Tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish yo‘lidagi muhim qadam

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talab­lari darajasiga ko‘tarish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilgan e’tibor bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish barobarida, aholining tibbiy xizmatdan rozi bo‘lishida muhim omil bo‘lmoqda.


Davlatimiz rahbarining kuni kecha imzolangan «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmoni zamirida ham el salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarni yangi bosqichda davom ettirish maqsadi mujassam.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar masalasi bo‘yicha kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanib qolgandi.

Ayniqsa, chekka hududlarda oilaviy shifokor, umumiy amaliyot shifokorlari va o‘rta tibbiyot xodimlarining yetarli emasligi, ba’zi hududlarda tor soha mutaxassislari yo‘qligi, malakali mutaxassislar ko‘proq Toshkent shahrida faoliyat yuritishi aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgandi. Yangi me’yoriy hujjatda o‘rta tibbiyot xodimlari uchun 2021 yil 1 iyuldan bosh­lab 10 mingta, 2022 yil 1 yanvardan esa yana qo‘shimcha 10 ming shtat ajratilishi belgilangan. Bu o‘z navbatida, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda «tibbiyot brigadalari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga tibbiy-profilaktik yordam ko‘rsatish qamrovini kengaytirishi shubhasiz.
Yana bir yangilik shuki, 2021 yil 1 iyunga qadar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar ehtiyojidan kelib chiqib, ularning yangilangan shtat normativlari tasdiqlanadi. Bu esa muassasalarning malakali tibbiy xodimlar bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, farmonda yana bir muhim jihat – o‘rta tibbiyot xodimlarining maqomini oshirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. 2021 yil 1 avgustga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, o‘rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtai nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yo‘nalishlarini kengaytirish, lavozimlarini, shuningdek, o‘quv dasturlari va rejalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish belgilangan.
Shundan kelib chiqib, o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimini takomillashtirish va uni 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab to‘liq joriy qilish ko‘zda tutilgan. Bu esa, o‘z navbatida, el salomatligi oldidagi mas’uliyatni chuqur his qila oladigan malakali tibbiyot xodimlarini yetishtirish barobarida tibbiy xizmat sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Mazkur farmonga binoan hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi. Endi hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshiruvchilarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun o‘rnatilgan tartib bilan bir qatorda quyidagi talab­lar qo‘yildi. Masalan, hamshiralik ishi faoliyatini faqat o‘rta tibbiy yoki oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega, Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022 yil 1 yanvardan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar amalga oshirishi, hamshiralik ishi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxs belgilangan muddatlarda o‘z malakasini oshirib borishi kabi talablar belgilangani o‘rta tibbiyot xodimlari orasida bandlik darajasini oshiribgina qolmay, ular ko‘rsatayotgan tibbiy xizmat sifatining yuqori bo‘lishi va o‘z sohasi bo‘yicha qabul qilingan standartlarga rioya qilishi to‘liq nazoratda bo‘ladi.
Me’yoriy hujjatda belgilangani kabi ehtiyoj mavjud bo‘lgan og‘ir sharoitli tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga malakali rahbar xodimlar va mutaxassislar jalb qilinishi uzoq va chekka hududlarda ham xalqimizga sifatli, samarali tibbiy xizmat tizimi yaratilayotganidan dalolat beradi.

Endilikda og‘ir sharoitli tuman va shaharlar tibbiyot birlashmalari rahbarlari lavozimlariga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari, oliy tibbiyot ta’lim muassasalari hamda ular huzuridagi klinikalarning malakali rahbar xodimlari va mutaxassislari shartnoma asosida muayyan muddatga jalb qilinadigan bo‘ldi.
Shuningdek, muhim yangiliklardan biri shundaki, tuman va shahar markaziy shifoxonalarining koykalarini byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish amaliyotiga bosqichma-bosqich o‘tiladi.
Hujjatga ko‘ra, tuman va shahar markaziy shifoxonalarining davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan amaldagi koykalar fondining 10 foizi 2022 yil 1 yanvardan bosh­lab to‘lov asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga ta’minlanadigan koykalar fondiga o‘tkaziladi.

Yana qo‘shimcha 10 foizi esa 2023 yil 1 yanvardan boshlab shu tartibda moliyalashtiriladi.
Natijada ushbu shifoxonalarda amalga oshiriladigan turli ixtisoslikdagi statsio­nar xizmatiga bo‘lgan aholining talabi tumanning o‘zida qondiriladi.
2021-2022 o‘quv yilidan boshlab klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotasi ikki baravarga oshiriladi.
Oliy o‘quv yurtini tugatgan mutaxassis klinik ordinaturada ilmiy tadqiqot olib borish bilan birga, muassasalarda amaliyot o‘taydi. U ham shifokor sifatida ishlaydi, ham bilimi va malakasini oshiradi. Bu esa, o‘z navbatida, ikkita masalaga yechim bo‘ladi. Deylik, u oliy o‘quv yurtini umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan bo‘lsa, endi endokrinolog bo‘lib shakllanishi uchun shu yo‘nalishdagi klinik ordinaturaga o‘qishga kiradi. O‘z hududidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada endokrinolog bo‘lib ishlagan mutaxassis o‘sha hududda shu yo‘nalishdagi shifokorga bo‘lgan ehtiyojni qondiradi, ordinaturani bitirgandan keyin endokrinolog diplomiga ega bo‘ladi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan «mobil tibbiyot» xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat «tibbiy punkt»larini tashkil etishga ruxsat berildi.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga «tibbiy punkt»lar tashkil etishga ruxsat berilgani bilan uzoq hududlardagi mahalla fuqarolariga, yirik ishlab chiqarish korxonalarida xizmat qiladigan minglab xodimlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, hamshiralarimiz bandligi ta’minlanadi.

Yana bir muhim yangilik – iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi jamg‘arma tuzilishi bo‘ldi.
Farmonda tibbiyot tizimida yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy ta’lim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari va muassasalarini professional mutaxassislar bilan ta’minlash hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi tashkil etilishi qayd etilgan.
Buning uchun 2021 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘roviga asosan Moliya vazirligi ushbu jamg‘armaga 50 milliard so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratadi. 2022 yildan bosh­lab esa zarur mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutilishi belgilangan.

Jamg‘arma mablag‘lari hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislar, shuning­dek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, ularni moddiy rag‘batlantirish, yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalarida stajirovka o‘tashlari va malaka oshirishlari bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi. Natijada, bugungi kunda ko‘pgina e’tirozlarga sabab bo‘layotgan – tuman(shahar) tibbiyot birlashmalaridagi boshqaruv tizimi salohiyatining pastligi va bugungi talab­ga javob bermasligi masalalaridagi muammolar o‘z yechimini topadi.
Farmonda imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga bepul order berish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Unga ko‘ra, 2021 yil 1 noyabrga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda joriy etadi. Bu, o‘z navbatida, aholini norozi qilayotgan muammo – orderlar taqsimotidagi korrupsion mexanizmlarni bartaraf etib, shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangi tartibga muvofiq, endilikda ehtiyoj­mand oilalar «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi asosida aniqlanadi. Shu bilan birga, imtiyozli toifadagi shaxslar uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga davolanadigan kasalliklar ro‘yxati, tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiyot muassasasining darajalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Amrillo INOYATOV,

Yana o‘qing:  Faollar mukofotlandi

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari

Manba: «Yangi O‘zbekiston» gazetasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: