Qandli diabet: davolash qay taxlit amalga oshiriladi?
Asoratlari xavfli
Epidemiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, oxirgi o‘n yil ichida qandli diabetning 1-turi bilan kasallanish, ayniqsa, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ortib bormoqda. U autoimmun xastalik bo‘lib, atrof-muhitdagi patogenetik omillar (toksin, virus) pankreatin beta-hujayralarni shikastlaydi. Zararlanish 70-80 foizga yetgach, xastalikning klinik manzarasi namoyon bo‘ladi.
Agar o‘z vaqtida tashxis va davo choralari ko‘rilmasa, og‘ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin. 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar va chaqaloqlarda turli asosiy kasalliklar sababli qand miqdorining ko‘tarilishi yoki gipperglikemik sindrom kuzatiladi. Qandli diabetning 1-turini davolash parhez saqlash, jismoniy harakatlar va insulinoterapiyadan iborat.
Bolalarda mazkur kasallik turi o‘tkir kechadi. Ota-onadan ham, shifokordan ham bu davrda katta ma’suliyat talab qilinadi. Tezkor tashxislash va shu yo‘sinda davolash jajji bemor ahvolini yaxshilaydi.
Qandli diabetning 1-turi autoimmun kasallik bo‘lganligi uchun nasldan naslga o‘tadi.
Shunga qaramay, bola qat’iy parhezga amal qilsa, jismoniy faol bo‘lsa va doimiy holati nazorat qilib borilsa, kasallikning kechki asorati oldi olingan bo‘ladi.
Agar aksi kuzatilsa, ko‘z, buyrak faoliyatida buzilish qayd etiladi. Mayda va katta qon tomirlaridagi asoratlar bilan birga, bo‘y o‘smasligi va jinsiy rivojlanishning orqada qolishi holatlari kuzatiladi. Ushbu belgilar qandli diabetning kechki asoratlaridan hisoblanadi.
Kun tartibi
Farzandiga qandli diabet 1-tur tashxisi qo‘yilgan ota-onalar dastlab o‘g‘il-qizlarini har bir viloyatdagi endokrin dispanserlari qoshida faoliyat olib borayotgan maxsus diabet maktablariga jalb qilishlari shart.
Qolaversa, bunday xastalikka chalingan kichik yoshli bemorlarning to‘g‘ri ovqatlanishi juda muhim. Chunki iste’mol qilinadigan mahsulotning tarkibi va qanday tayyorlanganligi qondagi qand miqdori o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Bola yaxshi o‘sib-ulg‘ayishi uchun lozim bo‘lgan oqsil, yog‘, uglevod, vitamin va mikroelementlar kundalik ratsionga kiritiladi.
Uglevodlarni iste’mol qilishda ularning glikemik indeksiga e’tibor qaratiladi. Glikemik indeksi past bo‘lgan mahsulotlar (dukkaklilar, suli, sabzavotlar) qondagi qand miqdorini sekin ko‘taradi.
Diabet bilan og‘rigan bolalarga kun davomida 5-6 mahal, jumladan, 3 marta asosiy va oraliq vaqtda qo‘shimcha ovqatlanish tavsiya etiladi.
Parhezga rioya qilinganda qondagi qand miqdori keskin ortishi va qandning turli a’zo hamda to‘qimalarga nojo‘ya ta’siri oldi olinadi, qabul qilinayotgan insulin dozasini korreksiyalash oson bo‘ladi. Shuning uchun bolalar va ularning ota-onalari iste’mol qilinayotgan uglevodlarni hisoblashni bilishlari lozim.
Jismoniy faollik ham organizmda qand o‘zlashtirilishini yaxshilash bilan birga, turli asoratlar rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi.
Bunday bolalarga ko‘pincha yengil atletika, gimnastika, suzish mashqlari tavsiya etiladi.
Muolaja
Hozir zamonaviy tibbiyotda qandli diabetning 1-turi maolajasida insulin pompa terapiyasi yaxshi samara bermoqda.
Bu davo turi yuqori texnologik jarayon asosida organizmga insulin garmonining bir me’yorda berib turilishi va qand ko‘rsatkichlari nazoratda bo‘linishini ta’minlaydi.
Diabetning 1-turidan butunlay tuzalish imkonsiz bo‘lsa-da, lekin ba’zi hollarda bez faoliyatini me’yorda ushlab turib, parhezga amal qilinsa, kasallik bemorni ortiqcha bezovta qilmaydi.
Doimiy ravishda sun’iy insulin qabul qilish talab etiladi. Bu modda oshqozon-ichak traktida parchalanib ketishi bois, u faqat ineksiya orqali ovqatlanish vaqtida kiritiladi.
Qat’iy parhezga amal qilib, ovqat ratsionidan yengil hazm bo‘luvchi uglevodlar (shakar, shirinliklar va mevali sharbatlar)ni butunlay chiqarib tashlash kerak.
Diabetning bir hamda ikkinchi turi chidamli shakllarini butunlay davolashning imkoni yo‘q.
Lekin doimiy nazorat ostida bo‘lgan va shifokor tavsiyalariga amal qilgan holda kasallik asoratlarining oldini olish yoki butunlay cheklash mumkin.
Kasallik uzoq davom etganda, barcha a’zolarda o‘ziga xos o‘zgarishlar yuzaga keladi: yurak va qon tomirlari, ko‘z, buyrak, nerv tizimidagi o‘zgarishlar, infeksion asoratlar, jarohatlarning qiyin bitishi shular sirasidandir.
Bu asoratlarga qarshi o‘zboshimchalik bilan davo choralari izlamasdan, albatta, shifokor tavsiyalariga amal qilish shart.
Shahnoza AZIMOVA,
bolalar endokrinologi,
tibbiyot fanlari nomzodi