Maroqli ta’til – yil bo‘yi tatir

Kirib kelgan yangi yil hamisha bolalarning shodon kulgusi, olamni tutguvchi quvonchiga guvoh bo‘ladi. Boshlanajak yil sof tilak va niyatlar bilan yanada munavvarlashadi. Qor zavqi, bayram shukuhi ila limmo-lim bo‘lgan qishki ta’til esa bolajonlarga bir dunyo taassurotlarni in’om etadi.

Zangiota tumanidagi 59-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Xonzodaxon esa qishki ta’tilda ingliz tilidan o‘tilgan darslarni takrorlab, uni yanada mustahkamlayapti. Uning fikricha bu – navbatdagi topshiriqlarning tushunarli bo‘lishiga yordam berar ekan.

– Ta’tilni ba’zi o‘quvchilar o‘qishdan butkul holi o‘tkazsa, ayrimlari o‘z bilim va qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyati deya qadrlashadi, – deydi shu maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Sohibjamol Xo‘jayeva. – Pedagogik tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ta’tildan qaytgan o‘quvchilarning aksariyati o‘tilgan darslarni ko‘pincha unutib qo‘yishadi. Shu sababdan ta’til davomida berilgan topshiriqlarni takrorlab borish fanlarni o‘zlashtirishda ularga qo‘l keladi. Zero, allomalar aytganidek, bilim takrorlash mevasidir.

Bu ko‘nikmani esa inson bolalagidan shakllantirib borishi lozim. Shuning uchun mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir vaqtda olingan ma’lumotlardan ko‘ra har kuni oz-ozdan qabul qilingani samaraliroq va ular inson xotirasida hech qanday qiyinchiliklarsiz saqlanib qoladi. Ingliz tili o‘qituvchisi Elnura Sobirovaning fikriga ko‘ra birgina xorij tilini o‘rganish uchun o‘quvchi o‘zida til o‘rganish ko‘nikmasini hosil qilishi lozimligi va uning har kuni oz-ozdan shug‘ullanib borishi bora-bora mustahkam bilimga poydevor bo‘lar ekan.

– Maktab yoshidagi bolalar hali o‘zini kashf etmagan bo‘ladi, – deydi ko‘p yillardan buyon ta’lim sohasida faoliyat yuritib kelgan tajribali psixolog Roziya Niyazimbetova. – Bu tabiiy. Shuningdek, ularda o‘z qiziqish va qobiliyatini belgilab olish tajribasi yetishmaydi. O‘z o‘rnida ulardagi qiziqish va qobiliyatni inobatga olgan holda yo‘nalish berishda kattalarning ko‘magi muhim va zarurdir.

Nabirasi Nozimada raqsga bo‘lgan qiziqishini payqagan Mahmud ota ham uni qishki ta’tilda Respublika o‘quvchilar ijod saroyida tashkil etilgan raqs dastasiga olib kelayapti. Uning aytishicha, bu Nozimaning ta’til kunlari mazmunli o‘tishiga yordam berar ekan.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning qishki ta’til kunlarini mazmunli va maroqli tashkil etish maqsadida vazirlik tomonidan “Xalq ta’limi tizimida o‘quvchilarning qishki ta’tilini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqildi.

Яна ўқинг:  Islomxo‘janing orzusi

– Belgilangan reja asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tegishli tashkilotlarga reja ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur tavsiyalar berildi, – deydi “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyatini tashkil etish sho‘basi boshlig‘i Doniyor Ermatov. – Bunga ko‘ra umumta’lim maktablari, “Barkamol avlod” bolalar markazlari hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablaridagi fan, kasbga yo‘naltirish hamda sport to‘garaklari mashg‘ulotlarining to‘laqonli va samarali faoliyat olib borishini ta’minlash belgilangan. Shuningdek, “Barkamol avlod” bolalar markazlarida “Maroqlidir qishki ta’tilim” shiori ostida o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish va unga hududdagi barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilarini jalb qilish ko‘zda tutilgan. “Barkamol avlod” bolalar markazlarida tashkil etilgan “Qish ziynati liboslarda”, “Qishki ta’tildagi orzuim”, “Mening tasavvurimdagi Qorbobo va Qorqiz” kabi ijodiy ko‘rgazmalar ham ta’til kunlarining mazmunli o‘tishiga xizmat qiladi. Ingliz tilida tashkil etilgan turli bellashuv va musobaqalarning o‘tkazilishi esa bolalarning chet tillarini yanada mukammal o‘zlashtirishlariga turtki bo‘lmoqda.

Qish tarovati bolalarga xush yoqadi. Ta’til kunlarining to‘g‘ri va maroqli tashkillashtirilishi esa o‘qish jarayonida o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishlariga yordam berishi shubhasiz.

Ma’rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: