Buyrak toshini qanday tushirsa bo‘ladi?
Buyrak toshi kasalligi (nefrolitiaz)da buyrakda toshlar hosil bo‘lib, bu buyrak va peshob yo‘llarida turli o‘zgarishlar paydo qiladi.
Moddalar almashinuvi va siydik kislotasi xossalari buzilishi natijasida kasallik rivojlanadi. Peshobda har doim erigan tusda hozir bo‘luvchi tuzlar muayyan sharoitlarda cho‘kindiga aylanadi. Buning natijasida avval kristallar vujudga keladi, keyin esa ular turli kattalikdagi toshchalarga aylanadi. Uncha katta bo‘lmagan toshlar peshob bilan qovuqqa kelib tushadi va peshob chiquvchi yo‘lni jarohatlab tashqariga chiqishi mumkin.
Tosh hosil bo‘lishiga siydik va shovul kislotalari, fosfor va kalsiy almashinuvining va goho sistin aminokislotasi almashinuvining buzilishi sabab bo‘ladi. Buyrak va peshob yo‘llarida turli infeksiyalar har xil kasalliklarni qo‘zg‘atadi (piyeonefrit, sistit, uretrit), shuningdek, peshobning turib qolishi (prostota bezining adenomasiga) ham sabab bo‘ladi.
Erimaydigan kalsiy fosfati va fosforning boshqa tuzlaridan toshlar hosil bo‘lishiga bez yonidagi juft qalqonsimon bezlarning faoliyati kuchayishi, suyaklarning shikastlanishi, D gipervitaminozlar sabab bo‘lishi mumkin va hokazo. Ular peshob chiqadigan yo‘lda siydikning ishqorli ta’sirida vujudga keladi.
Siydik yo‘liga toshlar kelib tushganda, maydaligida birinchi belgi ko‘pincha bel atrofida kuchli og‘riq xuruj qiladi, undan qorinning pastiga, tushganda, buyrak sanchig‘i siydik chiquvchi yo‘l atrofiga o‘tadi. Buyrak sanchig‘i bilan barobar peshob tez-tez kela boshlaydi, goho harorat ko‘tarilib, ko‘ngil ayniydi.
Xurujlar oralig‘i davrida belda lo‘qillagan og‘riq paydo bo‘ladi, uzoq yurganida, silkinib ketayotgan ulovga minganda, og‘ir narsa ko‘targanda bu og‘riq kuchayadi, goho sababsiz ham og‘riq turadi.
Katta toshlarda ko‘pincha hech qanday alomat sodir bo‘lmaydi, faqat bel atrofida anglab bo‘lmas qandaydir og‘riqlar seziladi xolos, boshqa kasalliklar tufayli bajarilayotgan rentgenologik va UZI tekshiruvlari chog‘ida tasodifan katta toshlar borligi ma’lum bo‘lib qoladi.
Buyrak toshining eng ko‘p uchraydigan asoratlari quyidagilardir:
• piyelonefrit;
• peshob yo‘llarining berkilib qolishi (buyrak blokadasi, buyrak istisqosi);
• buyrak nuqsonlarining rivojlanishi.
Kasallik alomatlari rivojlanganda tekshirtirish va muqobil, muolaja tayin qilish uchun shifokor-urologga murojaat qilish shart. Buyrak sanchig‘i xuruj qilganida «tez yordam» chaqirish zarur.
Tashxis qo‘yish uchun umumiy shifokor ko‘rigida odatdagi tahlillarni tayinlashdan tashqari, peshob ajratuvchi tizim holatini chuqur tadqiq etish zarur. Shu maqsadda shifokor qo‘shimcha tekshiruv usullarini tayinlashi mumkin:
– qonda kalsiy va fosfor to‘planishini aniqlash;
– rentgenologik tekshiruv (vena ichi urografiyasi).
– sistoskopiya;
– buyrakni ultratovushda tekshirish;
amaliy buyrak testlari (kunli diurez, kalavalarning filtrlash tezligi) va hokazo.
Buyrak toshi kasalligi muolajasi buyrak sanchig‘i xurujining oldini olish va toshlarning o‘zi chiqib ketishiga qaratilgan. Ambulatoriya sharoitida bel atrofini issiq saqlash, issiq vanna qilish, ko‘p suyuqlik ichish, spazmolitik usullar qo‘llaniladi. Ushbu choralar samara bermasa, tezlik bilan jarrohlik yoki urologik kasalxonaga yotqizish kerak.
