Bolalarda o‘sish gormoni nimaga bog‘liq?
O‘sish – bu organizmning rivojlanishi. Bolalarning o‘sishida gipofizning o‘sish gormoni, gipotalamus va qalqonsimon bez gormonlari, buyrak usti va jinsiy bezlar gormonlari qatnashadi. O‘sish gormoni yetishmasligi ko‘pgina kasalliklarda uchraydi.
Gormon yetishmasligi gipofizar nanizmning bir turi hisoblanadi. Bolalar endokrinologiyasining asosiy vazifalaridan biri – bola organizmining me’yoriy o‘sish va rivojlanishi hamda shu jismoniy o‘sishda sodir bo‘ladigan xastaliklarni davolashdir. Sog‘lom bolaning o‘sishi va voyaga yetgandagi oxirgi bo‘y uzunligi tashqi va ichki irsiy, geografik, alimentar, ijtimoiy omillar ta’siriga bog‘liq. Shuningdek, uning hayot tarzi va toza havoda sayr qilishi, yetarlicha uyqu va harakatchanlik, endokrin bezlar faoliyati bilan uyg‘un kechadi.
Ma’lumki, ichki sekretsiya bezlaridan gipofiz, gipotalamus, qalqonsimon bez, buyrak usti bezlari va jinsiy bezlar o‘z gormonlari bilan o‘sish jarayonida bevosita yoki bilvosita qatnashadi. O‘sish gormoni ta’sirida bo‘y o‘sishi, suyak, mushak, yurak qon tomirlar, asab tizimi va boshqa ichki a’zolar rivojlanadi.
O‘sish gormoni yetishmasligida organizm rivojida tizimli buzilishlar sodir bo‘lib, og‘ir kasallik – gipofizar nanizm(pakanalik) rivojlanadi. Pakanalik sabablari markaziy asab tizimi shikastlari (tug‘ruq jarayonida, homiladorlik davrida homilaning kindigi bo‘yniga o‘ralib qolganda va go‘dak tug‘ilgandan so‘ng), o‘smalar gipofizni ezib qo‘yganda bu bezning to‘qimasi burishib qolishi tufayli kelib chiqadi.
Kasallikning paydo bo‘lishida markaziy asab tizimining infeksiyalar ta’sirida zaharlanishi (virusli infeksiyalar, sil, zahm, bezgak, toksoplazmoz, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda sepsis, meningo va araxnoensefalit) va homilaning ona qornidaligida shikastlanishi tug‘ilishidan boshlangan nanizmga olib keladi.
Shuningdek, og‘ir surunkali kasalliklar – surunkali glomerulonefrit,(buyrak xastaligi) bronxit, gepatit, enterokolit va boshqa yurak tug‘ma nuqsonlaridan so‘ng ham bola jismoniy rivojlanishdan orqada qoladi.
Bunda bemorlarning ichki a’zolarida suyaklarning ingichkalashuvi, skeletning shakllanishi va juda sekin rivojlanadi. Ichki a’zolar kichkina, mushaklar va teri osti kletchatkasi yaxshi rivojlanmaydi.
Nanizmning asosiy belgilari – bo‘yning o‘sishi va jismoniy rivojlanishdan orqada qolish. Ko‘pincha bolalar tug‘ilganda bo‘yi va vazni me’yorda bo‘ladi. Pakanalik belgilari 2-4 yoshdan keyin namoyon bo‘la boshlaydi. Shifokor – pediatr bemorni ko‘rganda tana mutanosibligi jismoniy orqada qolgan, teri quruqroq bo‘lib, teri ostki kletchatkasi sekin rivojlanadi. Bemorda ishtaha pasayib, qabziyatga moyillik kuzatiladi. Yurak zarblari sekin va zaif hamda tomir urishi sust, arterial qon bosim past bo‘ladi.
Bemor bolalarning yoshiga yosh qo‘shila borgach jismoniy orqada qolish kuchayadi. Ular voyaga yetish davrida ikkilamchi jinsiy belgilar rivojlanmaydi. Tashxis qo‘yishda avvalo bolaning bo‘yi va vazni o‘lchanadi. Bolalarda jismoniy orqada qolish me’yori 20 foizdan ko‘proq bo‘ladi. Qonda o‘sish gormonini bir marta aniqlash yaxshi natija bermaydi. Peshobda o‘sish gormoni aniqlanadi. Bemor bolalarning ruhiyati o‘zgaradi. Ularda tushkunlik, holsizlik, bosh og‘rishi va o‘ziga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘lishi mumkin.
Bemorni davolash yillar davomida olib boriladi. Har bir bolaga o‘ziga xos davo belgilanadi. Davolash kompleks ravishda olib boriladi. Eng avvalo kasallik sabablarini aniqlash va davolash zarur. Bemorga parhez buyuriladi.
Bola tengdoshlariga nisbatan rivojlanishdan orqada qolsa ota-onalar albatta, shifokorlar bilan birga davolash ishlarini olib borishlari kerak. Shifokor maslahatiga amal qilish bola bo‘yini o‘sishiga imkon yaratadi. Har oyda davolash natijalarini nazorat qilish,bemor bolaning bo‘y va vaznini o‘lchab turish zarur. Yillar davomida o‘tkazilgan muolajalar bemor bolaning bo‘yini sog‘lom tengdoshlari bo‘yi tenglashishini ta’minlaydi.