Birinchi tibbiy yordamda xatolikka yo‘l qo‘ymang!

KUYGAN JOYGA YOG‘ SURTMANG!


Teri kuyganda darrov g‘oz moyini qidirishga tushsangiz, xato qilasiz. Moyni kuygan joyga surtishingiz zahoti u yerda parda hosil bo‘lib, havo kirmaydi, oqibatda yara bitishi qiyin bo‘lib, ancha vaqtgacha og‘ritadi ham.
Nima qilish kerak: eng yaxshisi, kuygan joyni sovutish kerak. Agar kichik joy kuygan bo‘lsa, sovuq suvga tuting. Xalqona choralardan eng samaralisi – xo‘jalik sovunidan surtish. Sovun bu ishqor, kuyish esa kimyoviy ta’sir. Ishqor doim kislotali ta’sirni bosadi, qarabsizki, kuygan joyda pufak ham hosil bo‘lmaydi, achishmaydi ham. Bu aytganlarimiz kunda yuz beradigan kuyishlarga tegishli. Ammo jarohat ancha chuqur va og‘riqli bo‘lsa, uni sovuq suvda yuvib, ustiga steril mato (paxta emas) qo‘yib, tezroq shifoxonaga borish kerak.

YOD VA BRILLIANT YASHILI QANI?!


Yiqilish natijasida qo‘l yoki tizzada katta, ochiq yara paydo bo‘lsa, darrov yod yoki brilliant yashili bilan ishlov berishga shoshilmang. Bu shikastlangan terini yanada kuydirib, keyinchalik chandiq qoldirishi mumkin.
Nima qilish kerak: yarani mikroblardan tozalash uchun vodorod peroksidi yoki boshqa bir antiseptik vositani jarohat chetiga surtib, ustidan steril bintda bog‘lang. Mayda kesilish va yaralar uchun yod va brilliant yashilidan bemalol foydalanish mumkin.

TIQILIB QOLDINGIZMI?!


Ovqat paytida tiqilib qolgan odamni yelkasiga ayamay qoqamiz. Shu bilan unga yordam bera olsak, qaniydi?
Nafas yo‘llariga yot jism kirib qolganida uni yo‘tal orqali chiqarmoqchi bo‘lamiz. Bu tabiiy usul. Bunday paytda yelkasiga qoqsangiz, yot jism yanada ichkari kirib, nafas yo‘llarini butkul yopib qo‘yishi ham mumkin.
Nima qilish kerak: oldinga egilib, chuqur, sekin nafas olib-chiqarish kerak. Bordi-yu, odam nafas olishga qiynalsa, uni oldinga egiltirib, kaft qirrasi yelkadan bo‘yinga harakatlantiriladi.

BURUN BITSA, ISSIQ QO‘YMANG!


Burun bitsa, nimalar qilmaymiz. Qopchaga qizdirilgan qum, tuz, pishgan tuxum solib ikki qosh orasiga qo‘yamiz. Hatto, bu holat yoqib, ancha yengillab qolamiz. Aslida, bu odam uchun xavfli. Tumov kuchli bo‘lsa, burundagi tomirlar kengayadi. Issiqlik shishni yanada ko‘paytiradi, natijada, shilimshiq chiqib ketish o‘rniga burunda yig‘ilaveradi. Vaqtida chora ko‘rmasangiz, yallig‘lanish miyaga yetib borishi mumkin.
Nima qilish kerak: bunday paytda tomirlarni qisqartirish kerak. Tomchi dorilar aynan shu vazifani bajaradi, qarabsizki, tumovdan asar ham yo‘q.

Yana o‘qing:  Gemorragik vaskulitning davosi parhezmi?

JAROHAT ISSIQNI YOQTIRMAYDI


Pay cho‘zilishi, urilish, bo‘g‘im chiqishida tanada doim shish paydo bo‘ladi. Bunday paytda shikast yetgan joyga issiq narsa qo‘ymang. Og‘riq battar kuchayib, shish kattalashishi mumkin.
Nima qilish kerak: harakatni cheklash, og‘rigan joyga muz qo‘yib, tezroq travmatologiya bo‘limiga borish kerak.

Maryam AHMEDOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: