Qo‘l yuvish gigiyenasi: u bola salomatligida qanday o‘rin tutadi?
«Qo‘lingni og‘zingga solma», «Iflos narsalarni ushlama», «Tuproqni kurakcha bilan o‘yna»… Onalar farzandiga shunday tanbeh berishiga ko‘p bor guvoh bo‘lgansiz. Albatta, bunday tashvishlanishlar asosli. Chunki kir qo‘llar bola salomatligiga jiddiy xavf soladigan ko‘plab infeksiya va bakteriyalar manbaidir.
Zero, inson tashqi muhit bilan munosabatga kirishar ekan, bu jarayonda minglab bakteriyalar, mikroblarga ro‘baro‘ keladi. Shu bois, qo‘llarni gigiyena talablari darajasida yuvmasdan ovqatlanish yoki bolalarning qo‘llarini og‘ziga solishi, barmoqlarini so‘rish odati og‘ir kasalliklarning yuqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Gijjalar ana shunday zararli mikroorganizmlardan biri hisoblanadi. Fanga ularning 250 dan ortiq turi ma’lum bo‘lib, askarida, lyambliya, enterobioz ko‘p uchraydi. Kasallikning sog‘lom odamga yuqishida gijja tuxumlari bilan ifloslangan qo‘l yetakchi rol o‘ynaydi. Shuning uchun mazkur xastalikni «kir qo‘llar kasalligi» ham deyishadi.
Gijja bolaning immunitetini pasaytiradi. Bu gepatit A kasalligining yuzaga kelishiga ham sabab bo‘ladi.
Eng maqbul yo‘l
Har birimiz farzandlarimizni va o‘zimizni bunday muammolardan asrashimiz mumkin. Buning eng maqbul yo‘li qo‘llarni tozalab yuvishdir. Quyidagi holatlarda qo‘llarni, albatta, sovunlab yuvish kerak:
• hojatxonadan chiqqandan keyin;
• ovqat pishirish oldidan;
• hayvonlarga qaralgandan so‘ng;
• ko‘chadan uyga qaytgandan keyin;
• ovqatlanishdan avval;
• har qanday yumushni bajargandan so‘ng;
• yo‘tal va aksirishdan keyin;
• ko‘chadagi mashg‘ulotlar (o‘yinlar, bog‘da ishlash, it va mushuklar bilan o‘ynash…)dan so‘ng;
Shuningdek, tirnoqlarning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Aks holda, tirnoq tagida turli infeksiyalar, gijja tuxumlari to‘planib, bir qator kasalliklarni keltirib chiqaradi.
To‘g‘ri bajaryapman deb o‘ylaysiz, aslida esa…
Ko‘pchilik qo‘lga sovun surib hosil bo‘lgan ko‘pikni chayish bilan cheklanadi. Ba’zilar suvning o‘zi bilan chayib ham ketaveradi. Ammo bu bilan qo‘llarimizga yopishib olgan, ayniqsa, tirnoqlar ostiga berkingan zararli mikroorganizmlardan qutila olmaymiz.
Yana bir jihat. Qo‘pchilik mikroblarga qarshi kurash uslubi sifatida issiq suvda qo‘l yuvishga ham odatlangan. Bu ham muammoga yechim bo‘lolmaydi. Aksincha, issiq suv qo‘l terisini quruqlashtirib, yallig‘lantirishi mumkin. Eng maqbul chora, qo‘llarni sanitariya-gigiyena talablari darajasida yuvish sanaladi.
Oqar suvda qo‘llarni yaxshilab sovunlab va 10 soniyadan kam bo‘lmagan vaqt davomida bir-biriga ishqalash lozim. Qo‘llarni sochiq bilan artib, shu sochiq bilan kranni yopish so‘ngra foydalanilgan sochiqni yuvish kerak.
Akmal ERGASHEV tayyorladi