ONKOLOGIK KASALLIKLAR QANCHA ERTA ANIQLANSA, ShIFO TOPISH ShUNCHA OSONLASHADI
Onkologik kasalliklar nafaqat katta yoshdagi aholi, balki bolalar salomatligiga ham jiddiy ta’sir etayotgan muammolardan biridir. Mutaxassislarning fikricha, bunday kasalliklar profilaktikasiga oid tadbirlarni samarali tashkil etish va kasallikni erta bosqichda aniqlash orqali minglab bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish mumkin.
Tibbiyot fanlari nomzodi Tojiddin
MUSTAFOYEV bilan
suhbatimiz shu xususda bo‘ldi.
– Bugungi kunda bolalar o‘rtasida qanday onkologik kasalliklar ko‘p uchrayapti?
– Bolalar o‘rtasida uchraydigan onkologik kasalliklar ichida gemablastozlar qariyb qirq foizni tashkil etadi. Shuningdek, markaziy asab tizimi o‘smalari, neyroblastomalar, buyrak, suyak, yumshoq to‘qimalar, quloq, tomoq, burun, jigar va jinsiy a’zolar xavfli o‘smalari uchrab turadi.
– Bunday kasalliklarning kelib chiqishining asosiy sabablari nimada va uning oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
– Bolalarda onkologik kasalliklar yuzaga kelishida embrional omillar asosiy o‘rin egallaydi. Bolalarda xavfli o‘sma kasalliklarining oldini olish uchun, avvalo, ota-ona sog‘lom bo‘lishi, oilada sog‘lom muhit yaratilishi, har bir inson ichish, chekish kabi zararli illatlardan xoli bo‘lishi, shuningdek, ekologik muhit musaffoligi juda muhim hisoblanadi.
– Bolada xavfli o‘sma rivojlanayotganini qanday bilish mumkin?
– Bola holsizlanadi, kamqonlik rivojlanib boradi, tana harorati 37-37,5 gacha ko‘tariladi. Bundan tashqari, tana vazni kamayadi, periferik limza tugunlari, jag‘ osti, qo‘ltiq osti, bo‘yin, chovlarda limfa tugunlari kattalashadi. Ana shunday alomatlar kuzatilsa, bolani onkolog ko‘rigiga yo‘llash kerak. Bugungi kunda hududlarimizdagi tibbiyot muassasalarida bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha zamonaviy imkoniyatlar yaratilgan.
– Ba’zi bolalarda xalqimiz tilida nor, xol deyiladigan hosilalar bo‘ladi. Bular bola uchun xavf tug‘diradimi?
– Nor tibbiyot tilida gemongioma deb ataladi. Bundan tashqari, bolalarda limfangeomalar, suyak osteomalari, yumshoq to‘qimalarda har xil xol ko‘rinishidagi hosilalar uchrab turadi. Bular xavfsiz o‘smalar hisoblanadi. Biroq, ba’zilari xavfli o‘smaga aylanishi mumkin. Shu bois, bolaning badanidagi bunday hosilalarni ota-ona o‘z bilganicha bartaraf etishga urinishi, xollarni yulishga harakat qilish yoki har xil yog‘lar surib yo‘qotishga urinish aslo mumkin emas. Bu og‘ir oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Agar bolaning badanida bunday hosilalar bo‘lsa, albatta, bolani tegishli mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazib, shifokor tavsiyalariga amal qilish lozim.
– Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida o‘smir qizlar odam papilloma virusiga qarshi emlanadi. Ushbu virus inson sog‘lig‘iga qanchalik zarar yetkazishi mumkin?
– Papilloma virusli kasallik hisoblanadi. Ayrim ko‘rinishlari onkologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, ayollardagi bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishida aynan papilloma virusi yetakchilik qiladi. Bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinni egallaydi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018 yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 dan ortiq ayollar vafot etadi. Jumladan, mamlakatimizda ham har yili 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Kasallikning oldini olishning eng maqbul usuli emlashdir.
– OPVga qarshi nega aynan 9-14 yoshdagi qizlar emlanadi?
– Boisi, ular hali turmushga chiqmagan va virusni yuqtirish immunitetiga ega bo‘lmagan bo‘ladi. Shu sababli ham ayni shu paytda emlash boshqa yoshdagilarga nisbatan samarali bo‘ladi.
– Bolalarda uchraydigan adenoid kasalligi haqida ma’lumot bersangiz? Uning asoratlari onkologik kasallikka olib kelishi mumkinmi?
– Adenoidlar – bu burun-halqum yo‘li limfoid to‘qimasi murtaklarining yallig‘lanish natijasida kattalashishi. Ko‘pincha 12 yoshgacha bolalarda uchraydi. Tez-tez shamollash, nafas olish va eshitish qiyinlashishi, xurrak otish, bosh og‘riqlari va boshqalar bu kasallikning alomatlari hisoblanadi.
Bugungi kunda tibbiyotimiz bu kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va davolash bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega. Bu kasallik, agar adenoid deb to‘g‘ri tashxis qo‘yilgan bo‘lsa va o‘z vaqtida davolansa, u saratonga aylanmaydi.
– Osteogen sarkomaning ilk belgilari haqida ma’lumot bersangiz.
– Osteogen sarkoma bolalarda eng ko‘p uchraydigan suyak to‘qimasida rivojlanadigan xavfli o‘sma kasalligidir. Bu kasallikning ilk belgilari zararlangan sohada shish paydo bo‘lishi, tunlari kuchli og‘riq, paypaslanuvchi hosilaning paydo bo‘lishi bilan kechadi. Kasallik rentgenologik va marfologik usulda tekshiriladi.
– Bolalar onkologiyasining bugungi eng muhim yutuqlari haqida ham so‘zlab bersangiz.
– Bugun O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi dunyoning tibbiyoti eng rivojlangan mamlakatlari bilan tengma-teng rivojlanmoqda. Xususan, kasallikka aniq, tez tashxis qo‘yish imkoniyatlari juda yuqori. Bu borada o‘sma markerlari bilan ishlash, immunogistoximik tahlillar zamonaviy standartlar asosida o‘tkaziladi. Bundan tashqari, MSKT, MRT, PET, raqamli rentgen, doppler kabi zamonaviy tibbiy texnologiyalar tibbiyot amaliyotiga chuqur kirib kelishi kasallikka erta bosqichlarda aniq tashxis qo‘yish imkoniyatini kengaytirmoqda. Tabiiyki, saraton qancha erta aniqlansa, bemorlarning salomatligini asrash imkoniyati ham shuncha yuqori bo‘ladi.
Bolalar onkologiyasida bugun bir qator yangi zamonaviy jarrohlik amaliyotlari ham samarali qo‘llanilayapti. Bular tayanch harakat tizimi o‘smalarida suyak autoplastika operatsiyalari, suyak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari, yirik bo‘g‘imlarni endoprotezlash operatsiyalari, buyrak, qorin parda osti sohasi, kichik chanoq bo‘shlig‘i o‘smalarida ham yangicha operatsiya usullari muvaffaqiyatli qo‘llanilayapti. Albatta, tibbiyotimizning bunday ilg‘or yutuqlari bemorlar sog‘lig‘ini tiklashda muayyan yutuqlarga zamin bo‘lmoqda.
Biroq har qanday kasallik kabi bolalarda uchraydigan xavfli o‘sma kasalligini ham davolashdan oldini olish osonroq. Buning uchun esa oilalarda tibbiy madaniyatning yuqori bo‘lishi muhim omil sanaladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, yiliga 400 000 nafarga yaqin bolalar xavfli o‘sma kasalligi bilan ro‘yxatga olinadi.
O‘zbekistonda ham yiliga 900 nafarga yaqin bolalarda xavfli o‘sma aniqlanadi. 4000 nafardan ko‘proq bola hisobda turadi.
Holsizlik, kamqonlik, tana harorati 37-37,5 gacha ko‘tarilishi, tana vazni kamayishi, periferik limfa tugunlari, jag‘ osti, qo‘ltiq osti, bo‘yin, chovlarda limfa tugunlari kattalashishi bolada xavfli o‘sma rivojlanayotganidan darak beradi.
Bahor XIDIROVA yozib oldi