Dorixona xodimi bemorga dori vositasini tavsiya qilishi to‘g‘rimi?
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi
185-son qarori bilan tasdiqlagan nizomga asosan amalga oshiriladi.
Unga muvofiq, dori vositasi va tibbiy buyumni berish paytida dorixonaning farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimi xaridorga quyidagilar haqida ma’lumot berishi lozim:
– dori vositasi va tibbiy buyumni qo‘llash tartibi,
– qo‘llash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari,
– qo‘llash usuli,
– saqlash tartibi,
– yaroqlilik muddati va boshqalar.
Shuningdek, dorixona xodimi xaridor e’tiborini dori vositasi va tibbiy buyumning qo‘llash yo‘riqnomasi bilan tanishib chiqishga qaratishi kerak.
Dorixona xodimi iste’molchi (yoki bemor) holatiga ko‘ra dori tavsiya qilishi, shuningdek, davolovchi shifokor ko‘rsatmasiga binoan retsept bilan beriladigan dori vositasini retseptsiz berishini, albatta, noto‘g‘ri deb bilaman.
Chunki bemorning kasallik tarixi, undagi fiziologik holat haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmay turib, o‘zboshimchalik bilan dori tavsiya qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Qonunchilikka muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan boshlab mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha tibbiyot tashkilotlarida bemorga majburiy tartibda xalqaro patentlanmagan nombo‘yicha retsept yozilishi belgilangan.
Bunda bemorga tayinlangan dori vositalari (halqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) uning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd qilinadi va davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi.
Afsuski, shunga qaramay, ayrim dorixonalarda retsept bilan berilishi lozim bo‘lgan dori vositalarini retseptsiz berish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa o‘zboshimchalik bilan davolanish hamda dori vositalarining tartibsiz iste’moli natijasida turli nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarmoqda.
Shu o‘rinda, yurtdoshlarimizdan dori vositalarini shifokor ko‘rsatmasiga binoan xarid qilishlari va ularni iste’mol qilishda, albatta, qo‘llash yo‘riqnomasiga qat’iy amal qilishlarini so‘raymiz.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, retseptsiz berish mumkin bo‘lmagan dori vositalarini sotgan tadbirkorlarga javobgarlik belgilangan.
Qonunchilikka ko‘ra, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi va psixotrop moddalar, giyohvandlik vositalari mavjud bo‘lmagan, retsept bilan beriladigan dori vositalarini retseptsiz sotish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarimaga sabab bo‘ladi.
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarni retseptsiz sotish esa bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravari miqdorida jarima, ikki yil axloq tuzatish ishlari yoki uch yillik qamoq jazosiga sabab bo‘ladi.
Dorixonalar muntazam ravishda bunday qonunbuzarlikni sodir etib kelgan taqdirda, bu holat litsenziya talablari va shartlarining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi.
Dorixonalarga tadbirkorlik sub’yekti deb qaraladi. Holbuki, u yerda oq xalat kiygan mutaxassislar ishlaydi. Bu – ular barcha farmatsevtik talablarga to‘liq javob berishi kerak degani.
Shuning uchun mamlakatimizdagi barcha dorixonalar tomonidan zarur dorixona amaliyoti talablari bajarilishini ta’minlash lozim.
Muhabbat IBRAGIMOVA,
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi