Yoshi ulug‘ kishilarga ovqatlanish bo‘yicha alohida tavsiyalar
- Go‘shtli va baliqli taomlarni zarur darajada iste’mol qilish;
- Tuzli va go‘shtli taomlar yurak-qon tomir va nafas tizimlari faoliyatiga salbiy ta’sir etishi sababli (qon bosimining ko‘tarilishi, tomir urish va nafas olish sonining ortishi) ularni kechqurunlari iste’mol qilmaslik;
- Uyqu paytida a’zolar faoliyatiga ta’sir etmaganligi sababli kechki ovqatda sutli mahsulotlarni qabul qilish;
- Yoshi ulug‘ kishilar ko‘proq dimlangan va go‘shtsiz sho‘rvalar iste’mol qilishlari maqsadga muvofiq. Hazm bezlarining ortiqcha yuklama bilan ishlashiga sabab bo‘lganligi tufayli yog‘li, qovurilgan, achchiq taomlar, marinad va souslar iste’molini keskin cheklash;
- Dasturxon tuzaganda taomlarning tashqi ko‘rinishi, hidi va ta’miga alohida e’tibor berish (chunki ular hazm shirasi ajralishi va taomlarni yaxshi o‘zlashtirilishiga yordam beradi);
- Tarkibida xolesterin, organizmga tez singuvchi uglevodlar va ko‘p miqdorda osh tuzi saqlovchi mahsulotlar va ulardan tayyorlangan taomlar iste’molini kamaytirish;
- Ratsionga vitaminlar, kaliy va magniy tuzlariga boy mahsulotlar hamda o‘simlik yog‘idan tayyorlangan taomlarni kiritish. Ularni tayyorlashda dimlangan, yog‘siz qo‘y, mol va parranda go‘shtlari hamda baliqdan foydalanish;
- Sabzavotlar va dukkakli mahsulotlardan tayyorlangan taomlar va salatlarni ko‘proq iste’mol qilish;
- Bir kunda 70–80 gr. atrofida yog‘ iste’mol qilish. Uning 1/3 qismi o‘simliklar yog‘i bo‘lishi kerak. Tana vazni ortishiga moyilligi bo‘lgan onaxon va otaxonlar xamirli oziq-ovqatlar, shirinliklar, smetana, sariyog‘ kabi mahsulotlar iste’molini keskin chegaralashlari shart;
- Sutli mahsulotlar – yog‘siz pishloq, tvorog va ulardan tayyorlangan taomlar, qatiq va atsidofilin iste’molini ko‘paytirish;
- Ichish uchun achchiq qilib damlanmagan choy, shu jumladan, sutli, meva va sabzavot sharbatlaridan foydalanish;
Xulosa qilib aytganda, qarilik – bu qonuniy biologik jarayon hisoblanib, uni sog‘lom turmush tarziga amal qilish, ratsional ovqatlanish, chekish va boshqa zararli odatlardan voz kechish orqali sekinlashtirish mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati