Jigarni qanday tozalash mumkin?
Jigar organizmda filtr vazifasini bajaradi. Barcha iste’mol qilingan moddalar filtrlanib, so‘ng qonga o‘tadi. Jigar sog‘lig‘i endokrin, hazm, teri va immunitet tizimlari, tiroid bezi va metabolizm sog‘lig‘i uchun juda muhim.
Jigaringiz tozalanishga muhtojligini quyidagi simptomlar orqali bilib olishingiz mumkin: allergiyalar; hazmsizlik; qorin ko‘p dam bo‘lishi; diabet; diareya; tez-tez ich qotishi; menstrual regulyarlikning buzilishi; semirib ketish va oza olmaslik; shishib ketishlar (otek); yaralarning sekin tuzalishi; o‘t pufagi muammolari; teri sarg‘ayishi; teri muammolari; uyqusizlik; doimiy stress;
Psixologik muammolar: doimiy kayfiyatsizlik, depressiya va boshqalar; sababsiz og‘riqlar; yuqori qon bosimi; qon aylanishining buzilishi.
Jigarni tozalashdan oldin quyidagi mahsulotlarni iste’moldan chiqarish muhim: zararli ozuqalar; rafinadlangan uglevodlar; qayta ishlangan mahsulotlar; sintetik vitaminlar; alkogol.
Quyidagilarni doim iste’mol qilish jigar uchun foydali: krestgulli sabzavotlar (karam, brokolli, kale); to‘q yashil ko‘katlar va sabzavotlar; sabzavotlar (piyoz, gulkaram, qizil lavlagi, artishok); mevalar (limon, nok, olma, papaya, mango, greypfrut); murakkab uglevodlar (jigarrang guruch, suli, arpa, javdar); oqsillar; dukkaklilar (yasmiq, no‘hat, loviya); ziravorlar (sarimsoq, dolchin, muskat); yong‘oqlar va urug‘lar; zig‘ir yog‘i.
12 yoshdan kichik bolalar, o‘smirlar, qariyalar, homiladorlar, emizikli onalar, immunitet tanqisligi mavjud bemorlar (OITS, organ transplant qilinganlar, ba’zi saraton bemorlari), diabetli bemorlar hamda yurak kasalliklari mavjud insonlarga jigar tozalash tavsiya qilinmaydi yoki jigar tozalashda mutaxassis nazorati shart bo‘ladi.
Tumov, shamollash, ich ketishi kabilar bilan kasallanib qolsangiz, tuzalguncha jigar tozalashga kirishmay turing. Doimiy ich qotishi muammosi borlar avvalo ichaklarni tozalashlari, ovqatlanish tarzini o‘zgartirishlari kerak. Jigar tozalashdan avval ichaklarni tozalab, gijjalarni tushirish, buyraklarni tozalash tavsiya qilinadi.
Bundan keyin jigar tozalansa natija samaraliroq bo‘ladi. Gijjalarni tushirishda shuvoq o‘ti juda samarali hisoblanadi. Shuvoq gijjalarni o‘ldirmaydi, balki organizmni sog‘lomlashtirish hisobiga ulardan bizni halos qiladi. Shuvoq hazm sistemasini tuzatadi, organizmdagi hazm bo‘lmasdan qolib ketgan parchalarni parchalaydi. Shu tariqa parazitlar va gijjalar ovqatsiz (yaxshi hazm bo‘lmagan chiqindilarsiz) qolib bunday muhitda yashay olmaydi va organizm ulardan halos bo‘ladi. Xulosa qilganda, gijjalar nosog‘lom ovqatlanishning simptomlaridan biri ekan.
Magniy sulfat ichni yumshatuvchi xususiyatga ega. Agar sizda quyidagi holatlar bo‘lsa, magniy sulfat ishlatish tavsiya qilinmaydi: oshqozon og‘rig‘i, ko‘ngil aynashi, kuchli ich qotishi, ich ketishi.
Zuhra ERGASHEVA tayyorladi