Ahdi borning baxti bor

O‘zbek xalqining ezgu fazilatlaridan biri – oilani e’zozlashi, muqaddas bilishidir. Bu ezgu g‘oya istiqlol yillarida yanada qadr topdi. Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, har tomonlama yetuk va barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Kelayotgan 2014 yilning “Sog‘lom bola yili” deb nomlanishi ham so‘zimizning tasdig‘idir. Zero, bola kulgisi olamni munavvar etadi. Insonni yashashga, ezgu orzu-umidlarga esh bo‘lishiga undaydi.

Ammo ba’zi bir holatlar borki, ular farzand tarbiyasiga, uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Er-xotin o‘rtasidagi ajrim ana shunday holatlardandir.

– Ota-onamning roziligi bilan turmush qurdim, – deydi Nazira (ismi o‘zgartirilgan). – Turmush o‘rtog‘im bilan alohida uyda yashardik, u kuni bo‘yi ishda bo‘lar, men esa juda zerikardim. Bir kuni dugonam menga kompyuterdan internetga ulanib, ko‘p do‘stlar orttirishim mumkinligini, shunda zerikishga vaqtim qolmasligini aytib qoldi. Men uning gapiga amal qilib, internetga ulandim. Biroq aynan shu ishim turmush o‘rtog‘imning menga bo‘lgan ishonchini so‘ndirdi. U menga ishonmaydigan, tez-tez telefon qilib qayerdaligimni, nima qilayotganimni surishtiradigan odat chiqardi. Men esa internetga qattiq bog‘lanib qoldim. Bir yigit menga tinimsiz xatlar yozar, men esa unga javob yozgani erimdan qo‘rqardim. Turmush o‘rtog‘im hammasidan xabar topib, men bilan ajrashmoqchi bo‘ldi. Lekin ota-onamiz o‘rtaga tushib bizni yarashtirib qo‘ydi. Hozir farzandimiz bor. Ammo meni hamisha vijdon azobi qiynaydi…”

Shunga o‘xshash yoki bundan ham yomonroq holatlar bugungi kunda tez-tez quloqqa chalinyapti. Hamma narsada me’yor bo‘lgani kabi axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda, uni ishlata bilishda ham chegara bor. Og‘irimizni yengil qiladigan televizor, kompyuter, telefon kabilar oilalarning zavoliga emas, turmush obodligiga xizmat qilishi kerak emasmi?

– O‘zbek xalqida “Topganing to‘yga buyursin” degan maqol bor, – deydi “Qorayog‘och” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Juma Mardayev. – Ota-ona ming mashaqqat bilan topgan-tutganini qiziga sep qilib beradi. Kuchi yetgani sepga “anqoning urug‘i”dan boshqa hamma narsani qo‘shadi. Yetmagani esa qarz olib, bolasini hech kimdan kam qilmaslikka harakat qiladi. Biroq onalarimiz qo‘sha-qo‘sha sepning o‘rniga, qizlariga hunar o‘rgatsa, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish kerakligini, kelin bo‘lib tushgan xonadonidagi yaxshi-yomon gaplarni ko‘chaga chiqarmaslikni uqtirsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Yana o‘qing:  Huquqiy bilimlar yanada boyidi

Shu bois mustaqillik yillarida oila institutini shakllantirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida oilaning ijtimoiy maqomi aniq belgilab qo‘yildi va bu borada huquqiy poydevor yaratildi. Zero, Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida “Yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan ma’naviyat qo‘rg‘oni bo‘lmish oilani mustahkamlash bugungi kunda barchamizning asosiy vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishini istardim”, deb bejiz ta’kidlamagan.

“O‘z tuyg‘ularingni jilovlagin yoki sen uning jilovida halok bo‘lasan” – degan edi faylasuflardan biri. Er-xotinning jizzakiligi, yengil-elpi qarashlar, afsuski, ayni paytda oilalarda eng ko‘p uchrayotgan va ajralishlarga sabab bo‘layotgan holatdir. Psixologlar fikricha er-xotin bir-birini tushunib yashab ketishi uchun kamida besh yil birga umr kechirishi lozim. “Fe’l-atvorimiz, xarakterimiz to‘g‘ri kelmadi” – degan bahona-sabab bilan ajrashib ketayotgan yigit-qizlar oilaning muqaddasligini, vatan ichida kichik vatan ekanini anglab yetisharmidi? So‘nggi pushaymondan esa hech qachon foyda bo‘lmaydi?

Irodali, tarbiyali, sog‘lom farzandlar totuv va hamjihatlik muhitida voyaga yetadi. Er-xotin bir-birini haqoratlaydigan, hurmat qilmaydigan, farzandlari oldida hayoni saqlamaydigan oilada ulg‘ayotgan bola qanday yo‘l tutsin? Axir u o‘z uyasida ko‘rganini qilmasligiga kim kafolat beradi?

Oila mustahkamligini saqlab, har tomonlama komil farzandlarni voyaga yetkazib, elimiz koriga yarayotgan oilalar ham ko‘p. Ularning boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlari bisyor. Ana shunday insonlarni ko‘rib, beixtiyor oila naqadar muqaddas dargoh ekanini anglaydi, kishi. Yurtimizda keyinki paytda ajrimlarning oldini olish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berayotir. Har bir oila negizida yurtning taqdiri, ertangi kunini yanada fayzli qilishga qodir avlod ulg‘ayayotganini unutmaslik lozim. Zero, bolaga e’tibor – kelajakka e’tibordir.

Saida IBODINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: