GO‘DAK QANCHA SUT EMADI?
Ona sutida 1,5 foiz oqsil bor, lekin u tarkibida 3,5 foiz oqsil bo‘lgan sigir sutidan ko‘ra tez hazm bo‘ladi. Bu sut tarkibidagi yog‘ni kichkintoy organizmi oson o‘zlashtiradi. Emizib boqilayotgan bolaning hazm a’zolari va immun tizimi yaxshi ishlaydi, go‘dak kasallikka kam chalinadi.
Bolaning qorni to‘ymasa…
Ayrim onalar ko‘kragiga kam sut kelayotganidan tashvishlanib, darrov qo‘shimcha ovqatlantirishga o‘tadilar. Bu holatning salbiy tomonlari bor. Chunki bola qo‘shimcha ovqat iste’mol qilgach, emgisi kelmaydi. Oqibatda sut bezlari sut ishlab chiqarishni kamaytiradi.
Demak, ona bolaga suti yetmayotganini sezsa, darrov sun’iy oziqlantirishga shoshilmasdan, bolaga ko‘proq ko‘krak tutishi kerak. Bola qancha ko‘p marta emsa, ko‘krak suti shuncha ko‘payaveradi.
Go‘dak yetarlicha sut emayotganiga to‘la ishonch hosil qilish uchun uning bir kecha-kunduz davomida necha marotaba peshobi kelayotganiga e’tibor bergan ma’qul. Ilk kunlarda chaqaloq bir kecha-kunduzda 2-3 marta peshobi keladi, 5 haftadan oshgach esa olti-etti marotaba peshob kelishi mumkin.
Ko‘krak suti bilan oziqlantirilayotgan bola boshqa suyuqliklar ichmagan holatda bir kecha-kunduzda olti marta peshob chiqarsa, demak bolaga sut kamlik qilayapti. Bunday vaqtda sutni ko‘paytirish choralarini ko‘rish lozim.
Sutni ko‘paytiruvchi choralar
Shivit urug‘i damlamasi. 1 osh qoshiq shivit urug‘ini 1 stakan qaynatilgan suvga solib, 2 soat tindirib qo‘yiladi. Damlamadan yarim stakandan kuniga 2 mahal yoki 1 osh qoshiqdan kuniga 6 marta ichiladi.
Sabzi sharbati. Yaxshilab yuvilgan sabzini mayda tishli qirg‘ichdan o‘tkazib, sharbatini siqib olasiz va yarim stakandan kuniga 2-3 mahal ichasiz. Sharbat ta’mini ta’bingizga moslash uchun 1-2 osh qoshiq sut, qaymoq, asal aralashtirishingiz mumkin.
Arpabodiyon damlamasi. 1 stakan qaynoq suvga 2 choy qoshiq arpabodiyon urug‘i qo‘shiladi va 1 soat tindirib qo‘yiladi. Sovigan damlamani kuniga 3-4 mahal ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin 2 osh qoshiqdan ichiladi.
Asal qo‘shilgan turp sharbati. Asal va turp sharbatiga teng miqdorda qaynatib sovitilgan suv aralashtirib ichasiz. 100 gr. turp sharbatiga 100 gr. suv qo‘shiladi.
Arpabodiyon va jambil sharbati. 10 gr. arpabodiyon va 10 gr. jambil urug‘i tuyiladi. Aralashmaning 1 choy qoshig‘iga 1 stakan qaynoq suv solib, 2 soat tindirib quyiladi. Damlama kuniga 2-3 marta yarim stakandan ichiladi.
Bundan tashqari, bolani emizishdan oldin va keyin sut bezlarini yengil qo‘l harakatlari bilan uqalang. Go‘dakni emizishdan 10 daqiqa oldin bir stakan suyuqlik ichishni unutmang.
Orzigul YANGIBOYEVA,
oliy toifali akusher-ginekolog