Bilim, ishtiyoq, samara
Suv quygandek jimjit sinfxonada faqat ahyon-ahyonda daftar varaqlarining shitirlashi eshitiladi. O‘quvchilarning bir maromda yozayotganini kuzatib o‘tirgan ustozning chehrasida mamnunlik hissi jo‘sh uradi. Yigit-qizlarning bilimga chanqoqligidan ustozning ko‘ngli tog‘ qadar yuksaldi.
O‘n daqiqa avval ustozning “Konstitutsiya – baxtimiz Qomusi” mavzusidagi so‘zlarini tinglagan yoshlar, berilgan savollarga tegishli javoblarni yozishga kirishgan.
Darhaqiqat, Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi Guliston tuman Iqtisodiyot kasb-hunar kollejida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarga chindan-da havas qilsang arziydi. O‘quvchi-yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan saboq jarayonlari hamisha ko‘rgazmali vositalar va videoroliklar namoyishi orqali o‘tiladi. Shu bois ham kollejning “Yosh huquqshunoslar” jamoasi “Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, “Eng zukko jamoa” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Ayni paytda viloyat kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tasarrufida 47 ta kasb-hunar kolleji, to‘rtta akademik litsey va Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji bo‘lib, mazkur ta’lim muassasalari zamon talablari asosida jihozlangan. Bu yerda o‘quvchilarning puxta bilim olishlari hamda tanlagan kasb sirlarini mukammal egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bois yoshlarning nafaqat bilim-ko‘nikmalari, balki ularning ijodkorligi ham shakllanib bormoqda. Turli ko‘rik-tanlovlar, qiziqarli bellashuvlar, seminar-treninglar, uchrashuv va davra suhbatlari yoshlarning iqtidorini namoyish etishda qo‘l kelmoqda, – deydi biz bilan suhbatda Sirdaryo viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi uslubchisi Bahodir Hakimjonov.
Joriy yilda Guliston akademik litseyi o‘quvchisi Mahzuna Abdurasulova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘lgan bo‘lsa, Navbahor qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Sarvinoz Qurbonboyeva Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida 20 yoshgacha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatida uchinchi o‘rinni egalladi.
Birgina bu emas, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida har yili o‘tkazib kelinayotgan “Soliq bilimlari – bolalarga” respublika ko‘rik-tanlovida sirdaryolik o‘quvchilar ham muvafaqqiyatli ishtirok etmoqdalar. Joriy yilda o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida “Eng mazmunli insho” yo‘nalishida Boyovut Ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi G.Abdumannopova va “Eng yaxshi kompyuter grafikasida yozilgan taqdimot” yo‘nalishida Mirzaobod Ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji o‘quvchisi M.Raimov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Maktab ishlari davlat nazoratidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 41-modda
Bahodir Hakimjonov ta’kidlaganidek, o‘quvchilarning iqtidorini to‘laqonli namoyish etishda mavjud kasbga yo‘naltirilgan to‘garaklar faoliyati hamda amaliyot jarayonidagi ustoz-shogird saboqlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni vaqtda Sirdaryo viloyatidagi mavjud kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda ta’lim olayotgan yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar muvaffaqiyatlar sari yetaklamoqda. Gulbahor qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji jamoasi “Siz polvonlaringizni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida muvaffaqqiyatli ishtirok etdi. Shuningdek, Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji tarbiyalanuvchilari badminton, stol tennisi, shashka, mini futbol hamda “Quvnoq startlar” sport musobaqalaridagi faol ishtiroki uchun Respublika Bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, viloyat Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tomonidan diplom hamda estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Kelajak ovozi – 2013” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblik uchun bellashgan 417 nafar o‘quvchidan 20 nafari “Texnik ishlanmalar”, “Dasturiy ta’minot”, “Arxitektura va interyer dizayn”, “Amaliy san’at”, “Menejment, ma’murlash va ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha hakamlar tomonidan yuqori baholandi.
“Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi”, “Yuqori nafas yo‘llari shamollashi asorati”, “OITS va giyohvandlikning zararli oqibatlari”, “Erta turmush qurishning zararli oqibatlari” kabi mavzulardagi shifokor-mutaxassislar bilan o‘tkazilgan davra suhbatlari yoshlarning tibbiy savodxonligini oshirish borasida muhim ahamiyatga ega.
Ha, ertasining nurafshonligini bugundan yaratishga kirishgan sirdaryolik yoshlar tanlagan kasblarining sir-asrorini puxta egallash uchun astoydil harakat qilishmoqda. Bu borada ularga omad yor bo‘lishiga tilakdoshmiz.
Jamila HAYDAROVA,
Sirdaryo viloyati