Polvonlarimiz muvaffaqiyati
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim omili sifatida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida milliy qadriyatimiz – o‘zbek kurashi ham tobora ravnaq topayotir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kurash 1998 yilda xalqaro sport turi maqomini oldi va bugun dunyo mamlakatlarida jadal rivojlanmoqda. Insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan o‘zbek kurashi o‘g‘il-qizlarni jismonan baquvvat tarbiyalash bilan birga, ularda yuksak ma’naviyat, halollik, bag‘rikenglik, hamjihatlik, vatanparvarlik, kattalarga hurmat va kichiklarga izzat kabi fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Osiyo, Yevropa, Panamerika, Afrika va Okeaniya kurash konfederatsiyalari tarkibiga birlashgan yuzdan ortiq davlatda mazkur yakkakurash turi bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar yuksak saviyada tashkil etilayotir. Bu musobaqalarda turli mamlakatlardan yuzlab polvonlar g‘oliblik uchun davraga chiqmoqda. “Kurash”, “ta’zim”, “to‘xta”, “yonbosh”, “chala”, “dakki”, “halol” kabi o‘zbekcha so‘zlarning turli millatlar vakillari o‘rtasida baralla yangrashi, xorijlik polvonlarning milliy kurashimiz usullarini qo‘llab, bel olishi qalbimizni faxru g‘ururga to‘ldirmoqda.
Turkiyaning Istanbul shahrida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tgan IX jahon chempionatida O‘zbekiston, Turkiya, AQSH, Gretsiya, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy Taypeyi, Vyetnam, Eron, Isroil, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston singari ellikdan ziyod mamlakatdan 400 nafarga yaqin sportchi o‘n besh vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Erkaklar o‘rtasidagi 66 kilogramm vazndagi polvonlar bellashuvida hamyurtimiz Suhrob Xudoyberdiyev jahon chempioni bo‘ldi. Iqtidorli sportchimiz hal qiluvchi musobaqada tojikistonlik Ismoil Boymurodovni yengdi. Yana bir polvonimiz Fayoz Fayzullayev vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasidagi final bahsida gruziyalik Alika Naniyevi ustidan g‘alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Polvonlarimizdan Bektosh Safarov kumush, Zafar Bo‘riyev va Muhsin Hisomiddinov bronza medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Turkiya, Gruziya, Eron va Tojikiston kurashchilari ham oltin medal bilan taqdirlandi.
Xotin-qizlar bahsida Shohida Nazarova va Maftuna Esonova ikkinchi, Nodira Gulova va Dilfuza Temirova uchinchi o‘rinni egalladi. Turkiya, Isroil, Janubiy Koreya, Vyetnam va Mo‘g‘uliston vakilalari o‘z vazn toifasida jahon chempioni bo‘ldi.
Bayram AYTMURODOV,
O‘zA muxbiri