Bola ko‘targan ayol

Orzular ro‘yobi dunyo yuzin ko‘rganda

“Dunyoda eng go‘zal ayol kim?”, deya donishmanddan so‘rashibdi. Shunda u: “Bola ko‘targan ayol” deb javob beribdi. Har bir ayol ona bo‘lishni orzu qiladi.

Ota-ona voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizining qaddi-bastiga qarab bir suyunsa, uning sog‘lom o‘sayotganidan ko‘ngli yanada quvonchga to‘ladi. Chunki, to‘rt muchasi sog‘lom insongina jamiyat taraqqiyoti va Vatan ravnaqi uchun o‘zining to‘laqonli hissasini qo‘shadi.

Sog‘lom ota-onadangina sog‘lom farzand tug‘ilishi hech kimga sir emas. Reproduktiv salomatlik tushunchasi fuqarolarimizning tibbiy savodxonligini oshirishda sog‘lom turmush tarzi kabi katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) – salomatlik insonning nafaqat kasalliklardan xoli va jismoniy benuqson va ruhiy holatining barqarorligi bilangina emas, balki uning ijtimoiy jihatdan ta’minlanganligi bilan ham belgilanadi deya ta’kidlaydi.

Inson salomatligi shuningdek,antropometrik, klinik,fiziologik va biokimyoviy ko‘rsatkichlar,balog‘atga yetish,iqlim o‘zgarishlari hamda geografik omillar bilan ham bevosita bog‘liqdir. Reproduktiv salomatlik esa insonning nasl qoldirishiga layoqatli davridagi sog‘lig‘idir. Har bir bo‘lajak oilaviy juftlik avvalo ota-ona bo‘lishga ruhan va jismonan tayyor bo‘lishi zarur. Buning uchun ular nikohgacha to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.

O‘zbekistonda mustaqillikning ilk yillaridanoq onalik va bolalikni muhofaza etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Sog‘liqni saqlash sohasidagi tub islohotlar aholi salomatligini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Ona va bola salomatligi muhofazasida Respublika Perinatal markazi ham munosib hissasini qo‘shmoqda. Bu markaz 2002 yil sentyabr oyida tashkil etilgan. Ushbu tibbiy muassasada homiladorlik, tug‘ish va chilla davrida asoratlarga yuqori xavfi bo‘lgan ayollarga, muddatdan oldin tug‘ilgan yoki kasal chaqaloqlarga hamda tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga shoshilinch va rejali tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Respublikaning barcha hududlaridan bu yerga fuqarolar murojaat etishlari mumkin. Markazda 125 ta o‘rin mavjud va muassasa kechayu kunduz faoliyat yuritadi. Respublika Perinatal Markazidagi akusherlik bo‘limlari, homiladorlar patologiyasi, ginekologiya, chaqaloqlar patologiyasi, chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv davolash, neonatal jarrohlik, laboratoriya va funksional diagnostika bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan malakali va o‘z ishining mohir ustalaridan fuqarolarimiz minnatdor. Chunki, mamlakatimizda istiqlol sharofati bilan tashkil etilgan barcha nufuzli ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari qatorida tashkil etilgan bu maskan ham eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan hamda fuqarolarimizga yuqori malakali mutaxassislar xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, 2012 yildan Respublika Perinatal Markazida konsultativ – diagnostika poliklinikasi ham ish boshladi. Poliklinikada neonatolog, akusher-ginekolog, bolalar jarrohi, bolalar nevropatologi, lor, oftalmolog, onkoginekolog, UTT mutaxassislari, rentgenolog, fizioterapevt kabi mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Barcha yangi tug‘ilgan va chala tug‘ilgan chaqaloqlarda tug‘ma eshitish nuqsonlari, yurak nuqsonlari, retinopatiyani aniqlash uchun skrining tekshiruvlari nufuzli Yevropa kliniklarining standartlari darajasida o‘tkaziladi. Perinatal yordamni hududlarda ham kengaytirish dasturi amalga oshirilayotgani tufayli mamlakatimizning turli burchaklaridan muassaslarimizga murojaat etuvchi fuqarolar soni ko‘paymoqda. Shu tufayli bu yerda tug‘ruqlar soni ham yildan yilga oshmoqda. Agar 2003 yilda Perinatal Markazda 2319 ta tug‘ruq qabul qilingan bo‘lsa, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 4560 tani tashkil etgan. Muddatga yetmagan homiladorlikdagi asoratlar, og‘ir preeklampsiya va shuningdek, homilador ayollarning muddatidan oldin “ko‘zi yorish” holatlari 2003 yilda 3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2010 yilda 14,7 foizga o‘sgan.

