Yangi yilni O‘zbekistonda kutib olayotganimdan xursandman

Mamlakatimizda Yangi yil ayyomini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bayram arafasida poytaxtimiz ko‘chalari, saylgoh va bog‘larida ko‘plab xorijlik sayyohlarni uchratish mumkin. O‘zA muxbiri ulardan ayrimlarining taassurotlari bilan qiziqdi.

Jozef ALLEN (Avstraliya):

– Yangi yil bayrami har bir mamlakatda o‘ziga xos tarzda kutib olinadi. Biz, avstraliyaliklar ham Yangi yil bayramini odatdagidek 1 yanvar kuni nishonlaymiz. Qizig‘i shundaki, Avstraliyada bu paytda havo juda issiq bo‘lganidan Qorbobo va Qorqiz sovg‘alarni cho‘milish kiyimida tarqatadi.

Shu kabi rasm-rusumlarga juda qiziqqanim bois Yangi yil bayramini har yili turli davlatlarda kutib olishga harakat qilaman. Bu yil oilam bilan O‘zbekistonga keldik. Toshkent shahridagi madaniyat va istirohat bog‘lari, maydon va xiyobonlarni tomosha qilib yuribmiz. Yorqin chiroqlar nurlarida tovlanayotgan go‘zal Toshkent oqshomlari yanada jozibali, fusunkor manzara kasb etgan. Farzandlarimning bu yerga kelganidan quvonchi cheksiz.

O‘zbekistondagi tinchlik, barqarorlik, odamlarning hayotdan mamnun yashayotgani har qadamda seziladi. Bunday mamlakatga bayramlar juda yarashadi!

Jong KVAN (Xitoy):

– Men Toshkentda ishlaydigan akamning taklifi bilan O‘zbekistonga keldim. Mehmonxonalar, supermarketlar, ko‘chalar va maydonlarda bayram nafasi ufurib turibdi. Bezatilgan archalar, bozor va savdo ko‘rgazmalaridagi turfa o‘yinchoqlar, sovg‘alar kishi ko‘zini quvontiradi.

Orzuim – Samarqandni ko‘rish! Xitoy xalq ertaklarida ushbu qadimiy shaharning nomi juda ko‘p tilga olinadi. Shu bois ko‘pchilik Chin ahli bu shaharni bir ko‘rish orzusida yashaydi. Menda shunday imkoniyat tug‘ilganidan foydalanib, qadimiy va navqiron Samarqandni ziyorat qilmoqchiman. Yangi yilni ham Samarqandda kutib olaman. Bu bir umr yodimda qoladigan, yurtdoshlarimga faxrlanib gapirib yuradigan voqea bo‘lishiga ishonaman.

Danilo MASIN (Italiya):

– Toshkentning keng, fayzli va osoyishta ko‘chalarini sayr qilib yurar ekanman, yog‘ayotgan oppoq qor, tanga huzur bag‘ishlovchi musaffo havo kayfiyatimni g‘oyat ko‘tarayotganini his qilyapman. Ko‘chalarning qay biriga kirmay, milliy va zamonaviy arxitektura yutuqlarini o‘zida mujassam etgan, biri-biridan go‘zal binolar diqqatimni tortadi.

Tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan mamlakatga bayram va tantanalar yarashadi. O‘zbekistonda bu ulug‘ ne’mat doim barqaror bo‘lib, xalqingiz farovonligi yanada yuksalishini tilayman.

Indrani SEN xonim (Hindiston):

– Yangi yilni xorijda kutib olishni ko‘pdan orzu qilar edim. Shu maqsadda O‘zbekistonni tanlaganimdan xursandman. Bu yerga turmush o‘rtog‘im va farzandlarim bilan keldik. Mustaqillik maydonidagi turli attraksionlar, bayram tomoshalari bolalarimga juda yoqdi.

Yana o‘qing:  Maktab va moslashuv

Bu yerda mazza qilib o‘ynayotgan bolajonlarni ko‘rib havasimiz keldi. Ularga mamnun boqib turgan ota-onalarning yuz-ko‘zlarida xotirjamlik, baxtiyorlik namoyon. O‘zbekistonda oilalarga, bolalarga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tiborni ushbu maydondagi tantanalarda ham yaqqol his etish mumkin. Bunday ulkan e’tibor va shart-sharoit, tinch-osoyishta va farovon hayot, jamiyatingizdagi ahillik va totuvlik muhiti xalqingizning eng katta boyligidir. Uning qadriga yetish, avaylab-asrash va mustahkamlash O‘zbekistondagi barakani yanada oshiradi.

Kevin RENARD (Belgiya):

– Dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lganman, lekin o‘zbeklardek mehmondo‘st xalqni kam ko‘rganman. Bu yurtingizdagi tinchlik-osoyishtalik, to‘qchilikdan bo‘lsa kerak. Milliy taomlaringizni tatib ko‘rdim. Bunday totli va to‘yimli ovqatni umrimda yemaganman. Qadimiy obidalar, xalq amaliy san’ati durdonalarini katta qiziqish bilan tomosha qilyapman.

O‘zbekistonda chet ellik sayyohlarning yashashi, hordiq chiqarishi, bayram kunlarini maroqli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 2014 yilni Toshkentda kutib olmoqchiman. O‘zbekistondek gurkirab rivojlanayotgan zamonaviy mamlakatda har bir bayram maroqli o‘tishiga ishonaman.

O‘zA muxbiri Nodira MANZUROVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: