TEATR SAN’ATI BAYRAMI

Toshkentda “Theatre.UZ/2012” uchinchi xalqaro teatr festivali davom etmoqda

Festival “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi, O‘zbekiston yoshlar teatri hamkorligida tashkil etildi.

Festival doirasidagi tadbirlar teatr san’ati ixlosmandlari, madaniyat va san’at namoyandalari, talaba-yoshlar, yurtimiz mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirish, komil insonlar etib voyaga yetkazishning muhim tarbiyaviy vositasi sifatida teatr san’ati ravnaqiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Istiqlol yillarida mamlakatimizdagi teatrlar uchun zamonaviy binolar barpo etish, mavjudlarini kapital rekonstruksiya qilish, zarur sahna, mebel, texnika vositalari bilan ta’minlash, ijodkorlar mehnatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda tomoshabin qalbi va ongida ezgu g‘oyalarni qaror toptirish, ularni sog‘lom va mustaqil fikr yuritishga, Vatan taqdiri, uning kelajagi uchun mas’uliyatni his etishga undovchi zamonamiz qahramonlari aks ettirilgan, yuksak badiiy saviyali sahna asarlarini yaratishni doimiy rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bir qator ijodiy tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan “Toshkent bahori” xalqaro teatr festivali, yosh dramaturglar, rejissyorlarning “Debyut” ko‘rik-festivali, “Seni kuylaymiz, zamondosh!” ijodiy tanlovlari ushbu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda uch yildan buyon muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinayotgan mazkur xalqaro teatr festivali yurtimiz va xorijlik sahna san’ati ijodkorlarining o‘zaro muloqoti, fikr va tajriba almashishi, ijodiy hamkorlikni tobora kengroq yo‘lga qo‘yishida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Festivalda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Bolgariya, Rossiya, Isroil kabi davlatlarning teatr jamoalari o‘zining eng sara sahna asarlarini tomoshabinlarga taqdim etadi. Tomoshabinlar Toshkent shahridagi teatrlar, teatr-studiyalar, viloyatlardagi ijodiy jamoalar repertuaridagi eng sara spektakllar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Bu yilgi xalqaro festival doirasidagi tadbirlarda tomoshabinni spektaklni yaratish jarayoni, teatr ijodkorlarining bu yo‘ldagi mashaqqatli mehnati bilan atroflicha tanishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz va xorijlik teatr ijodkorlarining o‘zaro hamkorligi samarasi o‘laroq, bir qator yangi ijodiy loyihalar muxlislar e’tiboriga havola etiladi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida xorijlik va yurtimiz teatr ijodkorlari ishtirokida ilmiy ma’ruzalar, anjumanlar, seminarlar, ijodiy uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Festival doirasida yosh rejissyorlar tomonidan ishlangan diplom-spektakllarining namoyish etilishi umidli sahna ijodkorlarining faoliyatini atroflicha o‘rganish, tahlil etish, faoliyatini yangicha, yanada yuqori talablar asosida yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Loyiha doirasida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida zamonaviy teatr san’atining rivojlanish masalalariga doir ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.

Yana o‘qing:  MO‘JIZAVIY TELEFON

– O‘zbekistonda teatr jamoalari davlat tomonidan alohida qo‘llab-quvvatlanayotganidan yaxshi xabardorman, – deydi Buyuk Britaniya yoshlar teatrining rejissyori Pol Xarman. – O‘zbekistondagi yoshlar teatr jamoalaridagi qizg‘in, sog‘lom, jonli va jo‘shqin muhit meni juda hayratga soldi. Ijodkorga cheksiz ilhom va ma’naviy quvvat bag‘ishlovchi bunday muhit hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Festival uchun Markaziy Osiyo davlatlari teatr jamoalari bilan birgalikda yangi ijodiy loyiha – “Ipak tolasi” sahna ko‘rinishini tayyorladik. O‘zbekistonlik aktyorlarning mahorati va iste’dodi, izlanuvchanligi mazkur loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim omil bo‘ldi.

“Theatre.UZ/2012” uchinchi xalqaro teatr festivali doirasida shahrimiz teatr sahnalarida spektakllarning namoyishi, mahorat saboqlari, hamkorlikdagi ijodiy loyihalar taqdimoti, qiziqarli uchrashuvlar, muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.

Nazokat USMONOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: