Go‘daklar terisini parvarishlash siri

Bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklar, ayniqsa yangi tug‘ilgan chaqaloqning terisi o‘ta mayin, katta odamnikiga qaraganda 2-3 marta yupqa bo‘ladi. Himoya vazifasini o‘tayotgan shu mayin terisi har xil tashqi noxush ta’sirlardan tez shikastlanib qolishi mumkin. Shuning uchun, kosmetik vositalarni qo‘llashda ham ehtiyot bo‘lib, ba’zi narsalarni bilib qo‘yganimiz yaxshi.

Tanlashda ehtiyotkorlik zarur


Endigina tug‘ilgan chaqaloqning sochlari yumshoq va nimjon bo‘lib, soch piyozchalari esa terining ancha yuzasida – derma qavatida joylashadi. Shu tufayli uning terisi har qanday tashqi ta’sirga o‘ta sezuvchan bo‘ladi. Demak, kosmetik vositalarni tanlashda hech ham adashmaslik kerak. Aslida go‘dakka unchalik ko‘p kosmetika ishlatilmaydi. Faqat ular sifatli, tarkibida tabiiy o‘simlik ekstrakti va yog‘lari bo‘lgani ma’qul.

Hozirgi kunda chaqaloqlarga tug‘ruqxonadaligidayoq taglik uchun surtma (krem), bir martalik nam sochiq, bolalar sovuni kabi vositalar qo‘llanadi. Bu esa, go‘daklar kosmetikasiga talab oshib borayotganidan darak beradi.
Ko‘pchilik ota-onalar 6 oylikkacha bo‘lgan bolani cho‘miltirishda shampun, vanna ko‘pigi, gel kabi narsalarni ishlatish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydilar. Ammo, zamonaviy terapevtlar go‘dak tug‘ilgan paytidanoq terisi, sochlarini to‘g‘ri parvarishlab borish va kosmetik vositalardan to‘g‘ri foydalanish zarurligini uqtiradilar.

Sifatli bo‘lsa, terini asraydi


Do‘konlar peshtaxtalarida taxlanib turgan bolalar kosmetika vositalari rang-barangligi va ko‘pligi bilan kattalarnikidan hech qolishmaydi. Ularni sotib olishda adashmaslik uchun ba’zi bir qoidalarga rioya qilish kerak. Kosmetik vositalarni bozorlardan emas, maxsus do‘konlardan sotib olishga harakat qiling. Sifatsiz mahsulotni sotib olishdan saqlanishning yana bir yo‘li – o‘zingiz biladigan va taniqli ishlab chiqaruvchilarning mahsulotini xarid qilishdir.

Bola terisiga eng yomon ta’sir qiladigan narsa mahsulot tarkibidagi tuzlardir. Shu sababli mahsulot xarid qilishda tarkibida hech qanday tuz yo‘qligi va aksincha tabiiy o‘simlik ekstrakti, yog‘ borligiga ahamiyat bering. Bolalar kosmetikasini ishlab chiqarishda umumjahon andozalari talablariga ko‘ra, xavfsiz, tabiiy ekstraktlardan tayyorlanishi, tarkibida sun’iy bo‘yoqlar va allergiya qo‘zg‘atuvchi moddalar bo‘lmasligi kerak. Afsuski, bozor peshtaxtalarida, ayniqsa, yoyma bozorlarda qalashib yotgan vositalar orasida sertifikati yo‘q, soxtalari ham uchrab turadi. Bu kabi mahsulotlarni xarid qilishdan ehtiyot bo‘ling.

Mahsulotni sotib olishdan oldin, uning ishlab chiqaruvchisi hamda tarkibi bilan tanishib chiqing. Taglik ostidan ishlatiladigan kremlarning sink oksidisiz tayyorlangani ma’qul. Bunday surtmalar go‘dak terisini quritmaydi, taglik dermatitining oldini oladi, eng muhimi allergik kasalliklar kelib chiqishidan asraydi. Kremning tarkibida zaytun yog‘i bo‘lsa terini yanada ehtiyotlab, uning tabiiy qayta tiklanishida yaxshi foyda qiladi. Ular hidsiz bo‘lgani ma’qul. Kosmetika tarkibidagi sun’iy hid taratuvchi moddalar bola salomatligiga ziyon keltirishi mumkin. Ko‘plab kosmetik vositalar tarkibidagi tabiiy efir yog‘larining o‘zi xushbo‘y bo‘ladi. Ammo ularning ham barchasini zararsiz deyish noto‘g‘ri. Ba’zan tabiiy hid­lar ham bolada allergiya keltirib chiqaradi. Shuning uchun hidi bo‘lmaganini tanlashga harakat qiling.

Yana o‘qing:  Bemor nega chayqalib yuradi yoki Ataksiya nima?

Allergiya paydo bo‘lmasligi uchun…


Bolani cho‘miltirishda foydalaniladigan vositalar tarkibiga asosan bakteriyalar va shamollashga qarshi ta’sir qiluvchi ekstraktlar qo‘shiladi. Ular asosan moychechak, limono‘t va bo‘yimodaron (ti’syacheletnik) kabi o‘simliklardan tayyorlanib, bola terisiga tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Ammo bolaning terisi ta’sirchan bo‘lsa moychechak o‘simligi damlamasidan foydalanish allergiyaga sabab bo‘lib qolishi mumkinligini unutmang.

Cho‘milishda ishlatiladigan vanna ko‘piklari go‘dakning nozik terisini tozalashda qulay vosita hisoblanadi. Tarkibida foydali ekstraktlar bor bo‘lgan bolalar shampuni nafaqat uning sochlarini parvarishlash, terisida yig‘ilgan yog‘lar va kirlardan tozalash, shuningdek, uqalash davomida bola terisi va sochlarini sog‘lomlashtirish, oziqlantirish vositasi hamdir. Muolaja to‘g‘ri bajarilsa, soch piyozchalari mustahkamlanib, jonlanadi, soch o‘sishiga ham yaxshi ta’sir qiladi. Bu kabi zamonaviy shampun, ko‘pik va gel kabi yuvinish vositalarini bolaning tanasiga surtmasdan, suvga solib ishlatish tavsiya etiladi. U holda cho‘milish vannasiga bir necha tomchi soya yog‘i emulsiyasini tomizish ham yaxshi foyda beradi.

Tarkibida to‘yingan yog‘ kislotasi bo‘lgan vositalar bola cho‘milganidan so‘ng terini quruqshab ketishidan saqlaydi, yog‘ himoya qavatini hosil qiladi. Esingizda tuting, bolajonga kattalar uchun mo‘ljallangan kosmetikadan foydalanish mumkin emas. Ularning tarkibida sun’iy bo‘yoqlar, konservantlar kam bo‘lsada, aynan o‘simlik ekstraktlari ko‘p bo‘lgani uchun allergiya keltirib chiqarishi mumkin.

Go‘dak uchun yangi kosmetika vositalari sotib olishda albatta unga tegishli bo‘lgan quyidagi ma’lumotlar bilan tanishing:
• vositani bolaning qaysi yosh davrida qo‘llanishi (qo‘llash davri va bolaning yoshiga to‘g‘ri kelmasa, foydalanmang);
• tarkibi (sintetik hid taratuvchi va bo‘yoqlari bor bo‘lsa, ishlatmang);
• qo‘llash uchun yaroqlilik muddati (faqat yangisini olib, qo‘llang).
Bola uchun saralab xarid qilingan kosmetik vosita nafaqat sizga, avvalo, unga yoqishi va benuqson bo‘lishi zarurligini unutmang.

Barno TOSHMUHAMMEDOVA,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: