Homilador bo‘lish sirlari
Homiladorlikni qanday rejalashtirish borasida juda ko‘p tavsiyalar aytilgan. Ko‘pincha ovulyasiya kunini aniqlashga urinish, haddan ko‘p ultratovush tekshiruvi o‘tkazish, bazal haroratni o‘lchayverish, jinsiy munosabatlarni ma’lum shaklda bajarish va hokazo kabi harakatlar qaytaga ko‘p bezovta bo‘lishga, «bo‘larmikan, bo‘lmasmikan» kabi shubhalarni orttirishga, ortiqcha tashvishga qo‘yadi. Bu esa nafaqat ayol kishi, balki erkak kishining ham organizmiga hamda reproduktiv tizimga aloqador gormonlarning muvozanatli ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
«Qachon homilador bo‘lish ehtimoli ko‘proq?» degan savolga psixologlar ham, ginekologlar ham «qachon ayol homilador bo‘lishi haqida kamroq o‘ylagan bo‘lsa» deb javob berishadi. Chunki ayol kishi homilador bo‘lishi haqida o‘ylasa, darrov nimalardir qilib ehtiyot choralari ko‘rishni boshlaydi. Holbuki organizm o‘zi shunga ko‘ra tegishli o‘zgarish va moslashishlarni ayol kishi istamasa ham amalga oshiradi.
Dunyo bo‘yicha ulkan miqdordagi abortlar buning isbotidir. Abort ko‘pincha istalmagan homiladorlik natijasida qilinadi. Ya’ni ayol kishi homilador bo‘lishni istamagan yoki bu haqida o‘ylamagan.
Shuning uchun ham homilador bo‘lishni istagan ayol bu haqida ko‘p o‘ylayvermasligi kerak. Albatta niyat va duo qilib so‘rashi lozim. Ammo hirs bilan emas, shukr, qanoat va xotirjamlik tuyg‘usi bilan harakat qilish zarur. Har gal o‘ylayverish, bu oy kelarmikan hayzim, kelmasmikan, nega unday bo‘ldi, nega bunday bo‘ldi deb chuqur ketib bezovtalanish salbiy ta’sir qiladi ruhiyatga va o‘z navbatida organizmga ham.
Aksincha yaxshi niyat qilish, homilador bo‘lish haqida ko‘p o‘ylamaslik kerak. Homilani yaratuvchi zot unga onasidan ham mehribonroq ekanini unutmaslik va hadeb tushib qolmasmikan, degan xavotirlarga berilmaslik kerak. Shifokorlarda bir hazil gap bor. «Sog‘lom odamlar emas, tekshirilmagan odamlar bor». Ya’ni tekshiruv o‘tkazilsa hammada ham qandaydir kasallik borligi yuzaga chiqadi, degan ma’noda. Jumladan, farzand ko‘rishga to‘sqinlik qilayotgan omillar ham shunday.
Ko‘pincha hissiyotli ayollar homilador bo‘lolmayotgani uchun unda nimadir kasallik bo‘lsa kerak degan o‘yga boradi. Shifokor ham undagi bu shubhani quvvatlab go‘yo davolash muolajasi o‘tkazadi. Ammo muolajadan keyingi oylarda homiladorlik yuzaga kelmasa, ayolning ong ostidagi yana o‘sha eski «homilador bo‘lolmayapman, demak menda nimadir bor» degan dastur ishga tushadi. Demak uni yaxshi davolashmagan degan tushuncha quvvatlanadi va yana boshqa bir shifokorga boradi. Yana yangi tekshiruv, yana yangi davolash muolajalari. Shunday qilib chiqib bo‘lmas doira ichida aylanib yuradi.
To‘g‘ri, albatta farzand ko‘rishga to‘sqinlik qiluvchi ob’yektiv tibbiy sabablar (bachadon naylari yopiqligi, anovulyasiya, sperma sifati pastligi kabi) bor. Biz hozir so‘z yuritayotgan masala bunday sabablar bo‘lmagan, faqat ayrim tekshiruvlar natijasida, turli xil yondashuv oqibatida kelib chiqadigan xulosalar bo‘lgan holatlar haqida ketyapti. Xuddi yarim stakan suvni kimdir yarmi bo‘sh deb talqin qilsa, kimdir yarmi to‘la deb talqin qilgani kabi.