Yana o‘qing:  BO‘LAJAK ONALAR MAKTABI

Tug‘ruqqacha quyidagi kasalliklar bo‘yicha homilador ayollar yotib davolanishlari shart va zarur. Ya’ni, oldingi homiladorlik davrida qog‘onog‘i yorilgan bo‘lsa (homilani o‘rab turgan parda yorilib, qog‘onoq suvi ketib qolishi natijasida) go‘dak suvsizlanib hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Bo‘lajak onani muddatidan ilgari dard tutsa(bunday holatlarda chaqaloq chala va kam vaznli bo‘lib tug‘iladi), ekstragenital xastaliklari mavjud homilador ayollar (yurak qon tomir, buyrak, o‘pka, qon tizimi kasalliklari, gipertoniya(xafaqon), qandli diabet) va homila nuqsonli rivojlanayotgani aniqlanganda albatta shifokor nazorati zarur. Yana homilador ayol anamnezi(kasallik tarixida homila chala tushgani qayd etilgan bo‘lsa, shuningdek, yo‘ldoshning muddatidan ilgari ko‘chish ehtimoli bor deb gumon qilinsa, homila sust rivojlanayotganini UTT tekshiruvida aniqlangan holatlarda ham homilador ayol shifokor-mutaxassis maslahatiga tayanishi shart. Homiladorlik asoratli kechayotgan bo‘lsa, (og‘ir preeklampsiya holatlari, yo‘ldoshning homiladan oldin joylashishi, ovulyasiya(tuxumdonda tuxum hujayra yetilishi jarayoni stimulyasiya (kuchaytirilgan ) qilingandan so‘ng hamda inseminatsiya (sun’iy urug‘lantirish – bachadon va uning hosilalarida muammo bo‘lsa, ya’ni turli yallig‘lanishlar tufayli chandiqlar hosil bo‘lsa spermatozoidlar tabiiy yo‘l bilan harakatlana olmaydi. Bunda tuxum hujayra bachadondan tashqarida urug‘lantirilib, so‘ng bachadonga yuboriladi. Bu kabi holatlar ham bo‘lajak onaning sog‘lig‘iga yanada e’tiborni kuchaytirishni taqozo etadi.

Er-xotinning qonida rezus-omili to‘g‘ri kelmasa homila nuqsonli rivojlanishi yoki tushishi mumkin. Shuningdek, bachadonning turli nuqsonlarida va homila noto‘g‘ri joylashganda ham homilador ayol va homilaning hayotiga xavf tug‘iladi.

Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 40-modda

Bachadon va uning hosilalarida turli shish va xavfsiz o‘smalar bo‘lsa, egizak yoki uchta va undan ko‘p homila rivojlanayotgan bo‘lsa ham bunday bemorlar shifokorlarning jiddiy nazoratida bo‘lishi shart.

Markaz qoshidagi Ginekologiya bo‘limida akusherlik anamnezi (homiladorlik davri tibbiy varaqasi)da asoratli homiladorlik kuzatilgan bo‘lsa, bo‘lajak onalar davolanish uchun yotqiziladi. Shuningdek, homila rivojlanishdan orqada qolsa, homiladorlik to‘xtatiladi. Turli ginekologik jarrohlik amaliyotlari ham bu yerda amalga oshiriladi. Reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limi homilador va yangi bo‘shangan ayollarni homiladorlik davrining turli asoratlari va og‘ir ekstragenital kasalliklardan davolash uchun mo‘ljallangan. Yana shu bo‘lim mutaxassis-shifokorlari tomonidan operatsiya va tug‘ruq jarayonida bemorga og‘riqsizlantiruvchi turli muolajalar qilinadi. Og‘ir bemorlarda dezintoksikatsion terapiya (organizmni turli zaharli moddalardan tozalash) ham shu bo‘lim shifokorlari tomonidan amalga oshiriladi.

Yana o‘qing:  Oqilona ovqatlanish va tan salomatligi

Respublika Perinatal Markazi akusher-ginekologlar, reanimatologlar, neonatologlar, doya va hamshiralarni turli dasturlarga qayta o‘qitish va tayyorlash milliy markazi ham hisoblanadi. Markazda tug‘ruqni boshqarishning zamonaviy tamoyillari tatbiq etilgan. Ya’ni, xavfsiz tug‘ruq(tabiiy, dori-darmon vositalarisiz) tug‘ishni rag‘batlantirish amalga oshirilmoqda. Bunday holatlarda akusher-ginekolog va doya homilador ayolga o‘ziga qulay vaziyatda tug‘ishga yordamlashadi. Uni ruhan va jismonan qo‘llab-quvvatlaydi. Markazimizda homilador ayol va uning yaqinlari tug‘ruq jarayoni xususida barcha tibbiy ma’lumotlar bilan tanishishlari mumkin. Bo‘lajak ona istasa tug‘ruq vaqtida unga yaqin insonlar yonida bo‘lishi mumkin. Homilador ayolni uning xohishiga qarab alohida xonaga joylashtirish zarur.

