Axboriy tushkunlik: stressning yangicha ko‘rinishi
Yon-atrofimizdagi do‘stlar, oila a’zolarimizning «biror narsaga qiziqishim qolmagan», «xotiram pasayib ketyapti», «oxirgi paytlarda hamma narsa g‘ashimni keltirayapti», kabi shikoyatlariga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Bir qarashda tushkun kayfiyatdan paydo bo‘lgan bu fikrlarga ahamiyat qaratmasa ham bo‘ladigandek tuyulishi mumkin. Biroq bora-bora tushkun kayfiyat barqarorlashsa-chi? Bu ijtimoiy munosabatlar hamda ish faoliyatiga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi, albatta.
Hech ahamiyat berganmisiz, shunday insonlardan senga nima bo‘ldi, deb so‘rasangiz, aniq bir javob berolmaydi. Chunki bu muammo bir kun yoki bir soatda, bitta muammo sabab paydo bo‘lib qolmaydi. Stress, ya’ni tushkunlikning zamonaviy shakli ana shunday namoyon bo‘ladi. Buni ruhshunoslikda axboriy tushkunlik deb ataymiz. Bu istalgan hamda juda ko‘p ma’lumotni olish imkoniyatiga ega bo‘lgan zamonaviy dunyomizning o‘ziga xos xastaligidir.
XXI asrda vujudga kelgan mazkur stress turini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab ulkan miqyosdagi axborotlar va ular hosil qilgan «vakum»dir. Mutaxassislar insonlarning kun davomida qabul qiluvchi ma’lumotlari — oddiy yangiliklardan tortib ilmiy tadqiqotlargacha barchasi ong ostida saqlanishi va qay bir ma’noda o‘zini ko‘rsatish uchun «payt poylashi»ni aniqlashgan. Ayniqsa, negativ, noxush va o‘zida zo‘ravonlik, xunrezlik, jinoyat, qon to‘kilishi singari sahnalarni aks ettirgan ma’lumotlar miyamizda chuqurroq o‘rnashib, uzoq vaqt saqlanib qoladi.
Axborotni bir so‘z bilan ongimiz uchun «mahsulot» desak bo‘ladi. Dunyo OAVsi tarixida shunday tajribalar ham bo‘lganki, shov-shuv uyushtirish orqali tahririyatlar mashhurlikka erishishga urinishgan. Ular buning uchun asosan insonga tez ta’sir qiluvchi, g‘azabini keltiruvchi holatlar, sarlavhalar va kadrlardan foydalanishgan. Ya’ni yomon narsa yaxshisiga qaraganda tezroq e’tiborni tortadi va uzoqroq eslab qolinadi qabilida ish tutishgan.
Biroz mubolag‘ali bo‘lsa-da, ongimizga, jumladan, ruhiyatimizga eshitayotgan, ko‘rayotgan va o‘qiyotgan ma’lumotlarning ta’sir qilishi va ular dunyoqarashimiz, fikrlarimizni o‘zgartirishi ayni haqiqat. Internetda istalgan safihani oching. Ekranda agar to‘polon, jang yoki qotillik haqidagi axborotni ko‘rsangiz-u, hatto buni o‘qimasangiz ham bu ma’lumot ongingizda qoladi. Kun davomida ana shunday noxush axborotlardan nechtasiga to‘qnash kelasiz? Bunga ish yoki oiladagi kelishmovchiliklar ham qo‘shilsa-chi?
Qon bosimining sababsiz ko‘tarilishi, og‘izning tez-tez qurishi, real hodisalarga befarqlik, yon-veridagi hodisalarga e’tiborsizlik, muttasil charchoq, diqqatni jamlay olmaslik, to‘g‘ri qaror qabul qilishga qiynalish… bularning bari axboriy stress belgilari. Mashhur psixoanalitik Erix Fromm bugungi kunda insonni qurshab olgan juda ko‘p ma’lumotlar uning ongini o‘stirish o‘rniga tuman hosil qilyapti, degan. Chunki biz uchun kun davomida oladigan ma’lumotlarimizning juda ko‘pi aslida keraksiz. Psixologiyada mazkur ruhiy buzilishning quyidagi bosqichlari o‘rganilgan:
Birinchi bosqich – xavotir. Bunda insonning biror holat va sharoitga moslashishi murakkablashadi, noo‘rin xavotiri ortadi.
Ikkinchi bosqich – odamda tashqi muhitga nisbatan qarama-qarshilik kuchayadi hamda vaqtida chora ko‘rilmasa, keyingi bosqich hisoblangan asab tizimida muammolar va sog‘liq uchun turli noxush holatlarni keltirib chiqaradi.
Axboriy tushkunlikdan himoyalanishda quyidagi tavsiyalar bizga yordam beradi:
Axborot tanlovi: yangiliklarni bir mahsulot, o‘zimizni esa xaridor ekanimizni hisobga olsak, bu borada xuddi do‘konda tanlov qilganimizdek, ishonchli, sifatli va keraklisini olishimiz maqsadga muvofiq.
Noxushlarini rad qilish: hissiyotlaringizni asrang. Har bir ma’lumotga «bu menga qanday foyda beradi», degan nuqtai nazardan qarang.
Ekran o‘rniga sayr: bo‘sh vaqtingizda ham ekran qarshisida o‘tirish o‘rniga ko‘chadagi toza havodan bahra oling.
Kun tartibini rejalashtirish: bo‘sh qoldik deguncha qo‘limiz telefon tomon boradi, internetdagi shaxsiy sahifamizni ochishga tutinamiz. Qimmatli vaqtimizni noxush xabarni yo yoqimsiz sharhlarni o‘qishga sarflamay, kun tartibimizni to‘g‘ri rejalashtirish, dam olishni risoladagidek tashkil qilishga harakat qiling.
Ijtimoiy tarmoqlar: mutaxassislar bir ovozdan imkon qadar ijtimoiy tarmoqlardan kamroq foydalanishni ta’kidlashadi. Mantiqsiz xabar va suratlar ostidagi keraksiz sharhlarni o‘qib, miyangizga ortiqcha yuk ortasiz. Bu esa toliqishni keltirib chiqaradi.
Dilrabo MUROTALIYEVA tayyorladi