Xulosa qilsak, bunday vaziyatlarda tavsiyamiz, homilador bo‘lish uchun homiladorlik haqida ko‘p o‘ylamang. Mo‘tadil va muntazam jinsiy munosabatlarni olib boring. Qancha kam o‘ylasangiz va qancha kam kutsangiz, shunda homiladorlik tezroq yuzaga keladi. Ya’ni «mayli bu oy bo‘lmasa, bo‘lmapti-da, xayrlisi shudir, nasib bo‘lsa keyingi oy bo‘ladi» degan tushuncha bilan salbiy natijani ham xush qabul qiling. Ijobiy o‘y-fikr, qanoat va yaxshi niyat bilan ruhiyatni bir maromda tuting. Tekshiruvlardan o‘tishga to‘g‘ri kelsa o‘ting, ammo ularga qarab diqqatingiz taqalib qolmasin.
Endi jiddiy muammosi bo‘lmagan, ammo nima sababdir homilador bo‘lolmayotgan juftliklarga ba’zi tavsiyalarimiz.
• Ichkilik va chekish kabi salbiy odatlarni tashlang (bu erkak va ayolga ham bir xilda tegishli);
• Polivitaminlar qabul qiling, ayniqsa foliy kislota yetarli miqdorda bo‘lsin (400 mkg). Bu bolada homilada rivojlanish nuqsonining oldini oladi;
• Surunkali kasalliklaringiz bo‘lsa, shifokorga murojaat qiling. Homiladorlik paytida biror ta’siri bormi aniqlashtiring. Stomatolog va terapevtga murojaat qilgan ma’qul. Qolgan mutaxassislarga ehtiyojga qarab;
• Ginekolog qabuliga kiring. Surtma (mazok) tahlili va UTT tekshiruvidan o‘ting. Yaxshisi hayz davrining ikkinchi yarmida borgan ma’qul. Shunda ovulyasiya bo‘layotgani va «sariq tana» qanday ishlayotganini bilish mumkin bo‘ladi. Unutmang, ayolda ovulyasiya har oyda ham bo‘lavermaydi. Agar bu ko‘rikda bo‘lmagan bo‘lsa, xavotir olmang, o‘sha bo‘lmagan paytga to‘g‘ri kelib qolgan bo‘lishi mumkin.
• TORCH – infeksiya tahlili o‘tkazib ko‘rish mumkin;
• Imkon bo‘lsa kolposkopiya (bachadon bo‘yini mikroskop ostida tekshirish) tekshiruvidan o‘ting.
Agar shu paytgacha aniqlanmagan bo‘lsa, o‘zingiz va turmush o‘rtog‘ingizning qon guruhini aniqlash uchun tekshirtiring. Bu rezus−faktorda ziddiyat bo‘lish bo‘lmasligini bilish uchun kerak. Agar rezus−faktor manfiy bo‘lsa, qo‘shimcha antirezus−antitanacha bor−yo‘qligini bilish uchun tahlil topshirish kerak bo‘ladi.
Quyidagi tahlilarni ham har ehtimolga qarshi topshirish mumkin:
• Gepatit B, C, OIV, sifilis, qon, siydik umumiy tahlillari, koagulogramma tekshiruvlari;
• Juftlikdan birida irsiy kasallik yoki ayol kshi 35 yoshdan katta bo‘lsa genetik ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.
Albatta bu ro‘yxatni ko‘p davom ettirish mumkin. Lekin hamma narsada ham me’yorni bilish zarur. Agar sizda yoki turmush o‘rtog‘ingizda biror kasallik aniqlangan bo‘lsa, unda homilador bo‘lish uchun shifokor − mutaxassisga (reproduktolog) murojaat qilib, u tayinlagan individual davolash reja asosida ish olib borishingiz kerak bo‘ladi.
Nilufar QOBILOVA,
ginekolog