Tibbiyot xodimlari faoliyati kasaba uyushmalari himoyasida
O‘tgan yil sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari uchun haqiqiy sinov yili bo‘lgani hech kimga sir emas. Dunyo tibbiyot xodimlari mehnat faoliyatidagi eng mushkul damlarni boshdan kechirdi. Pandemiya odamlardagi sabr-matonat, bardosh va birdamlikni imtihondan o‘tkazdi. Mana shunday sharoitda soha xodimlarining manfaatlarini himoya qilish, ularning mashaqqatli mehnatini hisobga olib, ishchi-xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi ham qator ishlarni amalga oshirdi.
Xususan, 2020 yilda tibbiyot muassasalarida mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini o‘rganish, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha bajarilgan ishlar statistikasi pandemiya davridagi faoliyatimiz nechog‘li jadal sur’atda kechganining isboti bo‘la oladi.
Jumladan, o‘tgan yilda sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar tomonidan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashiga 580 ta og‘zaki va yozma murojaat kelib tushgan. Huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish, mehnat muhofazasi, sog‘lomlashtirish, moddiy yordam ajratish va boshqa ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid masalalar yuzasidan yo‘llangan murojaatlar ortida mehnat huquqlari buzilgan, huquqiy maslahatga muhtoj xodimlar – kasaba uyushmasi a’zolari turibdi. Shu sababli har bir murojaatni diqqat bilan o‘rganish, muammolarga yechim topish tarmoq kasaba uyushmasi mutaxassislarining diqqat markazida bo‘ldi.
Tarmoq kengashiga yuborilgan murojaatlarning 65 tasi qanoatlantirildi. 193 tasi bo‘yicha tushuntirish berilib, 7 tasi tegishliligiga ko‘ra boshqa mas’ul tashkilotlarga yo‘naltirildi. Ushbu murojaatlarning 179 tasida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ish beruvchilarga taqdimnomalar kiritildi. 24 ta murojaatda keltirilgan muammoni hal etish maqsadida sudga da’vo arizalari jo‘natildi.
Qolaversa, tarmoq kasaba uyushmasi mutaxassislari ikkita murojaatdagi nizoli holatni bartaraf etish uchun xodimlar manfaatini ko‘zlab, sudda vakil sifatida ishtirok etdi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 112 nafar sog‘liqni saqlash sohasi xodimining huquqlari tiklanishiga erishildi.
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining barcha darajadagi tashkilotlariga o‘tgan yil davomida bo‘lgan murojaatlar soni 52 ming 653 tani tashkil qildi. Ushbu murojaatlarning 41 ming 646 tasi qanoatlantirilgan. Mingdan ortiq xodimning manfaatini ko‘zlab ish beruvchilarga taqdimnoma yuborilgan, 24 ta murojaat bo‘yicha sudga da’vo arizasi va iltimosnomalar kiritilgan. Shuningdek, 112 nafar sog‘liqni saqlash xodimining huquqlari tiklangan. Bu xodimlarga jami 163 million 139 ming 463 so‘m miqdorida yetkazilgan zarar undirib berildi. Bundan tashqari, Respublika Kengashi mutaxassislari tomonidan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar o‘z vaqtida va to‘g‘ri to‘lanishini monitoring qilish jarayonida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 360 nafar xodimga jami 388 million 906 ming 947 so‘m undirib berildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, xavfli va yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirusni davolashga mas’ul shifokor hamda hamshiralar uchun jamoa shartnomalarida qator qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar ko‘zda tutilgan. Qonunchiligimizda bunday holatlar alohida e’tiborga olingan. Xususan, karantinga oid choralarga amal qilish davrida ish beruvchi xodimlarni, ayniqsa, homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan hamda surunkali kasallikka chalingan shaxslarni, ularning roziligi bilan, masofadan turib ishlashga va qulay ish grafigiga o‘tkazishi lozim.
Masofaviy ishlovchi xodim ish vaqtini o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlanishini hisobga olgan holda, u bajargan ishlar uchun bir baravar miqdorda mehnat haqi to‘lanadi. Bunda xodimga nisbatan ish vaqtidan tashqari ish, dam olish va bayram kunlaridagi ish, shuningdek, tungi vaqtdagi ish uchun mehnatga haq to‘lash shartlari qo‘llanmasligi kerak.
Xodim masofaviy ishga yoki moslashuvchan ish grafigiga o‘tkazilganda, uning ta’tillar jadvaliga muvofiq, mehnat ta’tili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlari va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlab qolinishi kerak.
Xodim pandemiya vaqtida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganda, ish beruvchi unga, kasaba uyushmasi qo‘mitasining tavsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining jamoa shartnomasida belgilangan miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilishi kerak.
Pandemiya davrida ish jarayonida kasallangan xodimlarning davolanishiga ketadigan xarajatlar muassasa mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bunday sharoitda xodimning oila a’zolaridan biri kasallanib, davolanayotgan bo‘lsa, muassasa tomonidan bir martalik moddiy yordam berilishi lozim. Kasalli k yuqtirgan xodimlarning sog‘lig‘iga shikast yetgani yoki ularning og‘ir ahvolga tushishi va sog‘lig‘i tiklanmagani munosabati bilan ish beruvchi, muassasaning moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
Ish beruvchi yuqumli virus kasalligiga chalingan xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatishi, ularning davolanishi va dori-darmonlar xarajati (shu jumladan, xodimning bolalari kasal bo‘lsa) uchun to‘lovni amalga oshirishi shart.
Koronavirus bilan og‘rib tuzalgan xodimlar muassasa hisobidan har uch oyda bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Xodimlarni ish faoliyati bilan bog‘liq turli yuqumli kasalliklarga chalinishi mumkin bo‘lgan holatlar haqida ogohlantiruvchi ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.
Muassasa xodimlari o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida ish beruvchi xodimlarni ish joylarida antiseptik va zarur sanitariya-gigiyenik vositalar, niqoblar bilan ta’minlashi shart. Kasallik uchun test tahlillarini topshirish, yuqumli kasalliklarga qarshi vaksina bilan emlash, shuningdek ish joylari: oshxona, yuvinish xonasi, hojatxona, muassasaga tegishli yotoqxonalar, ishchilarni tashuvchi transport vositalarini dezinfeksiya qilish ishlarini muassasa hisobidan bajaradi.
Pandemiya davrida kasallanib vafot etgan xodimlarning oilasiga moliyaviy imkoniyatdan kelib chiqib, ish beruvchi yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasi mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ajratiladi.
Hukumat yoki maxsus komissiya tomonidan karantin e’lon qilinganda xodimga qisman haq to‘langan holda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuv orqali belgilangan muddatga ta’til taqdim etiladi. Bunda xodimga O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini jamoa shartnomasida ko‘rsatilgandan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi.
Koronavirus pandemiyasi davrida xodimning asosiy mehnat ta’tilini olish huquqini beruvchi ish stajini hisoblashda ish haqi saqlanmagan ta’tilda bo‘lgan davr ham inobatga olinadi.
Pandemiya davrida koronavirus infeksiyasi bilan zararlanib, karantinga joylashtirilgan 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlangan. Ish beruvchi tomonidan to‘liq rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib boradi.
Pandemiya davrida mehnat sharoiti zarur bo‘lgan va navbatchilikda vaxta uslubida ishlovchi xodimlar ishga borib kelishi uchun ish beruvchi tomonidan transport vositasi bilan ta’minlanadi.
Biz oxirgi yillarda asosiy e’tiborimizni tibbiyot xodimlari kasblari imijini oshirishga xizmat qiladigan kasbga oid ko‘rik-tanlovlarni ko‘proq tashkil qilishga qaratib kelmoqdamiz. Xabaringiz borki, sog‘liqni saqlash tizimida son jihatidan eng ko‘p xodimlar – bu hamshiralar va boshqa o‘rta tibbiyot xodimlaridir. Sohaning eng jonkuyarlari yoki zahmatkashlari ham shular desak hech yanglishmaymiz. Shunday ekan, doim bu xodimlarimizning kasbiy malakasiga alohida e’tibor qaratishimiz, o‘z samarali mehnati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotganlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borishimiz, ularning muvaffaqqiyatga erishish omillarini ommalashtirishimiz, sohada sog‘lom raqobat shakllanishiga ko‘maklashishimiz lozim deb hisoblayman. Bundan tashqari, bu tizimda ishlovchilar o‘rtasida yoshlar ham ko‘pligini esdan chiqarmasligim lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda asosiy ijtimoiy sherigimiz bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bir necha yillardan beri an’anaviy tarzda «Hamshira» ko‘rik-tanlovini o‘tkazib kelamiz. Bu tanlov asosan yoshlarimiz o‘rtasida, ya’ni 28 yoshgacha bo‘lgan hamshiralarimiz o‘rtasida muassasa bosqichidan to respublika bosqichi darajasida tashkil qilinadi. E’tiborlisi, tanlovning respublika bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan hamshira qizlarimiz tashkiliy qo‘mitaning respublikamizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridan biriga byudjet asosida o‘qishga qabul qilinish imkoniyatini qo‘lga kiritishlari mumkin.
