Soch to‘kilishini to‘xtatish sirlari
Kuchli va qalin sochlar yoshlik va go‘zallik timsoli. Uning ortiqcha to‘kilishi esa insonda psixologik noqulaylikni keltirib chiqaradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 50 foiz erkak aynan soch to‘kilishidan aziyat chekmoqda. Bu, albatta, bir necha omillar bilan bog‘liq.
SSV Matbuot xizmati ushbu mavzuga doir savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Ilhom RAHIMOVga murojaat qildi.
– Soch to‘kilishi har kuni va har kim bilan ro‘y beradigan jarayon bo‘lib, inson kuniga o‘rtacha 60-100 tola soch yo‘qotadi, – deydi Ilhom Rahimov. – Boshda o‘rta hisobda 50 mingdan 150 mingtagacha soch tolasi bo‘lishi me’yor hisoblanadi. U follikuladan o‘sib chiqadi. Follikula ostida esa soch qopchasi joylashgan bo‘lib, u yerda soch ildizi rivojlanadi.
Soch qopchasida yangi tola paydo bo‘la boshlaganda, eskisi to‘kilib ketadi. Bu esa tabiiy jarayon hisoblanadi. O‘rtacha 2 yildan 4 yilgacha yashaydigan soch tolasi asosan kunduzi va ko‘proq bahor hamda yoz oylarida nisbatan tezroq o‘sadi.
Soch – inson tanasidagi eng nozik va eng «jonkuyar» a’zolardan biri. Chunki uning to‘kilishiga organizmning boshqa a’zolari kasallanishi yoki asab tolalarining taranglashishi sabab bo‘ladi.
Uning me’yoridan ortiq to‘kilishi, avvalo, nerv tizimining zo‘riqishi tufayli boshlanadi. Qolaversa, ichki sekretsiya bezlari, jigar, me’da-ichak yo‘li a’zolari faoliyatining buzilishi, vitamin yetishmasligi yoki soch folikulalaridagi tug‘ma nuqsonlar ham bunga turtki bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, seboreya (yog‘ ajralishining buzilishi) natijasida sochning erta to‘kilishi ehtimoli mavjud. Tana haroratining ba’zi infeksion kasalliklar oqibatida uzoq vaqt yuqori bo‘lishi, zaxm va og‘ir operatsiyalardan so‘ng ham soch tez to‘kilishi mumkin. Shu bilan birga, bosh terisiga zamburug‘ yuqqanida, sochlarimizdan ayrilishimiz hech gap emas.
Asabiylik, jismoniy charchoq va boshqalar oqibatida ko‘pincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq bo‘lib to‘kiladi. Bundan tashqari, toliqish va uyqusizlik oqibatida ham soch kamayishi kuzatiladi.
– Sochning tabiiy yoki me’yoridan ortiq to‘kilayotganini bilish mumkinmi?
– Albatta. Buning uchun boshni yuvib, oradan bir kun o‘tgach, soch tolalarini ushlab torting. Agar qo‘lingizga 7 donadan kam tola uzilib chiqsa, buning zarari yo‘q. Biroq aksi bo‘lsa, imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qilish lozim.
– Soch to‘kilishining oldini olish uchun nima qilish kerak?
– Buning uchun, avvalo, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va to‘g‘ri ovqatlanish zarur. Unutmang, sochlarning to‘kilish muammosini maxsus shampun, vitamin-mineralli komplekslar va shu kabi qo‘shimcha vositalar yordamida hal qilish ijobiy samara beradi.
Soch parvarishiga taalluqli ba’zi vositalar tarkibida foydali va parvarishlovchi komponentlar mavjud va ular sochlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Zarur bo‘lgan moddalar yetishmovchiligini to‘ldirib, follikulalarning oziqlanishini yaxshilaydi.
Soch parvarishida quyidagilarga amal qilish lozim:
– Cochni yuvayotganda suv harorati 35-45 daraja iliq bo‘lishi kerak. Soch qanchalik yog‘li bo‘lsa, suv harorati nisbatan pastroq bo‘lishi zarur:
– shampunni soch turiga qarab tanlash maqsadga muvofiq. Mutaxassislar shampundan so‘ng maxsus tekislovchi vositalardan foydalanishni tavsiya qiladi. Ular soch qurishini va tarashni osonlashtiradi, tolaga elastiklik baxsh etadi:
– soch tarash bir qarashda oddiydek tuyulishi mumkin. Ammo uning ham e’tibor qilinishi lozim bo‘lgan jihatlari bor: jumladan, kalta sochlar ildizidan, uzun sochlar pastki qismidan boshlab taraladi:
– soch quritkichni tez-tez qo‘llash tavsiya etilmaydi. Uni boshdan 40 santimetr uzoqlikda ushlab – «sovuq quritish» lozim.
Unutmang! Sochni sovun bilan yuvish mumkin emas. Chunki sovun toladagi suv-lipid qavatini yo‘qotadi va zararlaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati