Maktablarda savodxonlik kechalari
Dars – muqaddas. Maktabda o‘tilayotgan har bir fan o‘quvchi uchun ulkan dunyoni kashf etishga turtki bo‘ladi. Mustaqil hayot uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va tajribalarni o‘zlashtirib boradi. Jumladan, mamlakatimiz umumta’lim maktablarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi haqida ta’lim darslarining o‘tkazib borilishi ham o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda barcha maktablarda mamlakatimiz asosiy Qomusiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyamiz – huquq va erkinligimizning kafolati” shiori ostida huquqiy va ma’naviy tadbirlar oyligi o‘tkazilmoqda.
Farovon hayotimizning asosi bo‘lmish Qomusimiz qabul qilingan kunga bag‘ishlangan kechalarning yurtimiz umumta’lim maktablarida qanday o‘tkazilayotgani va unda o‘quvchilarning ishtiroki bilan qiziqib, poytaxtimizdagi bir nechta ta’lim maskanlarining bayram kechalarida ishtirok etdik. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida joylashgan 34-umumta’lim maktab binosiga kirar ekanmiz, quvchilar tomonidan tayyorlangan devoriy gazetalar, rasmlar, turli ishlanmalar ruhiyatimizga ko‘tarinkilik ulashdi.
– O‘quvchilarimiz maktabda tashkil etilayotgan har bir tadbirga o‘zlarining qiziqishlaridan kelib chiqib hissa qo‘shishga harakat qiladilar, – deydi maktab direktori Mehri Rahimberdiyeva. – Biz pedagoglar esa ularga kerakli maslahatlarimiz bilan yordam beramiz, ruhan qo‘llab-qo‘llaymiz.
Chindan ham o‘quvchilarning ijodiy ishlarini kuzata turib, ular ushbu qutlug‘ bayramga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganliklarining guvohi bo‘ldik.
… Maktabning tadbirlar zali o‘quvchi va murabbiylar bilan gavjum. Sahna markazida “Konstitutsiya – baxtimiz Qomusi” degan yozuv bitilgan bo‘lib, bolajonlar saf tortib bayram boshlanishini intizorlik bilan kutmoqda. Bugungi kecha qahramonlari maktabning jajjilari – 2 “G”, 2 “B” hamda 4 “B”sinf o‘quvchilari edi.
Davlatimiz Madhiyasi yangradi… Sahnaga birin-ketin o‘quvchilar chiqib, Konstitutsiya haqidagi she’rlar bilan davraga o‘zgacha fayz kiritdilar:
Omborlarin to‘ldiradi sholisi,
Meva-cheva g‘allasi bor o‘zbekning.
Cho‘qqilarda qalbi kabi oppoq qor,
Shoyi atlas, pillasi bor o‘zbekning.
Yurtboshimiz asos solgan Qomusi,
Qomusi bor, nomusi bor o‘zbekning…
Shuningdek, Konstitutsiyaning bir qator moddalaridan yod olib, ularning mazmuni va hayotimizda tutgan o‘rni haqida o‘z fikrlarini sahna ko‘rinishlari orqali bayon etishdi. Bolajonlar bu moddalar shunchaki yaratilmaganligini, unda farovon turmushimizning huquqiy kafolati mujassamligini bola qalbi bilan anglagan bo‘lsa, ajabmas. Quvonarlisi, Konstitutsiya moddalarini sharhlayotgan o‘quvchilarga tomoshabinlar qatoridan joy olgan bolajonlar ham jo‘r bo‘lishdi.
Bundan shuni angladikki, maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning konstitutsiyaviy bilimi shakllangan. O‘quvchilarning raqs ijrosi, Vatan haqidagi qo‘shiqlari, shuningdek, turli sport yo‘nalishlaridagi namunali chiqishlari kechaga fayz ulashdi.
Tadbir so‘nggida hayajonli daqiqalar boshlandi. Bayramda faol ishtirok etgan, maktab miqyosida o‘tkazilgan “Qomusimiz – baxtimiz” mavzuidagi insholar tanlovi g‘oliblari maktab rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
* * *
Navbatdagi uchrashuvimiz Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 54-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Mazkur maktabda tashkil etilgan tadbir tashkilotchilari 5-, 6-, 7-sinf o‘quvchilari bayramga o‘zgacha yondashib, kechaga yig‘ilganlarni Konstitutsiya olamining ajib dunyosiga sayohatga boshladi. Sayohat davomida o‘quvchilar Bosh Qomusimizga bag‘ishlangan turli sahna ko‘rinishlari, she’rlar ijro etishdi.
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 15-modda
Mazkur Konstitutsiya darslari maktabda ixtiyoriy dars sifatida yangi pedagogika texnologiyalari asosida o‘qitiladi. Darslar o‘quvchilarga qiziqarli bo‘lishi uchun Zuhra Sodiqova, Sevara Yo‘ldosheva kabi malakali murabbiylar ochiq darslar, uchrashuvlar, suhbatlar uyushtirib turishadi. Birinchi sinfdan boshlab o‘qitiladigan ushbu darsliklar sinfdan sinfga o‘tgan sari chuqur o‘rgatila boshlaydi. Yuqori sinflarda “Davlat huquqiy asoslari”, “Konstitutsiyaviy huquq” fanlarining o‘qitilishi buning yaqqol misolidir.
KONSTITUTSIYAMIZ XORIJIY TILDA
Konstitutsiyamizning 21 yilligi munosabati bilan maktablarda o‘tkazilayotgan bayram tantanalarining yana bir quvonarli tomoni Qomusimiz moddalarining ingliz tilidagi jarangi qalbingizga faxr tuyg‘usini jo etadi.
Toshkent shahri Sirg‘ali tumanida joylashgan 300-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining bayram kechasi 9-sinf o‘quvchilarining o‘zaro bellashuvi tarzida o‘tkazildi. Tanishtiruv, tezkor savol-javob, sahna ko‘rinishi, erkin mavzu, Qomusimiz moddalarini sharhlash shartlarining barchasi ingliz tilida olib borildi. Maktab o‘quvchilari o‘zlarining huquq va erkinliklari, burch va majburiyatlarini ingliz tilida ifodalashdi.
– Mazkur tadbirni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishda o‘quvchilarimiz ancha izlandilar, ayniqsa, tarjima jarayoni qizg‘in kechdi. Hattoki, bahs-munozaralar ham bo‘ldi, – deydi maktabning huquq va tarix fanlari o‘qituvchisi Marhabo Qurbonova. – Kechani ingliz tilida olib borish tashabbusi ham yoshlarimizdan chiqqan fikrdir. Bu meni juda xursand qildi. Demak, Konstitutsiya to‘g‘risida o‘tkazilgan har bir dars jarayoni mazmuni bugungi bayram tadbirining natijasida namoyon bo‘ldi, desak mubolag‘a emas.
Ishonchimiz komilki, bu yoshlar maktabda olgan bilimlarini mustahkamlash orqali Vatanimizning yanada yuksalishiga o‘z hissalarini qo‘shadi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Ma’rifat TOLIPOVA