Ezgu intilishlar saodati
Faol, izlanuvchan va tashabbuskor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni munosib rag‘batlantirish, jamiyatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi samarali faoliyati uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Ushbu yo‘nalishlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Yil ayoli” tanlovini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida ushbu tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning quyi bosqichida 30 mingdan ziyod turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan, tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan ayollar ishtirok etdi. Tanlovning respublika bosqichiga nomzodlarni saralashda asosan ularning faoliyatlarida yurtimiz ayollarining muammolarini hal etishga, ish o‘rinlarini yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va boshqa sohalarda ulkan yangilanishlarga hissa qo‘shayotgani inobatga olindi.
Tanlovning respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar bosqichlarida g‘olib deb topilgan o‘n to‘rt nafar ayol orasidan Andijon viloyatining Asaka tibbiyot kolleji o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, vrach-pediatr Nargiza Sattorova “Yil ayoli – 2013” ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
– Bu yil men uchun juda omadli keldi, ushbu tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Buning barchasi Yurtboshimizning biz tadbirkor ayollarga berayotgan e’tibori, yaratilayotgan sharoitlar natijasidir. Ana shu sharoitlardan o‘rinli foydalangan holda men ham bilim maskanimizda “Tibbiyot kamalagi” xususiy unitar korxonasini tashkil etib, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga o‘z hissamni qo‘shib kelmoqdaman. Shuningdek, korxonada chevarlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz. Tumanimizdagi tibbiyot xodimlari va talabalariga maxsus kiyimlar tikib bermoqdamiz, – deydi Nargiza Sattorova.
Shu qatorda N.Sattorova ta’lim nazariyasi bo‘yicha mustaqil tadqiqotchi sifatida ilmiy izlanishlar olib borib, pedagogikaga oid bir qator o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni yaratganligini aytish joiz. Tadbirkor sifatida esa kam ta’minlangan o‘quvchilariga, mahalladagi yolg‘iz onalar hamda keksa, nogironlarga o‘zining homiylik yordamlarini berib kelmoqda.
Bayramona kechada tadbirkor ayollar, olima va shoiralar, hamda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, fan-ta’lim va sport yo‘nalishlarida xalqaro musobaqalar g‘olibalari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.
M.QURBONBOYEVA