Barcha tug‘ruq jarayoni xususida partogramma olib boriladi. Tug‘ruqning uch davri faol o‘tkaziladi. Har bir yangi bo‘shangan ayol va uning chaqalog‘i uyidan keltirilgan kiyim-kechakdan foydalanishiga ruxsat etiladi. Go‘dak tug‘ilgan zahotiyoq onasining qorniga yotqiziladi. Bu holat terining teri bilan kontakti, deyiladi. Chunki, ona terisidagi mikroflora shifoxona mikroflorasidan ko‘ra chaqaloqqa ijobiy ta’sir etadi. Ayrim sabablarga ko‘ra onaning qorniga go‘dakni yotqizishning iloji bo‘lmasa, bu vazifani otasi bajaradi. Chaqaloq tug‘ilgach onasi bilan muloqotdan so‘ng tug‘ruqdan keyingi bo‘limga o‘tkaziladi. Bu bo‘limda ona va bola tug‘ruqxonadan ruxsat berilgunicha birga bo‘lishadi. Bo‘limda shifokor va hamshiralar onaga go‘dakni ona suti bilan emizib boqishning ahamiyati va chaqaloqni uy sharoitida qanday parvarish qilish zarurligi xususida tushuntirishadi. Agarda ayrim sabablarga ko‘ra chaqaloqning sog‘lig‘ida muammo bo‘lsa uni intensiv postga o‘tkazishadi. Postda bemor va chala tug‘ilgan bolalarni parvarishlash uchun barcha sharoitlar mavjud. Shuningdek, chaqaloq chala va juda kam vaznli tug‘ilgan, yoki uning ahvoli og‘ir bo‘lib, go‘dakka jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lsa, uni chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv davolash bo‘limiga o‘tkaziladi. Go‘dakning ahvoli yaxshilangach, unga darhol uyiga javob berilmaydi. Chunki, chaqaloq yana parvarishga muhtoj bo‘lgani sababli chaqaloqlar patologiyasi bo‘limida shifokor-neonatologlar nazoratida bo‘ladi.

Respublika Perinatal Markaziga uning bo‘limlaridan va mamlakatimizning turli hududlaridan hamda tug‘ruq majmualaridan chala tug‘ilgan chaqaloqlar, shuningdek, tug‘ruq jaryonida shikastlangan va asfiksiya(bo‘g‘ilish) bilan dunyoga kelgan go‘daklar davolash va parvarishlash uchun keltiriladi.

Mabodo chaqaloq ona qornidaligida yoki tug‘ilgach unda biror nuqson aniqlansa, bu go‘dak neonatolog-jarrohlarning nazorati ostida bo‘ladi. Markazda go‘daklar salomatligini tekshirish uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar mavjud. Neonatal jarrohlik bo‘limida o‘pka, kekirdak – bronx sohasi, me’da-ichak tizimi, siydik-tanosil a’zolari tizimi, qorin pardaning oldi qismi, jigar va o‘t yo‘llari nuqsonlari, o‘smalar va organizmning turli sohasida joylashgan turli o‘smaga o‘xshash hosilalar bilan tug‘ilgan go‘daklar jarrohlik yo‘li bilan davolanadi.

Yana o‘qing:  Dunyo va salomatlik (2013-48)

Chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi asosida reanimatsiya – konsultatsiya brigadasi tuzilgan. Bu brigada mutaxassislari zarur bo‘lsa, hududlarga borib, bemorni ko‘radi va maslahat berishadi. Vaziyat taqozo etsa, Respublika Perinatal Markaziga olib kelib bemorni davolashadi.

Respublika Perinatal Markazida faoliyat yurituvchi yuqori malakali 20 nafar milliy trenerlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va YUNISEF, UNFPA kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 12 yo‘nalishdagi dasturlar bo‘yicha mutaxassis-shifokorlarga dars o‘tishadi. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari natijasida perinatal texnologiyalarni qo‘llash samaradorligi oshmoqda. Markazda bolalar orasida o‘lim ko‘rsatkichilari 6,6 foizdan 3,7 foizga kamaydi. Jarrohlik amaliyoti natijasidagi bu ko‘rsatkichlar ham 1,5 foizga kam uchraydi. Operatsiyadan keyingi bu ko‘rsatkichlari 2003 yilda 75 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 23 foizga tushdi. 2007 yilda Respublika Perinatal Markazida qizilo‘ngach atreziyasi(nuqsoni bilan tug‘ilgan) 95 nafar chaqaloqqa operatsiyadan so‘ng sog‘-omon uyiga javob berildi.

Diafragma churrasi, omfolotsele va gastroshizis sohasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan go‘daklarning barchasi yashab ketdi. 2010 yilda laporaskopik operatsiya qilingan go‘daklar 8,2 foizni tashkil etdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, dunyoda inson sog‘lig‘i va hayotidan aziz ne’mat yo‘q. Bu bebaho ne’matni asrab-avaylashga O‘zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida g‘amxo‘r hukumatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Oila gultoji – farzand. Xalqimiz ko‘ksidagi tumor – ona va bola muhofazasi azaldan oliy qadriyat sifatida e’zozlangan. Zero, millatning kelajagi sog‘lom avlod qo‘lidadir.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: