FE’L-ATVORNING SOG‘LIKKA TA’SIRI BOR(MI?)
Ishonish qiyin, biroq ko‘pgina tibbiyot xodimlarining fikriga qaraganda, kishining qanday kasallikka chalinishi – uning fe’l-atvoriga bog‘liq ekan.
Jumladan:
– o‘zini doim hayotda noto‘g‘ri yo‘l, noto‘g‘ri kasb tanlaganlikda, shaxs sifatida o‘zini ko‘rsata olmaganlikda ayblaydiganlar – oyoq og‘rig‘idan shikoyat qilishadi;
– qachon qarasang, o‘zidan va atrofdagilardan norozi, dunyo ko‘ziga tund ko‘rinadigan, nuqul kelajagidan tashvishlanadiganlar – ko‘z kasalliklariga chalinishi mumkin;
– o‘zini doim past baholaydigan, tushkun kayfiyatga moyil, tez yig‘laydigan, arzimagan o‘zgarishlardan ham tizzalarigacha qaltiraydigan kishilarning – nafas olish tizimi va o‘pkasi bilan bog‘liq muammo kelib chiqadi;
– gastrit (oshqozon kasalligi) – nuqul tashvishda yuradigan, o‘ziga ishonmaydigan, har qanday mayda-chuydaga ham siqilib asabiylashaveradigan va kechalari uyqusi qochib ketadigan kishilarga «yopishadi»;
– tomir tortishish – bu ham har narsadan hadiksiraydigan, nuqul asabiylashadigan, hatto xotirjam ovqat tanavvul qila olmaydigan, qarshisida turgan muammolardan qo‘rqib yashaydigan kishilarni ta’qib qiladi;
– tajavvuzkor, urushqoq, tabiati qo‘pol kishilar – ko‘pincha bronxial astmaga chalinadi. Xalq orasida bejiz «nafratdan nafas olishim qiyinlashadi» degan gap chiqmagan;
– o‘ziga haddan ziyod bino qo‘ygan, tajavvuzkor, hamma narsada birinchi bo‘lishga qiziqadiganlar yurak va qon tomir kasalliklariga tez chalinadi. Kolumbiya universiteti olimlarining ma’lumotlariga ko‘ra, yurak xastaliklarining paydo bo‘lishiga ko‘pincha g‘azab va asabiylashish sabab bo‘larkan;
– oshqozon yarasi va o‘n ikki barmoq ichaklari kasalligi bilan hissiyotchan, sal narsaga ham tashvishlanaveradiganlar azoblanadi. Malakali mutaxassislar oshqoni og‘riydigan bemorlarni ularning xulqatvoriga qarab, aniqrog‘i asabiylashish darajasiga qarab tez bilib olishadi;
– xafagarchilikni kechira olmaydigan, bo‘lar-bo‘lmasga asabiylashaveradigan «yovuz tabiatli» odamlarning jigari va o‘ti, safro chiqaruvchi yo‘llar og‘rishi mumkin;
– salga «pov» etib lovullab ketish, o‘jarlik gipertoniya – qon bosimi kasalligiga olib boradi. Shifokorlar orasida hatto «gipertonik xarakter» degan atama bor. O‘ta o‘jar, hammaga o‘rgatishni yaxshi ko‘radiganlar fe’l-atvorli kishilar (ko‘pincha liderlik, ya’ni yetakchilik xususiyatiga ega rahbar xodimlar) qon bosimidan tashqari (natijasida) yurak xastaliklari bilan ham og‘rib turishadi;
– o‘zgalarning fikriga va xatolariga toqat qilolmaydiganlarda – migren xastaligi (surunkali bosh og‘rig‘i) ko‘p uchraydi. Shuningdek, bunday odamlarga tez xafa bo‘lish odati xos narsa. Ular hamma narsadan tashvishlanib tezda depressiya holatiga tushib qoladi;
– «Jonjon» deb gapirishni yaxshi ko‘radigan, tezda ta’sirlanadigan, kayfiyati har yarim soat ichida bahor ob-havosi kabi o‘zgaruvchan odamlar – ko‘pincha qand kasalligidan qiynaladi.
Yuqoridagi fikrlar yuz foizli tashxis emas, albatta. Bu ruhshunos shifokorlarning odam organizmi va ruhiyatida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan jihatlarni tahlil etishga urinish, ma’lum ma’nodagi kuzatuvlar natijasida xulosalarga kelishidir.
Shunday ekan, azizlar, avvalo asabingizni asrang. Surunkali kasalliklar orttirishdan ehtiyot bo‘ling!
Maryam AHMEDOVA tayyorladi