mahsulotlar iste’molini ham cheklagan ma’qul.
Ularning o‘rniga, qovoq, sabzi, lavlagi, pomidor, piyoz, sarimsoq, ko‘katlar, sutli mahsulotlar, olma, sitrus mevalar, yog‘siz go‘sht, baliq va asal tanavvul qilish tavsiya etiladi.
Ushbu noz-ne’matlar organizmni mineral va vitaminlar bilan to‘yintirib, immunitet tizimini mustahkamlaydi.
Tananing kasalliklarga qarshi kurashuvchanlik qobiliyatini oshiradigan mahsulotlardan biri – piyoz. U organizmga tushgan mikroblar bilan kurashish, saraton hujayralari o‘sishini to‘xtatishga yordam beradi, immunitetni oshiradi.
Sarimsoq piyoz – stressdan keyin tanani tiklashga ko‘maklashadi, jigarni tozalaydi. U yallig‘lanish va o‘smalar bilan kurashish uchun ajoyib vositadir.
S vitamini ham immun tizimini mustahkamlaydi. U limon, na’matak, apelsin, shirin qalampir, qora smorodina tarkibida ko‘p miqdorda mavjud bo‘ladi.
Zanjabil (imbir) – organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini tez kuchaytiruvchi mineral va vitaminlarga boy mahsulot.
Kuniga bir choy qoshiq asal iste’mol qilish ham sog‘lik uchun foydali.
Biroq allergiyaga moyil, surunkali kasalliklardan aziyat chekuvchi kishilar bu mahsulotlarni iste’mol qilishda shifokorlar bilan maslahatlashishlari zarur.
Botir TOJIYEV,
Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori