Ta’lim tizimida: yuksak sifat va samaradorlik
Yurtimizda ma’nan va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Ma’lumki, boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’limning asosiy poydevori bo‘lib, o‘quvchilarning kelgusidagi muvaffaqiyati, ularning har tomonlama kamol topishi ko‘p jihatdan boshlang‘ich ta’limining sifatiga bog‘liq. Ayni vaqtda respublikamizdagi umumta’lim maktablarida bir yuz o‘n ming nafardan ziyod boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari faoliyat ko‘rsatmoqda. 2013-2014 o‘quv yilida 1-4 sinflar uchun jami 164 nomda o‘n million nusxadan ortiq darsliklar chop etildi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida “Umumiy o‘rta ta’limda boshlang‘ich ta’limning metodik ta’minoti: muammolar va kelgusidagi vazifalar” mavzuida o‘tkazilgan videokonferensiyada ham boshlang‘ich sinflarda o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish vazifalariga to‘xtalib o‘tildi.
Ushbu videokonferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar Xalq ta’limi boshqarmalari va malaka oshirish institutlari, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari boshliqlari, tumanlardagi boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha fan uyushmasi raislari, tayanch maktab direktorlari va o‘qituvchilari, tajribali, ilg‘or va ijodkor o‘qituvchilar ishtirok etdi. “Zamonaviy muallim qiyofasi”, “Boshlang‘ich sinflarda innovatsion texnologiyalardan foydalanish”, “Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari malakasini oshirish – muammo va ularning yechimi” kabi mavzular yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov so‘zga chiqib boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari malakasini oshirish va ularni metodik hamda o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashni takomillashtirish haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, ilg‘or tajribali, ijodkor o‘qituvchilarning olib borayotgan ishlari yuzasidan o‘zaro tajriba almashildi.