Bo‘g‘im kasalliklarida qanday muolajalar zarur?
Artrit (bo‘g‘imlar yallig‘lanishi)ni o‘z vaqtida davolash juda muhim hisoblanadi. Kasallik rivojlanib ketmasdan avval bemor
parhez tutishi, achchiq, sho‘r va yog‘li taomlardan o‘zini tiyishi lozim.
Shuningdek, davolovchi jismoniy mashqlarni har kuni bajarish lozim. Bo‘g‘imlar yallig‘lanishini davolashda isiriq solingan vannada o‘tirishning ham foydasi katta.
Zararlangan bo‘g‘imlarni harakatlantirib turish kasallik rivojlanishining oldini oladi. Har bir kishi osteoartroz yoki artritga chalinmaslik uchun qattiq sovqotishdan saqlanishi zarur. Spirtli ichimliklar ichish va tamaki chekish ham bo‘g‘im xastaliklariga imkon yaratadi. Masalan, tamaki chekkan paytida tomirlar yo‘li torayadi, bo‘g‘im to‘qimalarining oziqlanishi buziladi, qon tomirlar faoliyati izdan chiqadi.
Bundan tashqari, sovuq va zax xonada o‘tirmang, ob-havoga qarab kiyining, yelvizaklardan o‘zingizni ehtiyot qiling.
Bodom yog‘i qizdiruvchi hususiyatga ega. Uni og‘riyotgan joylarga surtib uqalansa og‘riqni qoldiradi, bo‘g‘imlardagi modda almashinuviga ham davo bo‘ladi.
Sedana asab tizimini tinchlantirish barobarida organizmdagi yallig‘lanish jarayonlarini ham bartaraf etadi. Buning uchun ertalab va kechqurun 5-10 dona sedana donlarini qaynagan iliq suv bilan chaynamasdan yutish lozim. Bir hafta davomida ushbu muolajani bajarib, so‘ng bir hafta dam oling. Keyin yana shu tartibda davom ettirasiz .
Gazanda o‘t sharbati, tabiiy asal va toza spirtdan besh oshqoshiqdan olinadi va aralashtirib muzlatgichga qo‘yiladi. Ikki hafta tursin. Shundan so‘ng kuniga uch mahal ovqatlanishdan oldin bir oshqoshiq ichib turiladi. Davo muddati – olti oy.
Olcha mevasi urug‘larini maydalab, bir oshqoshig‘i bir stakan qaynoq suvga solinadi. 20 daqiqa qaynatib, tindiriladi. Qaynatmadan kuniga 3-5 mahal ovqatlanishdan oldin 2-3 choyqoshiq ichiladi.
Qadimgi tabiblar oshqovoq mag‘zini cho‘qqa ko‘mib pishirganlar va bo‘g‘imlar yallig‘lanishini shu malham bilan tuzatganlar.
Karam barglarini issiq suvga bir daqiqa solib qo‘ying, so‘ng suvini silqitib iliq holida tizzalarga qo‘yib bog‘lang. Bir necha soat tursin. Bu muolaja tizza bo‘g‘imlarida to‘plangan «tuzlar»ni tortib oladi.
Qariqizning yapaloq barglarini ham og‘rigan joyga ho‘yib bog‘lansa artrozning rivojlanishini to‘xtatadi.
Zira solib damlangan choy bo‘g‘im dardlarini davolashda naf berishi aniqlangan. Bu ichimlik ichib turilganda eng kuchli antibiotiklardan ham ko‘proq ta’sir qilib, bo‘g‘imlar yallig‘lanishini yo‘qotadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bo‘g‘imlar yallig‘lanishi (artrit) chala yo noto‘g‘ri davolansa bora-bora surunkali tus oladi. Ya’ni kasallik rivojlanishi kuchayib suyaklarga ham o‘tadi, ularni yemira boshlaydi. Qarabsizki, dard tez-tez qaytalab bemorni ancha qiynab qo‘yadi.
Kasallikning oldini olish uchun kishi o‘zini chiniqtirishi, muntazam bo‘g‘imlarini harakatlantirib turishi, shuningdek miriqib uxlashi, ochiq havoda sayr qilishi hamda vitaminga boy taomlar va meva-sabzavotlarni iste’mol qilishi lozim.
Bordiyu bo‘g‘imlarda og‘riq paydo bo‘lsa, darhol oila shifokoriga murojaat qilib so‘ngra tavsiya qilingan davo choralarini ko‘rish zarur. Aks holda kasallik rivojlanish bosqichiga o‘tadi, shundan so‘ng uni tuzatish ancha qiyinlashadi.
Xolmurod DADAYEV,
tibbiyot fanlari nomzodi