Toshlarning o‘zi chiqib ketgani yoki chiqarib yuborilgandan keyin takroriy tosh hosil bo‘lishidan ogoh bo‘lish uchun dori va parhezni tanlash ma’lum darajada toshlar tarkibiga bog‘liq va tekshiruv natijalari asosida ularni shifokor belgilaydi.
Parhez. Peshobning ishqorli reaksiyasi chog‘ida va unda fosfatlar ko‘p bo‘lsa:
• ishqorga ta’sirli va kalsiyga boy mahsulotlarni cheklash (sabzavot va mevalarning ko‘pchiligi, sut mahsulotlari);
• peshob reaksiyasini kislotali tomonga o‘zgartiruvchi mahsulotlar (go‘sht, baliq, donli, dukkakli, shuningdek, ayrim sabzavot va mevalar qovoq, loviya, klyukva, nordon olmalar, brusnika) va ko‘p suyuqlik ichish tavsiya etiladi.
Ovqatlardan tosh hosil bo‘lishining oldini olish:
– shovul kislotasiga boy mahsulotlar istisno etiladi (dukkaklilar, mosh, ko‘katlar, yong‘oqlar, ravoch, sitruslar, shovul, ismaloq, kakao, shokolad va hokazo);
– kalsiyi ko‘p mahsulotlar cheklanadi (pishloq, tvorog, sut va hokazo);
Yuqoridagi cheklovlarni hisobga olgan holda to‘yimli ovqatlanish va ovqatlar sirasini organizmdan oksalatlarning chiqib ketishini ta’minlovchi (tarvuz, qovun, olma, nok, olxo‘ri, qizil, oq uzum, olma, nok va boshqa mevalar po‘chog‘i qaynatmalari), shuningdek, magniyga boy mahsulotlar (yormalar, kepaklar) bilan boyitish tavsiya etiladi.
Urat toshlari paydo bo‘lishining oldini olish uchun go‘sht, baliq va zamburug‘li bulonlar, sho‘rvalarni, kallapochalar (miya, jigar, buyrak, til va hokazo), go‘sht qiymasi, dudlangan go‘sht, baliqli narsalar, shu jumladan, kolbasalar, bulon to‘g‘ramlari, buzoq go‘shti, kiyik, g‘oz, tovuq, tustovuq go‘shtlari, sardiniya, skumbriya, seld, treska, forel baliqlari, anchoqslar, shportlar, baliqsiz dengiz mahsulotlari (midiyalar, krevetkalar va hokazo) istisno qilinadi.
Mol go‘shti va boshqa tur go‘shtlarni va qaynatib olingan go‘sht mahsulotlarini (sosiskalar, serdelkalar), o‘rdakni, terisiz jo‘jalarni, cho‘chqa yog‘ini, soya, no‘xat, loviya, chechevitsa, sarsabil, gulkaram, ismaloq, shovul cheklanadi.
Sut mahsulotlari, tuxum, yorma va makaron mahsulotlari, sabzavotlarning mutlaq ko‘pchiligi (kartoshka ham), ho‘l mevalar, danakli mevalar, yong‘oqlar, yengillashuv kunlari sut, sabzavot va ho‘l meva mahsulotlari tavsiya etiladi.
Jonivorlar va parrandalar go‘shtini, shuningdek, baliqni qaynatganda ulardagi purinlarning 50 foizi sho‘rvaga chiqib ketadi, qaynatilgan go‘sht va baliqlarni esa turli taomlar pishirishda ishlatiladi.
Har qanday buyrak toshi kasalligida qat’iy parhez cheklovlari 1,5-2 oydan oshmasligi kerak, chunki bu peshobnda boshqa tarkibli tosh paydo bo‘lishiga imkon tug‘dirishi mumkin. Ilgari cheklangan mahsulotlar, hisobiga asta-sekin (1-1,5 oy davomida) parhez kengaytirib boriladi.
Peshobda tegishli tuzlar paydo bo‘lganida (uratlar, oksalatlar yoki fosfatlar) to‘laligicha oldingi parhezga o‘tib olish kerak.
No‘mon BAHROMOV,
shifokor