Yong‘ichqolida yangi QVP
Bola – aziz. U ertamiz egasi. Kelajagimiz bunyodkori. Ularning ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari esa ertangi kunimizning saodatidan darakdir. Shu sababdan mamlakatimizda ona va bola salomatligini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan, barcha tibbiy uskunalar bilan jihozlangan yangi tibbiyot muassasalarining bunyod etilishi bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir. Shuningdek, barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot yo‘nalishida ham qator rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi faoliyatida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari alohida o‘rin tutadi.
Germaniyaning “Fridenzdorf Interneyshnl”, AQSHning “Ameri Kerz”, Janubiy Koreyaning “Save the children” xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ko‘plab loyihalar bugun o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Xalqimizda “to‘yga to‘yona bilan” degan naql bor. Shu sababdan turli bayramlar arafasi bir-biriga sovg‘a berib ko‘nglini ko‘tarish yurtdoshlarimiz uchun odatga aylangan. Yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida ham ushbu an’anaga sodiq qolgan Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani “Yong‘ichqoli” QFY hududida bayram arafasida 9 ming 865 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yangi QVP foydalanishga topshirildi.
30 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritayotgan mazkur muassasa Janubiy Koreyaning “Save the children” xalqaro tashkiloti homiylik mablag‘i hisobidan bunyod etilgan bo‘lib, joriy yilning 17 dekabr kuni foydalanishga topshirildi. Ushbu QVP barcha kerakli tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari EKG, fizioterapiya, stomatologiya xonalari xizmatlari hamda eng zamonaviy rusumda jihozlangan laboratoriya xonalari ham aholi xizmatida. Qolaversa, muassasa Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan xona jihozlari va mebellar bilan ta’minlangan.
Ushbu tibbiyot maskanida faoliyat yuritayotgan xodimlardan uch nafari oliy toifali umumiy amaliyot shifokori, olti nafari oliy toifali, uch nafari birinchi toifali hamshiralar bo‘lib, aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib bormoqda.
– Tibbiyot muassasamiz “Yong‘ichqoli” qishloq fuqarolar yig‘ini tarkibiga kiruvchi beshta umumta’lim maktabi, MTM va kasb-xunar kollejiga xizmat ko‘rsatadi. Muassasa bir kunda 75 nafar bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega, – deydi biz bilan suhbatda QVP bo‘lim mudiri Salohiddin Xolmatov.
Shuningdek, QFYda mavjud beshta mahalladagi boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qariyalar va kam ta’minlangan oilalarga tibbiyot xodimlari biriktirilgan bo‘lib, ularning holidan manzilli xabar olib turiladi.
– Yurtboshimiz rahnamoligida aholi, ayniqsa, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik bois mamlakatimizda onalar va bolalar o‘limi yildan yilga qisqarib bormoqda, – deydi katta hamshira Madina Doniyorova. – O‘tib borayotgan yil hisobidan bizning muassasada onalar o‘limi umuman kuzatilmagani esa olib borilayotgan ishlarning yaqqol samarasidir.
Farhod TOLIPOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri