“Prezident sovg‘asi”: YUKSAK FAMXO‘RLIK NAMUNASI
Xalqimiz azaldan mehr-muruvvatni dunyo ustuni deya ardoqlaydi. Zero, bolaning beg‘ubor ko‘ngli olamni charog‘on etadi. Ularga shodlik ulasha turib o‘zimizning ham qalbimiz yashnaydi. Yurtimiz istiqboli, farzandlarimiz baxtu kamoli dillarimizni yayratadi.
Bayramlarda bir-birining holidan xabar olish, gina-kuduratlarni unutish va sovg‘a-salomlar berib ko‘ngillarni ko‘tarish xalqimizning ezgu an’analaridan biridir. Shu munosabat bilan kirib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida yurtdoshlarimizga hush kayfiyat ulashish, siyosatimizning asosiy bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan ijtimoiy himoya hamda bolajonlar qalbida yangi yil shukuhini uyg‘otish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilayotir. Zero, farzandlari shod-xurram elning bayramlari yanada fayzli bo‘ladi. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Prezident archasi” shodiyonalari ana shu ezgu maqsadning yorqin namunasidir.
Joriy yilning 29-30 dekabr kunlari Toshkent shahrining muhtasham “Turkiston” saroyida o‘tkaziladigan “Prezident archasi” tadbirlarida uch mingdan ortiq Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi barcha “Mehribonlik uylari” va “SOS” – Bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari hamda mahallalardan 3-15 yoshdagi ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, mehrga muhtoj bolalar hamda mustaqillik yillarida Vatan sarhadlarini himoya qilib, yurtimiz tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning farzandlari qatnashadilar. Bolajonlarning bayram shodiyonalariga kelib-ketishlari uchun “Toshavtobustrans” uyushmasining avtobuslari ajratilgan. Qatnashuvchilar bayram tadbirining “Mehrli dunyo” deb nomlangan badiiy qismi, “Tomosha” bolalar ijodiy guruhi chiqishlaridan bahramand bo‘lishadi.
Joriy yilda qariyb 11 ming nafarga yaqin bolajonlarga Prezident sovg‘alari topshiriladi.
Yangi yil munosabati bilan “Prezident sovg‘asi” taqdim etiladigan mahallalardagi ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, mehrga muhtoj bolalar shuningdek, “Mehribonlik uylari”da, “Oilaviy bolalar uylari”da, “Muruvvat” va “Go‘daklar uylari”da hamda “SOS” – Bolalar mahallalarida tarbiyalanayotgan 9 ming 465 nafar hamda mustaqillik yillarida Vatan sarhadlarini himoya qilib, yurtimiz tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning 286 nafar farzandlari jami 9751 nafar bolajonlar ro‘yxati viloyatlar kesimida shakllantirildi.
O‘n besh nomdagi turli shirinliklar va o‘n ikki nomdagi o‘quv qurollaridan iborat ushbu sovg‘alar hududlarga “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi hamda maxsus avtotransportlar orqali jo‘natilmoqda.