Sog‘lom muhit – inson salomatligi asosi
Betakror Vatanimiz go‘zalligi, uning tabiati ko‘pchilikni o‘ziga maftun etadi. Uning viqorli tog‘lari, shirindan-shakar mevazoru, yashil bog‘-rog‘lari qay bir diyorda bor? Ta’bir joiz bo‘lsa, mehnatkash xalqimiz, bobodehqonlarimiz peshona teri bilan yetishtirgan, bozorlarimizni to‘ldirib turgan ne’matlarni hech bir yurtnikiga alishmagan bo‘lardim. Ammo, hozirgi vaqtda atrof-muhit bilan jamiyat o‘rtasidagi aloqalar muvozanatining ba’zi holatlarda buzilishi tabiiy holatga putur yetkazayotgani ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Chunki, ana shu muvozanatning buzilishi asta-sekinlik bilan ichimlik suvi, bog‘-rog‘larning, poliz ekinlarining sifatiga ham salbiy ta’sir yetkazishi mumkin.
“Daryo bo‘yida o‘tirsang ham suvni isrof kilma!”
Mamlakatimiz taraqqiyotida O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan boy tabiiy resurslar muhim ahamiyatga ega. Shu bois bugun jamiyatdagi har bir shaxsdan tabiat qonunlariga mos turmush kechirish, nafaqat suvni, balki barcha tabiiy boyliklarni, bog‘u rog‘lar, tog‘u toshlarni, uning hayvonot va nabotot olamini ko‘z qorachig‘idek asrash talab etiladi. Ulardan oqilona foydalanish va kelgusi avlod uchun tabiiy sof atrof-muhitni asrab-avaylash va yetkazish siz bilan bizning vazifamiz ekanini chuqur anglashimiz kerak. Bu mamlakatimiz aholisining ma’nan boy va sog‘lom hayotini ta’minlashdagi asosiy shart va omillardandir. Demak, buning uchun avvalo kishilarning atrof-muhit muhofazasi haqidagi bilimlarini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Suv resurslaridan foydalanish chog‘ida hamda atrof-muhitning transchegaraviy ifloslanishi, qurg‘oqchilik, yuqumli (jumladan, sil) va o‘ta xavfli kasalliklarning tarqalishi, chiqindilar to‘planishi tashvishli hol. Bu biz nafas olib turgan havoning buzilishiga olib keladi.
Bu borada mutaxassislar atrof-muhit muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator ahamiyatli ishlar amalga oshirishmoqda. Yaqinda “EKOSAN” xalqaro jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birga ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazgan uchrashuvda ham ekologik masalalar muhokama qilindi. Tadbirda ma’ruzachilarning ma’lum qilishicha, mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha davlat dasturlarining izchillik bilan bajarilishi natijasida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishi kamaygan. Jumladan, Iqlim o‘zgarishlari to‘g‘risidagi Kioto protokolining Musaffo rivojlanish mexanizmi doirasida “Navoiyazot”, “Farg‘onaazot” va “Maksam-Chirchiq” OAJ korxonalarida atmosfera havosiga zaharli moddalarning chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha yangi texnologiyalar o‘rnatildi. Ekologik toza resurs tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini amaliyotga tadbiq etish sohasida ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish va foydalanish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar qabul qilib, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining “Ekoenergiya” ilmiy tadbiqiy Markazi quyosh batareyalari va biogaz uskunalarini tayyorlash, o‘rnatish hamda ishga tushirish ishlarini olib bormoqda. Markaz Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Yangi bino” qo‘rg‘onida shamol energiyasi bilan ishlaydigan nasoslar yordamida yer osti suvlari orqali aholini ichimlik va sug‘orish suvi bilan ta’minladi. Qashqadaryo viloyatida mini GESi barpo etildi. Toshkent viloyati “Qibray Gold Xende” fermer xo‘jaligida parrandachilik fermasi chiqindilarini ekologik zararsizlantirib, qayta ishlanmoqda.
Loyihalar amalda
“EKOSAN” Xalqaro jamoat fondi mamlakatimizning elektr ta’minoti manbalaridan uzoqda joylashgan bir qator qishloqlar, fermer va cho‘pon xo‘jaliklari, ovullarni quyosh energiyasidan foylangan holda fotoelektr moslamalari bilan ta’minlash loyihasiga asosan Toshkent Botanika bog‘ini ta’mirladi. Qoraqalpog‘istonning sho‘rlangan tuprog‘ida manzarali, dorivor oziq-ovqat, yem-xashak va boshqa o‘simliklarning yangi navlarini yetishtirishning agrotexnologiyasini ishlab chiqish loyihasini hayotga tadbiq etishda ishtirok etdi. Xorazm viloyatida ichimlik suvi, havo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ifloslanishi hamda bu noxush holatning qishloq aholisi salomatligiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’sirini ayrim tumanlar misolida o‘rgandi va uni yaxshilash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazdi. Sirdaryo viloyatidagi “Bunyod-Nodirjon Hamkor” fermer xo‘jaligi issiqxonasiga tomchilab sug‘orish tizimini montaj qildi, “Sayxun” qo‘riqxonasida baliq yetishtirish uchun uchta hovuz ishga tushirildi.
Ekologik ta’lim
Ana shunday biz xayotda to‘qnash keladigan masalalar hozirgi davrda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonimizda ham ekologik muammolarni xal qilish zarurligini ko‘rsatmoqda. Bu borada avvalo aholining ekologik bilimini oshirish kerak. Bu masalani yechish jarayonida xalq ta’limi tizimi eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Ta’lim orqali bolalar, kattalar, ular yashayotgan o‘lka va butun jahon uchun xavf solayotgan ekologik xavf-xatarni kamaytirishga erishish mumkin. Ekologik ta’limning maqsadi o‘quvchi yoshlar va butun jamiyatda ilmiy va amaliy bilimlar majmuasi asosida ekologik dunyoqarashni shakllantirish, o‘z sog‘lig‘iga, atrof-muhit muhofazasiga mas’uliyatli bo‘lishni singdirishdan iboratdir.
“EKOSAN” tomonidan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, oliy o‘quv yurtlari va boshqa bir qator davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda “Barkamol ekologiya – bizning kelajagimiz”,“Barkamol avlodni shakllantirishning ijtimoiy-ekologik jihatlari”, “Yoshlarni atrof-muhitni muhofaza qilish orqali ularning ekologik bilimini oshirish” mavzularida oliy o‘quv yurtlarida, kollejlarda, litseylarda, maktablarda, “Mehribonlik uylari”da konferensiya, uchrashuvlar o‘tkazildi. Ayniqsa, “EKOSAN” tomonidan nashr ettirilgan “Ekologiya va salomatlik jamoatchilik nigohida”, “Suvdan foydalanish, iste’mol qilish va muhofazasi huquqi”, “Iqlim o‘zgarishi bolalar nigohida”, “Iqlimtoyning ajoyib sarguzashtlari”, “Ekologiya” kabi kitoblar, ekologiya va sanitariya-gigiyenaga oid turli buklet va “Ekologik sanalar” rangli plakatlar to‘plamlarining chop etilayotgani yoshlarning bu boradagi bilimlarini oshirishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘sh ekologlar tanlovlari
“EKOSAN”ning “An’analarni tikla – daraxt ek!” aksiyasi quvvatlanib, shanbaliklar uyushtirildi, ko‘chatlar ekildi. Joylarda “Yosh ekologlar bog‘i”, “Ekologik burchak”lar tashkil etildi. Mavzuga bag‘ishlangan turli tanlovlar uyushtirilib, g‘oliblar va faollar “Yosh ekologlar guruhi”ga qabul qilinib, “EKOSAN” sovg‘alari bilan mukofotlandilar.
Fond tomonidan “Tabiat: kecha, bugun, ertaga” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini diplom hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlariga, Toshkent shahar tibbiyot muassasalariga yuqumli kasalliklarning oldini olishda foydalanish uchun dezinfeksiyalash vositalarini topshirdi.
Yer – rizqu ro‘z manbai
“O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezidentimizning Qarori va “2008-2012 yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat Dasturi” haqidagi Prezidentimizning 2008 yildagi Qarori bilan melioratsiya ob’yektlarini qurish, rekonstruksiyalash, tiklash, ta’mirlash hamda meliorativ texnikalarni sotib olishga mablag‘ ajratilib, 240 ming gektar ekin maydonlarining meliorativ holati yaxshilandi.
Yurtimizda keyingi yillarda obodonlashtirish ishlarining ko‘lami kengaydi. Albatta, bunda ekologik hasharlarning, obodonlashtirish oyliklarning ham ahamiyati katta bo‘lmoqda. Bunday tadbirlar orqali hayotimizning muhim tayanchi bo‘lgan tabiatga, yashillik olamiga yoshlarda mehr uyg‘onadi. O‘zlari yaratgan bog‘, gulzorlarga mas’ullik hissi oshadi. Chunki, Ona tabiat barchamizning uyimizdir.