Undan tashqari, sohada birmuncha yillar davomida mehnat qilib kelayotgan 30 yoshdan katta bo‘lgan o‘rta tibbiy xodimlar o‘rtasida «Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi» tanlovini ham o‘tkazib kelmoqdamiz. O‘tgan yili bu tanlov 9 ta nominatsiyada bo‘lgan bo‘lsa, bu yilda 13 ta nominatsiyada o‘tkazishni rejalashtirganmiz. O‘tgan yillarda tanlovning respublika bosqichida nominatsiyalar bo‘yicha faqat birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib kelingan bo‘lsa, bu yilgi tanlov natijasi bo‘yicha respublika bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan barcha ishtirokchilarimiz tashkiliy qo‘mitaning qimmatbaho sovg‘alari bilan birga vazirlikning ko‘krak nishoni sohibiga aylanishlari mumkin.
Kasaba uyushmasining asosiy vazifasi ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, xodimlar manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Shu bois har bir a’zoning mehnat huquqlari ta’minlanishi biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Xabaringiz bor, mamlakatimizda tibbiyot kollejlarida o‘qitish tizimi butunlay isloh etildi. Jumladan, ulardan 47 tasi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga aylantirildi. Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida Toshkent shahridagi tibbiyot kollejlarida bajarilgan ishlarni o‘rganish va amaliy yordam berish maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mutaxassislari tomonidan mamlakatimizdagi 77 ta tibbiyot kolejida o‘rganish olib borildi.
Mazkur farmonning 3-bandida tizimda mos ravishda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etilishi qayd etilgan. Shunga ko‘ra, respublikamizdagi barcha kollejlarda islohotlar davom etmoqda. 2019-2020 o‘quv yili yakunida barcha tibbiyot kollejlari maqomida o‘zgarishlar kuzatilgan. E’tiborli jihati, tibbiyot kollejlari faoliyatida tugatish bo‘lmagan, aksincha, ularga Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi maqomi berilib, ba’zilari kollej maqomida qoldirilgan. O‘rganish davomida 19 ta tibbiyot texnikumi va kollejlarida 1 ming 40 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi kollej faoliyati tugatildi degan vaj asosida, ish beruvchining tashabbusi bilan Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 1-bandiga asosan bekor qilingani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tugatishga oid hujjatlar tahlil qilinganda, ish beruvchi tomonidan mehnatga doir qator qonun va qonunosti hujjatlari talablari buzilgani aniqlandi. Respublika Kengashi xodimlari tomonidan Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatlaridagi 11 ta tibbiyot texnikumi va kollejlarida o‘rganish olib borilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kollej direktorlari bilan ishga tiklash borasida muzokaralar o‘tkazildi. Mehnat qonunchiligida yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritildi.
Respublikamizning boshqa viloyatlarida o‘rganilgan natijalarga ko‘ra, 7 ta tibbiyot texnikumi va kollej direktorlari nomiga mehnat qonunchiligida yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar yuborildi. Bundan tashqari, ikkita tibbiyot texnikumi va kollej direktorlari bilan telefon orqali o‘tkazilgan suhbat jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada ish beruvchi xodimlarni ishga tikladi.
Kiritilgan taqdimnomalar natijalariga ko‘ra, 542 nafar xodimning huquqiy manfaatlari tiklandi.
Bundan tashqari, tibbiyot kollejlarida qabul kvotalari va shtatlar jadvallari tasdiqlanishida kechikish bo‘lgani sababli bekor turib qolgan xodimlarga ish haqi to‘lab berilmayotgani kuzatildi. Xodimlarning maoshini berishi uchun o‘quv muassasalari ish beruvchilari mahalliy moliya organlari tomonidan moliyalashtirmayotgani aniqlandi. Bu masala yuzasidan tegishli vazirlik mutasaddilariga tibbiyot kollejlarida o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabab tufayli vaqtincha ishni to‘xtatib turishga majbur bo‘lgan xodimlarga qonunda belgilangan tartibda o‘rtacha ish haqini moliyalashtirishda amaliy yordam so‘rab xat yuborildi.
Respublika Kengashi tibbiyot kollejlari bo‘yicha o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan o‘zgarishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga tayangan holda qayta tashkil etilgan degan fikrda bo‘lgan hamda hozir ham shunday rasmiy pozitsiyada.
Xulosa qilib aytganda, Respublika Kengashi xodimlar manfaatlari himoyasi yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ishga solib faoliyat yuritib kelmoqda.
Farhod XANAPIYAEV,
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi
Respublika Kengashi raisi