Calohiyatli kadrlar tayyorlash – davr talabi
Ta’lim maskaniga kirarkanman bir guruh oq xalatli o‘quvchi qizlar salom berishib, rahbariyat binosi tomonga boshlashdi:
– Yuring, sizga yo‘lni ko‘rsatib yuboramiz. Biz ham darsga kiryapmiz. Yo‘lakda devorga osig‘lik fotosurat va ulug‘ allomalarning ta’lim-tarbiya, odob-axloqqa oid hikmatli so‘zlaridan dilim ravshanlashib, yoshlarning yuzidagi baxtiyorlikni ko‘rib, talabalik davrlarim esga tushdi.
1918 yilda o‘z faoliyatini boshlagan Yo‘ldosh Oxunboboyev nomidagi Respublika tibbiyot kolleji 2006 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligining 360-sonli buyrug‘iga asosan 2-Respublika tibbiyot kolleji nomini oldi. Bugungi kunda 2 ta o‘quv va sport binosiga ega ta’lim maskanida 1006 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Tibbiyot kollejida hamshiralik va feldsherlik ishi, farmatsevtika, tibbiy profilaktika va tibbiy-ijtimoiy ishlar yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinib, tibbiyot sohasida malakali kadrlar yetishtirib chiqarilyapti.
Ayni paytda ta’lim maskani Toshkent farmatsevtika institutining «Dori turlari texnologiyasi», «Farmatsevtik kimyo», «Farmakognoziya va botanika asoslari» kafedralari, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining «Ambulatoriya tibbiyoti va klinik radiologiyasi», «Patologiya anatomiya» kafedralari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani o‘quvchilarning amaliyot o‘tashlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlarida internet tarmog‘iga ulangan Axborot-resurs markazi, nazariy mashg‘ulotlar o‘quv xonalari, laboratoriya, kompyuter va lingafon sinflari, amaliyot va amaliy ko‘nikmalar hamda maxsus jihozlangan trening xonalari muhim ahamiyat kasb etib kelyapti. Shuningdek, umumta’lim fanlari o‘quv laboratoriyalari me’yoriy talablar asosida jihozlangan bo‘lib, maxsus fanlar bo‘yicha o‘quv-laboratoriya ishlari olib boriladi. O‘quv va amaliyot xonalari zamonaviy o‘quv jihozlari, banner, mulyaj va fantomlar hamda tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Trening zallari esa Yaponiyaning «JICA» agentligi tibbiy-asbob uskunalari bilan ta’minlangan.
– Tibbiyot kollejimizga 2020-2021 o‘quv yilida o‘quvchilarni qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 3-sonli bayoni 4-ilovasiga ko‘ra 840 nafar qabul rejasi belgilangan, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Isomiddin Bahromov. – Beshta yo‘nalish bo‘yicha kadrlar tayyorlab kelayotgan ta’lim maskanimizda sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni kasb-hunarli qilish va bilim olishlari yo‘lida davlatimiz tomonidan qilinayotgan g‘amxo‘rlik bugungi yoshlarning dunyo miqyosida ulkan yutuqlarga erishishlariga yo‘l ochdi. Ta’lim sohasiga qaratilgan yuksak e’tibor bugungi yoshlarning aqlli, bilimdon bo‘lib voyaga yetishlarida zalvorli qadam bo‘ldi.
Tibbiyot kollejida talabalarning ijtimoiy himoyasiga ham katta ahamiyat qaratilgan. Tahsil olayotgan 5 nafar kam ta’minlangan oilalar farzandlari, 6 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan va 2 nafar chin yetim talabalar kollej ma’muriyatining doimiy e’tiborida.
Yoshlarni vatanparvarlik, ajdodlar merosi, buyuk tariximiz va ulug‘ allomalar qoldirgan bebaho merosga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Kollejda darslar sifatini ta’minlash, malakali kadrlash tayyorlash, yoshlarga sifatli ta’lim berish maqsadida uslubiy yordam «Yosh o‘qituvchilar maktabi» tashkil etilgan bo‘lib, tajribali o‘qituvchilardan Mavluda Bekova, Indira Yunusova, Hojal Nazarova yosh kadrlar bilan ishlab kelishmoqda.
– Kollejda mavjud kasblarning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda Toshkent shahridagi davolash profilatika muassasalari bilan 14 ta, dorixonalar bilan 11 ta, sanitariya epidemiologiya stansiyalari bilan 4 ta hamkorlik shartnomalari tuzilgan. O‘quvchilar yil davomida ushbu muassasalar bilan jadval asosida malakaviy amaliyot o‘tashadi, – deydi kasbiy ta’lim bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Durdona Sharofiddinxo‘jayeva.
O‘quvchilar bandligini ta’minlashda nazariy bilimlarni amaliy tarzda mustahkamlash va uni amaliyotga tatbiq etishda tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorligimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shahardagi davolash profilaktika muassasalari, ochiq va yopiq dorixonalar, davlat sanitariya-epidemologik osoyishtalik markazlari (DSENM), oilaviy poliklinikalar va ixtisoslashtirilgan markazlar bilan uch tomonlama shartnomalar asosida bitiruvchilarning bandligi ta’minlanmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda 842 nafar bitiruvchidan 76 foizining bandligi ta’minlanib, 18 foizi mahalliy oliy o‘quv yurtlarida, 3 foizi xalqaro oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Xulosa shuki, bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimining o‘rta bo‘g‘inini malakali kadrlash bilan ta’minlash dolzarb masala bo‘lib, u doimiy ravishda inson salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib qolaveradi.
Maryam AHMEDOVA,
jurnalist