Kino 5 kunda
«Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida yosh kinoijodkorlarni yangi filmlar yaratishga rag‘batlantirish, chet ellik hamkasblarni yurtimiz an’ana va madaniyati bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazilayotgan “Kino 5 kunda» tanlovida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Germaniya, Hindiston, Eron, Ispaniya, Qozog‘iston, Keniya, Qirg‘iziston, Marokash, Meksika, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Filippin, Fransiya, Shveysariya, Estoniya, Janubiy Koreya va Yaponiya vakillari ishtirok etmoqda.
Hakamlar hay’ati xalqaro darajada tanilgan san’at ustalari, rassomlar, olimlar, san’atshunoslar va kino tanqidchilar va soha yetakchilaridan iborat.
Tanlovning asosiy mohiyati – qisqa vaqt ichida film yaratish lozim. Loyiha mavzusi — Buyuk Ipak yo‘li. Tanlovda 35 yoshgacha bo‘lgan yosh rejissyorlar ishtirok etadi.
Mehmonlar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiy, Farg‘ona, Namangan kabi shaharlar va Ipak yo‘li tarixi bilan bog‘liq joylarga tashrif buyuradilar.
«Toshkent xalqaro kinofestivali o‘zining avvalgi shuhratini yana qayta tiklaydi», – deydi mashhur xorij kinoaktyori, kinorejissyor va prodyuser Stiven Sigal.
Tanlovda eng yaxshi kinolar yaratgan ijodkorlar diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Tanlov dasturi milliy qisqa metrajli filmlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va rivojlantirishga mo‘ljallangan.
Shuningdek, festival doirasida «Hujjali kino kunlari” ham o‘tkazilib, ijodkorlarning eng sara hujjatli filmlari tomoshabinlar hukmiga havola etiladi.
Maryam AHMEDOVA,
Amal SOLIYEVA